Tojikiston janubida sel yuzlab uylarni vayron qildi

Tojikistonning Xatlon viloyatida o‘tgan dam olish kunlari yuz bergan sel oqibatida yuzlab uylar vayron bo‘lgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarqatgan xabarda aytilishicha, sel viloyatning Yovon va Vahdat tumanlaridagi avtomobil yo‘llari, ichimlik suvi quvurlari va ekinzorlarga zarar yetkazgan.

500 ta uy butunlay yoki qisman vayron bo‘lgani xabar qilinadi.

Kuchli yomg‘ir loy va balchiq oqimiga sabab bo‘lgan.

Hozirda mintaqada hukumat komissiyasi tabiiy ofat yetkazgan zarar miqyosini o‘rganayotgani aytiladi.

O‘tgan oy Xatlon viloyati qator tumanlarida yuz bergan sel va ko‘chki 17 insonning hayotiga zomin bo‘lgan edi.

Tabiiy ofat yuz bergan mintaqadagi yomon sanitar-gigiyenik sharoitlarda ich terlama, bezgak kabi kasalliklarning tarqalishi xavfi juda yuqori ekanida xavotir bildirilgan.

Hududining 90 foizi tog‘lardan iborat bo‘lgan Tojikistonda kuchli yomg‘ir va sellar bot-bot yuz beradi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002