O‘zbekiston fuqarosi "Spartak" ishqibozining o‘limida ayblanmoqda

Image copyright none
Image caption Jahongir Ahmedovning o‘z ixtiyori bilan "taslim bo‘lgani" aytilmoqda

Rossiyalik tergovchilar juma kuni "Domodedovo" aeroportida hibsga olingan o‘zbek fuqarosi Jahongir Ahmedovga nisbatan ayblov e‘lon qilinganini aytishgan.

25 yoshli Jahongir Ahmedov 13 may kuni "Spartak" futbol jamoasi ishqibozi Leonid Safyannikovni o‘ldirganlikda ayblanmoqda.

Qotillik ortidan Ahmedovning O‘zbekistonga qochib ketgani, ammo yaqinlari va o‘zbek huquq-tartibot idoralarining hamkorligi natijasida Rossiyaga qaytib kelgani xabar qilingan.

Tergov idoralari Ahmedovning "o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgani va rossiyalik ishqibozning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat eng qisqa muddatda to‘la ochilgani" haqida hisobot berishgan.

Interfaks xabar agentligi Rossiya Tergov qo‘mitasi mulozimining "jinoyat eng qisqa muddatda ochildi. Uni ochishga Moskva viloyatining eng tajribali tergovchilari va Ichki ishlar vazirligining tezkor xodimlari jalb etildi", degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Pushkinodagi qotillik

Tergovning farazi bo‘yicha 13 may kuni "Pushkino" temir yo‘l bekati yaqinida 22 yoshli Leonida Safyannikov bilan ikki kishi o‘rtasida jando‘al kelib chiqqan.

Ulardan birining Jahongir Ahmedov bo‘lgani aytiladi.

Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, janjalga Safyannikovning o‘z mashinasi bilan bozordan chiqishni to‘sib qo‘ygani va mashinasini olishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng Safyannikovning do‘pposlangani va hushidan ketgani aytiladi.

Tergovning farazicha, Ahmedov yo‘l-transport hodisasi yuz bergandek qilib ko‘rsatish orqali "jinoyat izlarini yopishga harakat qilgan".

U Safyannikovning mashinasiga o‘tirib, mashinani ustunga olib borib urgani aytiladi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Ahmedov Safyannikovni Pushkin tuman shifoxonasiga shaxsan olib borgan.

13 may kuni tunda Safyannikov hushiga kelmasdan vafot etgani, Ahmedovning esa ertasi kuni vatani O‘zbekistonga uchib ketgani aytiladi.

Tergovchilar hodisa joyida o‘rnatilgan kuzatish kameralaridagi videotasvirlarni tahlil qilish va guvohlarni so‘roq qilish natijasida Ahmedovga nisbatan sirtdan ayblov e‘lon qilinganini aytishgan.

Ahmedov "bexosdan odam o‘ldirish", "o‘g‘irlashni qasd qilmagan holda birovning avtomobilini egallab olish" va "birovning mulkiga qasddan zarar yetkazish"da ayblanmoqda.

Ahmedov Rossiyaga "ko‘ngilli ravishda qaytib kelish va Rossiya huquq tartibot idoralariga taslim bo‘lishga" qaror qilgani aytilmoqda.

Rus matbuotining xabarlariga ko‘ra, bunga Ahmedovni yaqinlari va Rossiyadagi o‘zbek diasporasi vakillari ishontirganlar.

Boshqa ma‘lumotlarga ko‘ra esa, Rossiyalik tergovchilar O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan yordam so‘rashgan va o‘zbek tomoni Ahmedovni tutib bergan.

Jahongir Ahmedovning shaxsi haqida ko‘p narsa ma‘lum emas.

Rossiya matbuoti Moskva viloyatida uning oilasi- ayoli va ota-onasi istiqomat qilishlari haqida yozgan.

O‘tmishda rossiyalik futbol ishqibozining o‘limi fanatlar va rus millatchilarining pogromlariga sabab bo‘lgan.

2010 yil dekabrida "Spartak" ishqibozi Yegora Sviridovning o‘limi ortidan Moskva markazida ommaviy tartibsizliklar yuz bergan edi.

Rossiya jamoatchiligi va matbuoti O‘zbekiston hamda markaziy osiyolik muhojirlarning o‘ldirilishiga bu qadar e‘tibor qaratmaydi.

Rossiyada har yili o‘nlab va hatto yuzlab markaziy osiyolik muhojirlar o‘ldiriladi.

Muhojirlarga qarshi jinoyatlarning aksariyati milliy va irqiy adovat natijasida sodir etilishi aytiladi.

Jahongir Ahmedovning Rossiyaga topshirilishi ijtimoiy tarmoq sahifalarida o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning g‘azabnok sharhlariga sabab bo‘lgan.

Ayrim foydalanuvchilar Facebookda o‘zbek muhojirlari ko‘pincha o‘zlarini himoya qilishga urinish natijasida bu kabi o‘limlar sodir bo‘lishi, ammo O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini himoya qilmasligi haqidagi sharhlarni qoldirishgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002