Moskvada OITS ga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Moskvada Sharqiy Ovrupo va Markaziy Osiyoda Inson immuniteti tankisligi virusi va sindromi masalalari buyicha turtinchi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tgan.

Anjuman qatnashchilari bildirishicha, bu – mazkur masalalar buyicha mintaqada o‘tkazilayotgan so‘nggi besh yildagi eng yirik tadbirdir.

Moskvada yig‘ilgan xalqaro tadbirda jahonning 44 davlatidan 1300 nafardan ortiq delegatlar ishtirok etgan.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMTning YuNEYDS maxsus birlashgan dasturi bo‘yicha mas‘ul Mishel Sidibe ushbu xavfli illatga qarshi kurashishda mintaqa davlatlarini birlashib harakat qilishga chaqirgan.

"Dunyoning boshka mintakalarida VICh/CPID illati sezilarli pasaygan paytda, Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyoda ushbu yuqumli kasallik epidemiya mikyosiga yetib borishi – bu xavotirga soladigan va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat", - deb aytgan BMT mulozimi.

"Shuncha yillar davomida harakat qilib va jiddiy moliyalar sarflangandan keyin, nima sababdan Sharqiy Ovro‘po bilan Markaziy Osiyoda VICh virusini yuqtirib olish xamda CPID illatidan o‘lish hollari xavfli mikdorda yanada ko‘paymoqda. Jahonning boshka mintaqalarida, masalan, Afrika va Osiyoda mazkur illat kamayganligini ko‘rib turibmiz. Nima sababdan Rossiyada birinchi navbatdagi davolash narxi 2500 AQSh dollarga yetib boradi-yu, BRIK deya nomlangan boshka davlatlarning o‘zida ishlab chiqarilgan dori-darmonlarga 100 dollardan xam kamroq moliya sarflanadi? Shuningdek, Rossiya yirik yigirma davlatlar va BRIK mamlakatlari orasida VICh epidemiyasi o‘sayotgan yakka-yagona davlat. Men bu juda murakkab savollar ekanligini bilaman, lekin shu yerda, Moskvada bunga javob topishimiz lozim" - degan Mishel Sidibe.

Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarida VICh bilan bog‘liq vaziyat haqida Rossiya bosh vaziri maslahatchisi, akademik Gennadiy Onishchenko ham fikr bildirgan.

"Mintaqa davlatlarida VICh virusini tibbiy yordam ko‘rsatilayotganda yuqtirib olish ko‘p uchraydi. So‘nggi davrda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekistonda qon quyish payti kasallikka chalinish holatlari mavjud. Rossiyada esa so‘nggi to‘rt yilda shu kabi 15 hodisa kuzatilgan va 29 inson virusga duchor bo‘lgan. Bunday noqulay mojarolar oldini olish uchun faqat tibbiy yordam ko‘rsatishda xavfsizlik talablariga rioya qilish shart", - deydi janob Onishchenko.

"Qozog‘istonda VICh virusi bilan yashayotgan ayollar tarmog‘i"ning rahbari Yelena Bilokonga ko‘ra, mintaqada VICh illatidan jabrlangan insonlarning eng jiddiy muammosi bu-

stigma, ya‘ni kasal kishilarni kamsitish, diskriminatsiya hollaridir. Mazkur insonlar ular haqli bo‘lgan xizmatlardan foydalanish, o‘z kasalligini e‘lon qilish, hatto yuzini ochib yurishdan xam xavfsirashadi. Mana shu holatga bog‘liq o‘lim soni yanada ko‘p. Lekin har holda illatga qarshi kurash yuritilsa, g‘alabaga erishish mumkin.

"Men o‘zim xam avval nashavand bo‘lganman, lekin davolangach, uchta farzandli bo‘ldim va ularning barchasi sog‘lom", - deydi qozog‘istonlik faol.

Xalqaro anjumanda O‘zbekistondagi vaziyat ham tilga olingan.

Anjuman qatnashchilaridan birining aytishicha, o‘tgan yilda O‘zbekiston kasalxonalarida faqat bitta homiladorning chaqalog‘iga VICh virusi yuqtirilganligi xaqida hukumatning rasmiy ma‘lumot e‘lon qilgan. Lekin amaldagi vaziyat qog‘ozdagidan jiddiy farq qiladi.

Undan batafsilroq hikoya qilishini so‘rab, murojaat qilinganda, o‘zini tanishtirmagan ma‘sul "ismi-sharifi aytilsa, O‘zbekistonga bora olmasligi"ni aytib rad qildi.

BMT vakili Mishel Sidibe esa, Sharqiy Ovrupo bilan Markaziy Osiyo mintaqasida kasal insonlarga xuddi ular jinoyatchilardagiday qonunlar qo‘llanishiga o‘z xavotirligini bildirdi.

"Mazkur qonunlarni qabul qilish oqibatida hamjinsvozlar, jinsiy xizmat ko‘rsatuvchilar, giyoxvand moddalar ko‘llaganlar va muhojirlar noiloj maxfiy holatga o‘tishadi. Shunday norasmiy holatda ularning davolanish imkoniyatlari yanada cheklanmokda", - deb aytadi BMT mulozimi.

Shu bilan birga BMT Bosh kotibi o‘rinbosari so‘nggi bir necha yil davomida VICh virusini yuqtirib olgan insonlarni o‘z hududlariga kiritishni avval cheklab kelgan va endi shu cheklovlarni bekor qilgan Armaniston, Moldova, Slovakiya, Tojikiston, Ukraina va O‘zbekistonni olqishladi.

Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur cheklovlarni shu kungacha saqlab kelayotgan Belarus, Litva, Rossiya va Turkmanistonni OITS illatiga karshi kurashishga to‘siqni bekor qilishga chaqirdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002