Turkiya konidagi portlash natijasida o‘lganlar soni ortmoqda

Image copyright REUTERS

Bu Turkiya tarixidagi ko‘mir konida ro‘y bergan eng katta falokatlardan biri deb aytilmoqda, dunyoning qator axborot agentlik va telekanallari kon og‘zidagi qutqarish ishlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatganlar.

Telekanallarni tomosha qilganlar konga kirish joyida konchilar qarindoshlarining ulkan olomoni to‘planganini ko‘rganlar, ko‘ngilni buzadigan manzara yuzaga kelgan.

Bir ona "o‘g‘limning pensiyaga chiqishiga atigi 2 oygina qolgandiya", deb yig‘laydi.

Qutqaruvchilarning zambilda tirik insonni yer ostidan olib chiqishlari qiy-chuv ovozlar va olqishlar bilan qarshi olingan.

Turkiya Energetika vaziri Taner Yildizning aytishicha, Manisa bo‘lgasi Soma shahridagi konning elektr tarmog‘ida kelib chiqqan nosozlik tufayli portlash yuz bergan u yerda 787 odam bo‘lgan.

Halokat payti kunduzi ishlaganlar tepaga chiqayotgan, kechasi ishlaydiganlar esa ko‘mir koniga tushayotgan bo‘lganlar.

Cho‘kish ro‘y berganda 250 konchi tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Qutqaruvchilar yer ostida qolib ketgan yuzlab konchilarni chiqarib olish ustida tuni bo‘yi ishlagan.

Ushbu xususiy kon poytaxt Anqaradan 450 kilometrlik masofada joylashgan.

Energetika vaziri Taner Yildiz ko‘plab odam kondagi zaharli gaz natijasida o‘lganini aytgan. Qolganlarning hayotini saqlab qolish maqsadida kon ichiga nasoslar yordamida kislorod yuborilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, kuchli portlash 2 kilometrcha yer osti yo‘lini vayron etgan.

Yong‘in qutqaruv ishlariga xalaqit qilayotgani aytilgan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘an Albaniyaga rejalangan safarini qoldirgan.

Bosh vazir aytishicha, 238 inson halok bo‘lgani ma‘lum, 80 kishi jarohatlangan.

Yana 200 konchi taqdiri noma‘lum qolayotgani aytilgan.

Undan keyin qurbonlar soni ortgani xabar qilindi, mahalliy vaqt bilan kechki soat 8 da kamida 245 inson halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Qator Ovro‘po rasmiylari shuncha ko‘p inson o‘limi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan texnik falokatdan larzaga kelganlarini aytganlar.

Ayrim kasaba uyushmalari Turkiya konchilarining ish sharoitini yaxshilash talabi bilan ish tashlashga chaqirganlar.

Turkiyadagi muxolifatdagi Respublikachilar partiyasi halokatda hukumatni ayblagan, partiyamiz parlamentda ushbu kondagi xavfsizlik vaziyatini ko‘targan edik, deb aytgan.

Kondagi baxtsiz hodisa tufayli butun mamlakatda uch kunlik motam e‘lon qilingan.

Turkiya konlaridagi eng yirik portlash 1992 yili Qora dengizdagi Zonguldak bandargohidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda sodir bo‘lgan.

O‘shanda 263 konchi halok bo‘lgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer