Qrim Tatarlari surgunining 70 yilligi qanday xotirlanadi?

Image copyright AFP

Qrimning rossiyaparast rahbariyati 18 may kuni Qrim Tatarlari vatanlaridan badarg‘a etilganlarining 70 yilligi sanasini faqat qabristonda xotirlashga ruxsat bergan.

Bundan oldin Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim hukumati rahbari Sergey Akseyoov 16 may kuni Ukraina janubi-sharqida vaziyat beqarorligini aytib, yarim orolda 6 iyungacha har qanday ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlagan edi.

Biroq Qrim Tatarlari bu taqiqqa qaramasdan, 18 may kuni mitinglarga chiqishga qaror qilganlar.

Shundan keyin Qrim hukumati rahbari Qrim Tatarlari uchun xotira marosimiga ruxsat bergan.

"Simferopol markazida ommaviy xotira tadbirlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq emas, deb topilsin, Simferopolda istiqomat qiladigan fuqarolarning "Abdol" musulmon qabristoni yonida xotira tadbirlarini o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvatlansin", deyiladi Sergey Aksyonov e‘lon qilgan farmonda.

Farmonda, shuningdek, 18 may kuni Qrimdagi barcha idora-tashkilotlarda bayroqlarni tushirish buyurilgan, Qrim xalqlari deportatsiyasi qurbonlarini xotirlash marosimlarini soat 11 dan soat 13 gacha o‘tkazish haqida aytilgan.

Bundan oldingi yillarda Qrim Tatarlari surguni kunida butun yarim oroldan 15-20 ming kishi poytaxt Simferopolda ommaviy mitingga yig‘ilganlar.

So‘nggi yillarda Qrim Tatarlari yoshlari 17 may tunida "Yuragingda olov yoq", deb nomlangan tadbir o‘tkazganlar.

Bu tadbirda xalq badarg‘a qilinganidan keyin o‘tgan yillarning sonidan tashkil qilingan shamlardan Qrim ramzi chizilgan.

Qrim Tatarlari Majlisi Sergey Aksyonovning qabristonda xotira marosimini tashkil qilish qaroriga ko‘nmaganlar.

Buning o‘rniga Duoi-Fotihani masjidda o‘tkazishni ma‘qul topganlar.

"Biz Duoi-Fotiha marosimini Simferopol shahrining Oq Masjid mikrorayonida o‘tkazishga qaror qildik. Hozir Majlis vakillari ushbu masalani hokimiyat bilan kelishishga harakat qilayaptilar", deb aytgan Qrim Tatarlari Majlisi raisining o‘rinbosari Narimon Jalol BBC Ukrain xizmatiga.

1944 yil 18 maydan 20 maygacha Qrim Tatarlari majburan o‘zlarining yashab turgan vatanidan ko‘chirilganlar.

Stalin buyrug‘iga, go‘yo Qrim Tatarlarining nemis-fashistlari bilan hamkorlik qilgani, sabab bo‘lgan.

Odamlarga qo‘liga ilingan narsani olishga bir necha daqiqadan bir necha soatgacha fursat berilgan.

Vagonlarga chiqarilib, O‘zbekiston, Qozog‘iston janubi va Tojikistonga olib ketilganlar.

Noinsoniy sharoit tufayli o‘n minglab insonlar yo‘lda nobud bo‘lganlar.

Stalinga 183 mingdan ortiq Qrim Tatarlari surgun etilganlari haqida axborot berishgan.

Keyingi yillardagi qiyinchiliklar tufayli ham o‘n minglab Qrim Tatarlari halok bo‘lganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002