O‘lim to‘shagida hayriya uchun 5 million dollar yiqqan Stiven

Image copyright bbc
Image caption "Men shu yerdaman, hali ketganim yo‘q"...

Britaniyaning Berntvud (Burntwood) shaharchasida yashovchi 19 yoshli Stiven Satton (Stephen Sutton) onasining Facebook dagi sahifasida yozishicha u olamdan o‘tdi.

Stivenning saratonga chalinganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqda olib borgan faoliyati natijasida O‘smirlar Saraton Jamg‘armasi uchun o‘limidan oldin 5 million 360 ming amerika dollariga teng mablag‘ to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Stiven onasining o‘g‘li o‘limi haqida Facebook dagi xabarida yozishicha, u mard, sahiy va ilhomlantiruvchi shaxs edi.

Stivenga shifokorlar saraton kasaliga chalinganini 15 yoshida aytganlar.

O‘lim bilan tugashi muqarrar bo‘lgan kasallikdan tushkunlikka tushish o‘rniga Stiven qolgan qisqa umri mobaynida nimalar qilmoqchi ekanligi "ro‘yxati"ni tuzib chiqdi.

Ular orasida parashyutdan sakrashdan tortib, o‘tgan yili UEFA chempionlar ligasi final o‘yini oldidan 90 ming tamoshabin o‘ngida barabanda o‘ynash kabi "cho‘qqilarni" zabt etdi.

Stiven o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan biri smirlar saratoni muammolari bilan shug‘ullanuvchi jamg‘arma uchun pul yig‘ish edi.

Image copyright arquivo pessoal
Image caption Stiven o‘limi muqarrar ekanligini bilganidan so‘ng ham tushkunlikka tushmadi...

Umrining oxirgi daqiqalariga qadar hazil mutoyiba bilan Facebook orqali xabarlashib turgan Stiven dastlab 15 ming dollarga yaqin pul yig‘ishni mo‘ljallagandi.

O‘tgan oyda kasalxonadan turib "Hali ketganim yo‘q, shu yerdaman" deya kulib tushgan suratini nashr qilishi ortidan hayriya pullari yog‘ilib ketdi.

O‘tgan hafta Stivenning ahvoli og‘irlashib kasalxonaga tushdi, lekin bir necha kundan keyin uyga qaytdi.

Shu vaqtda Twitter orqali "bizni aldadi, ahvoli yaxshilanibdi" degan izhorotlar paydo bo‘ldi.

Lekin o‘lim bilan kurashayotgan Stiven bu kabi izhorotlarni ham hazil bilan qabul qildi.

"O‘zini aldangan deya his qilganlar mening saraton kasalim hali ham men bilan ekanligi va hali ham da‘volanmas ekanligidan o‘zlarini yengilroq his qiladilar degan umiddaman", deya javob berdi u.

Hayriya kampaniyasiga san‘at olam yulduzlari va taniqli shasxslar qo‘shildilar.

Stivenni qo‘llagan taniqli hajvchilardan birining yozishicha, Stiven o‘zining oxirgi soatlarida hech kim qila olmagan ishni qila oldi, boshqalarni qutqarish uchun kurashdi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron ham Stivenning boshqalarga yordam berish yo‘lida qilgan beqiyos urinishiga tahsin o‘qidi.

Hajvchi Riki Jervaysning Twitter da yozishicha, Stiven hammaga o‘rnak bo‘lishi mumkin bo‘lgan haqiqiy qahramondir.

O‘smirlar Saratoni Jamg‘armasining ma‘lum qilishicha, Stiven o‘lim to‘shagida bo‘la turib jamg‘arma tarixidagi eng yirik mablag‘ni ularga tuhfa qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Stivenning o‘limi haqida xabar tarqashi bilan hozirda hayriya mablag‘lari yana kelib tusha boshladi.

Uning hayriya mablag‘larini qabul qilib oluvchi websahifa muhandislari foydalanuvchilar soni keskin o‘sgani tufayli qo‘shimcha choralarni ko‘rishga majbur bo‘lganlar.

Ikki soatning o‘zida jamg‘armaga 100 ming dollar mablag‘ kelib tushgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002