"Boko Haram"ning ishi Markaziy Osiyoda ham aks-sado berdi

Image caption "Bu kabi ekstremist tashkilotlarning maqsadlari – musulmonlar va umuman olganda Islomning obro‘yiga dog‘ tushirishdir"

Mintaqada yagona islomiysi bo‘lgan "Tojikiston Islom Uyg‘onish" partiyasi Nigeriyadagi bu ekstremist guruh tomonidan ikki yuzdan ortiq o‘quvchi qizning o‘g‘irlanishini qoralab chiqdi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, bu – Tojikiston misolida "Boko Haram"ning qilmishiga Markaziy Osiyo davlatlari musulmonlari bildirgan birinchi rasmiy munosabat bo‘ladi.

"O‘zini islomiy, deb atovchi guruh Islom dini qadriyatlarining yaqiniga ham kelmaydi. Bu kabi ekstremist tashkilotlarning maqsadlari – musulmonlar va umuman olganda Islomning obro‘yiga dog‘ tushirishdir", - deyiladi partiyaning rasmiy bayonotida.

"Tojikiston Islom Uyg‘onish" partiyasi, o‘z o‘rnida, musulmonlarni Islom haqidagi qotib qolgan qarashlarni o‘zgartirish uchun shaxsan namuna bo‘lishga ham da‘vat etgan.

O‘quvchi qizlar esa, o‘tgan oy Nigeriya shimoli-sharqida joylashgan maktablaridan olib qochilishgandi.

Ular bilan yuz bergan voqea xalqaro miqyosda keskin aks-sadolarga sabab bo‘lgan va bo‘layotir.

Aks-sado

Image copyright Reuters
Image caption "Boko Haram" o‘quvchi qizlarni qayerda saqlab turgani hali ham ma‘lum emas

Kuni-kecha musulmon olamida katta nufuzga ega Saudiya Arabistoni Oliy Muftiysi Abdul Aziz ibn Muhammad ibn Abdul Rahmon ibn Abdulloh Ash-Shayx hazratlari ham guruhning bu amalini keskin qoralab chiqqandi.

Orada Islom Hamkorlik Tashkiloti, Islom dunyosida katta obro‘ va ta‘sirga ega "Al-Azhar" universiteti ham xuddi shunday mazmundagi bayonotlar bilan chiqishgan.

"Boko Haram"ning qilmishi Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashining ham qahru g‘azabli munosabatiga sabab bo‘lgan va hozir guruhga qarshi "munosib chora ko‘rish" haqida bosh qotirmoqda.

Dunyoning qo‘shni Afg‘oniston doxil qator davlatlarida nigeriyalik o‘quvchi qizlarni ozod qilish talabi bilan turli norozilik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda.

Ularning taqdiri Amerikaning birinchi xonimi Mishel Obama, Gollivud yulduzi Anjelina Joli va nomzodi bu yilgi Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surilgan pokistonlik faol o‘quvchi qiz Malala Yusufzayni ham bee‘tibor qoldirmagan.

Ular ham turli sohalarda dunyoga mashhur qator yulduzlar safidan joy olib, "#BringBackOurGirls." kampaniyasiga ham bosh qo‘shishgan.

Muzokara?..

Image copyright AFP
Image caption Dushanba kungi xabarlarga ko‘ra, "Boko Haram" qizlarni Nigeriya hukumati qamoqxonalaridagi jangarilarga ayirboshlamoqchi

Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Nigeriya hukumati "Boko Haram" jangarilari bilan muzokaralar olib borishga rozi bo‘lgan.

Shu hafta dushanba kuni ekstremist guruh rahbari Islom dinini qabul qilmagan o‘quvchi qizlarni hukumat qamoqxonalarida saqlanayotgan a‘zolariga ayirboshlashga rozi ekanini bildirgandi.

Bugun seshanba kuni esa, AQSh olib qochilgan o‘quvchi qizlarni topish uchun Nigeriyada maxsus kuzatuv uchoqlari ishga solinishini ham ma‘lum qildi.

Joriy paytda 30 ga yaqin amerikalik ekspertlar Nigeriyada qidiruv ishlariga ko‘mak berishmoqda.

Ular bilan bir safda Buyuk Britaniya, Frantsiya va Xitoy mutaxassislari ham ish olib borishayotir.

Endi Isroil ham o‘zining aksilterror guruhini Nigeriyaga yubormoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002