Jizzaxda ommaviy zaharlanish

Image copyright none

O‘zbekistonning Jizzax shahridagi restoranda taomdan ommaviy zaharlanish yuz bergan.

Jizzaxliklarning xabar qilishlaricha, shahardagi "Prim" restoranida ovqatlangan xo‘randalardan 100 dan ortig‘i ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Ushbu hodisa viloyat hokimligidagi favqulodda majlisda ham muhokama qilingan, ommaviy zaharlanish sabablarini o‘rganish boshlangan.

Jizzaxlik faol O‘ktam Pardayevning BBC bilan suhbatda aytishicha, "Prim" restorani shahardagi eng ommabop taomxonalardan biri.

Uning aytishicha, "Prim" restoranida 11 may kuni kechqurungi tanovuldan so‘ng xo‘randalar shikoyat qilishni boshlashgan va o‘sha kunning o‘zidayoq shifoxonaga yotqizilganlar.

Huquq faoliga ko‘ra, taomdan zaharlangalar soni hozirga qadar 150 kishiga yaqindir. Ulardan ba‘zilari jonlantirish (reanimatsiya) xonasida, lekin ba‘zilarining ahvoli yaxshilangan.

O‘ktma Pardayev shahardagi Yuqumli kasalliklar kasalhonasiga yotqizilgan odamlar bilan borib ko‘rishgan. Ular hozirga qadar aynan nimadan zaharlanliklarini bilmasliklarini bildirishgan.

Shifokorlar ham buning sababini bilmasliklarini aytishgan.

O‘tgan tunda shahar hokimiyatida o‘tkazilgan majlisda zaharlanish sababi mayonez bo‘lishi mumkinligi haqida aytilgan.

O‘ktam Pardayevning aytishicha, shahardagi yemakxonlarda sanitariya-gigiyena qonun-qoidalariga yetarli e‘tibor qaratilmaydi va faqatgina shikoyat kelib tushgan vaqtda xo‘ja ko‘rsinga tekshiruv o‘tkaziladi.

BBC bilan suhbatda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya Bosh boshqarmasi boshlig‘i Komil Muhamedov, Jizzax shahrida ovqatdan zaharlanish hodisasi yuz berganini tasdiqladi, ammo zaharlanganlarning soni borasida ma‘lumot bermadi. Mulozimning aytishicha, hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002