"Ukraina inqirozi tinch yo‘l bilan yechilishi kerak"

Image copyright Reuters

Bugun 13 mayda Olmoniya Tashqi Ishlar vaziri Frank Valter Shteynmayyer Ukrainaga borgani xabar qilinmoqda.

Janob Shteynmayyer rasmiy Kiyev bilan Ukraina sharqidagi inqirozni tinch yo‘l bilan yechish masalasini muhokama qilmoqchi.

Muxbirlarning ushbu muzokaralarda Ukrainaning rusiyzabon mintaqasi vakillari qatnashadimi, degan savoliga "Albatta, sharq va g‘arb vakillari ishtirokisiz muloqot o‘tkazishdan ma‘no yo‘q", deb javob bergan Olmoniya rasmiysi.

Janob Shteynmayyer referendum o‘tkazib, o‘z mustaqilligini e‘lon qilgan sharqiy viloyatlarga ham borishi kutiladi.

Kiyevda vaqtinchalik bosh vazir Arseniy Yatsenyuk bilan muzokaralardan so‘ng chiqish qilgan Shtaynmayyer Kiyev hukumatining rossiyaparast bo‘lginchilar bilan muloqoti muhimligini ta‘kidlagan.

"Biz sizning milliy va mintaqalar darajasida muzokaralar boshlash tashabbusingizni quvvatlaymiz", degan u va 25 maydagi prezidentlik saylovlari bu jarayonda "hal qiluvchi rol o‘ynashi"ni qayd etgan.

Ayni vazyaitda Rossiya Dumasi so‘zchisi Sergey Narishkin Ukraina hukumatini hamma mintaqalar bilan "jamoatchilik kelishuvi" tuzib uni mamlakat Konstitutsiyasi orqali mustahkamlanishga chaqiradi. Uning fikriga ko‘ra, ana shu yo‘l fuqarolar urushi oldini olishi mumkin.

Seshanba kuni shuningdek, Ukraina muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov Ovro‘po kengashi prezidenti Xerman Van Rompyo bilan uchrashib, mamlakatdagi vaziyat va prezidentlik saylovlarini muhokama qilgan.

Janob Turchinov Ukraina sharqidagi terroristik tahdid to‘liq bartaraf etilishini ta‘kidlagan. Shuningdek, u 25 maydagi prezidentlik saylovlari haqqoniy o‘tkazilishi ta‘minlanishini bildirgan.

Kiyev va G‘arb Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugantsk viloyatlarida yakshanba kuni o‘tkazilgan referendumni tan olmaganlar.

Yangi sanktsiyalar

Referendumdan bir kun o‘tib Ovro‘po Ittifoqi va Kanada Ukraina inqiroziga bog‘liq Rossiyaga qarshi jazo choralarni kengaytirgan.

Ovro‘po Ittifoqi Ukraina inqiroziga bog‘liq yana 13 kishi va ikki Qrim shirkatiga qarshi qo‘shimcha jazo choralari kiritgan so‘ng, Kanada ham Rossiyaga qarshi sanktsiyalar ro‘yxatiga tushgan jami 12 kishini ma‘lum qilgan.

Kanada bosh vaziri Stiven Xarper "Ukrainadagi vaziyat xalqaro hamjamiyat va xavfsizlikka tahdiddir. Putinning tajovuzkorona rejimi jazosiz qolmasligi kerak" degan.

May boshida AQSh va Kanada Rossiyaning qator shirkatlari, jumladan Putinga yaqinligi aytiladigan Gennadiy Timchenkoga aloqador shirkatlarga jazo choralari kiritgan edi.

Ovro‘po Ittifoqining yangi sanktsiyasida Rossiya prezidenti ma‘muriyati rahbar o‘rinbosari Vyacheslav Volodin, Rossiya dengiz-havo qo‘shinlari qo‘mondoni Vladimir Shamanov, Dumaning qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi raisi Vladimir Pligin, shuningdek Qrimning yangi amaldorlari Pyotr Yarosh va Oleg Kozyur, hamda Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk viloyatlarining bo‘lginchilar rahbarlari bor.

Jazo choralari sifatida yuqoridagi shaxslarning bank hisoblari muzlatiladi va ularning Ovro‘ittifoq hududiga kirishi taqiqlanadi.

Ovro‘po Ittifoqi "Chernomorneftegaz" va "Feodosiya" shirkatlariga qarshi ham sanktsiyalar qo‘llagan.

Biroq Ovro‘ittifoqning jazo choralari Amerikaniki kabi keng miqyosli emas.

Olmoniyaning bir qancha siyosiy arboblari Moskva bilan muzokaralar muhimligini ta‘kidlab keladilar.

Rossiya bilan tijorat va energetika aloqalari uzviy bog‘langan Olmoniya Ukraina inqirozida jazo choralaridan ko‘ra, muloqot ish berishini aytadi.

Bundan oldin Olmoniyaning sobiq kantsleri, "Gazprom" ga tegishli "Shimoliy oqim" rahbariyati a‘zosi Gerxard Shreder o‘zining eski do‘sti Putinni himoya qilib chiqqan, uni "istalmagan shaxs" emasligini urg‘ulagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002