Ukrain isyonchilari: referendumda g‘alaba qozondik

Image copyright Getty

Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar "mustaqil boshqaruv" uchun o‘tkazilgan referendumda Donetsk viloyatidan taxminan 90% odam ijobiy javob berganini ta‘kidlashmoqda.

Lugansk viloyatida esa natijalar kun davomida e‘lon qilinishi aytilmoqda. Kuzatuvchilar ushbu bo‘lgada ham natijalar rasman 90 foizdan kam qilib ko‘rsatilmasligini taxmin qilishmoqda.

Bo‘lginchilar referendum deb atagan narsani na rasmiy Kiyev va G‘arb tan olmasligini bildirgan.

Saylov uchastkalarida bo‘lgan BBC muxbirlari tartibsiz manzaralarga guvoh bo‘lganini aytishdi. Ovoz berish kabinalari yo‘q va ovoz beruvchilarni ro‘yxatga olish tashkil qilinmagan.

Bo‘lginchilarning da‘vo qilishicha, Kiyevga xayrixoh qurolli kishilar tomonidan Krasnoarmiysk shahrida ikki odam o‘ldirilgan.

BBCning Donetskdagi muxbiri Richard Gelpin boshqa hollarda ovoz berishlar tinch o‘tganini bildirdi.

Ikki viloyatdagi bir necha tumanlar referendumda ovoz berishdan bosh tortgan.

Referendumlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bundan sal oldinroq muloqotga zarur bo‘lgan sharoitlar hosil bo‘lguncha ovoz berishlarni kechiktirib turish chaqirig‘iga qaramasdan bo‘lib o‘tgan.

Ovoz berishlar yakunlaganidan so‘ng rasmiy Kreml hozircha biror izoh bergani yo‘q.

Bo‘lginchilarning Donetskdagi rahbari Denis Pushlin Rossiya axborot agentligiga, natijalar tasdiqlanganidan so‘ng, mintaqadagi Ukrainaning barcha askarlari "ishg‘olchi kuchlar" deya baholanishini ma‘lum qilgan.

Referendumni tanqid qilgan Ukraina tashqi ishlar vaziri uni Rossiya toimonidan tashkillashtirilgan, majburlangan va moliyalashtirilganini aytgan.

Referendum tashkilotchilari may oyi oxirida saylovning ikkinchi bosqichini o‘tkazishlarini bildirishgan. Unda Rossiyaga qo‘shilish savoli beriladi.

Ular 25 mayga mo‘ljallangan Ukraina prezidentlik saylovlarini boykot qilishlarini ham aytishgan.

Pew tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, Ukraina sharqidagi aholining 70 foizi mamlakatdagi boshqaruvdan xavotirda bo‘lishiga qaramay, Ukraina yaxlitligini saqlanib qolishini istaydi.

O‘tgan oy Rossiya referendum ortidan Qrim muxtor respublikasini o‘ziga qo‘shib oldi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer