Boylarning ro‘yxatida: Milliarder Alisher Usmonov o‘rnini kim egalladi?

Image copyright PA

Londonda joylashgan yirik Hinduja Grup konglomeratining aka-uka egalari Sri va Gopi Hindujalar.

Sunday Times nashri o‘zining yangi yillik ro‘yxatida ikkovlonni "Britaniyaning eng boy" odami, deb topdi.

Britan nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning umumiy boyligi 11.9 milliard funt sterlingga teng.

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov esa, ikkinchi o‘ringa tushdi.

Janob Usmonovning topgan-tutgani bu yil 10.65 milliard funt sterlingni tashkil etgan.

Sunday Times har yili Britaniyadagi mingta va Irlandiyadagi 250 ta boyning ro‘yxatini e‘lon qilib keladi.

Alisher Usmonov bor-yo‘g‘i o‘tgan yili nashr tomonidan Britaniya va Irlandiyada boylarning boyi, deb topilgandi.

O‘sha paytda janob Usmonovning boyligi 13.3 milliard funt sterling, deya baholangandi.

Yuqori uchlikni esa, hindistonlik badavlat po‘latchi ishbilarmon Lakshmi Mittal to‘ldirgan.

Ammo...

Image copyright PA
Image caption O‘zbekiston futbol ahliga yaxshi tanish Roman Abramovich bu yil Britaniyadagi mingta boyning orasidan 9-o‘rinni egallagan

O‘zining yangi ro‘yxatini e‘lon qilarkan, Sunday Times o‘tgan bir yilning ichida boylarning boyigandan boyishganini aytadi.

Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Britaniyadagi mingta boyning umumiy boyligi bu yil 520 milliard funt sterlingga yetgan.

Sunday Times ning e‘tirof etishicha, bu – rekord darajadagi ko‘rsatkichdir.

Yangi ro‘yxat hammualliflaridan Filip Bersfordning ta‘kidlashicha, boylarning bu qadar boyib ketishganiga avvallari hech qachon guvoh bo‘lmagan.

O‘zbekistonlik futbol ahliga yaxshi tanish, Londonning "Chelsi" klubi sohibi va asli rossiyalik milliarder Roman Abramovich esa, bu yil Britaniyadagi mingta boyning orasidan 9-o‘rinni egallagan.

Uning ja‘mi yiqqan-tergan boyligi bu yil 8.52 milliard funt sterlingni tashkil qilgan.

26-ro‘yxat

Image copyright Getty
Image caption Britaniya boylarining ro‘yxatida bo‘lgan Devid Bekhem va rafiqasi Viktoriyaning bu yilgi boyliklari 210 million funtni tashkil etgan

Sunday Times nashri o‘zining yillik ro‘yxatini 1988 yildan buyon e‘lon qilib keladi.

Bu ro‘yxatga tushish uchun boyligingiz kamida 85 million funt sterlingga teng bo‘lishi kerak.

O‘tgan hafta ilk bor Britaniyada yashovchi milliarderlarning soni 100 dan oshganligi ma‘lum bo‘lgandi.

104 milliarderning umumiy boyligi miqdori esa, 301 milliard funt sterlingdan ortishi aytilgandi.

Agar, milliarderlarning soni kishi boshiga taqqoslansa, dunyoning boshqa hech bir davlati hozir Buyuk Britaniyaga yetolmas ekan.

Baribir, boylarning boyi

Image copyright AFP
Image caption Ammo Alisher Usmonov hanuz Rossiyada boylarning boyi

Ha, yaqinda Amerikada chop etiluvchi nufuzli Forbes jurnali Alisher Usmonovni bu yil ham Rossiyada boylarning boyi, deb topgandi.

Bunga asli o‘zbekistonlik milliarderning yangi yillik ro‘yxatda 6 pog‘ona pastlagani ham to‘sqinlik qila olmagandi.

Forbes janob Usmonovning boyligini $18.6 milliard dollar, deb baholagan.

Shuncha boyligi bilan Alisher Usmonov dunyo milliarderlari orasida 40-o‘rinni egallagan.

London tashqarisidagi Sarrey tumanida yashovchi 60 yoshli tadbirkor "Arsenal" futbol klubining 30 foiz hissalari va Rossiyaning "Metalloinvest" temir ishlab chiqarish shirkatiga egalik qiladi.

O‘tgan yili Amerikaning yana bir obro‘li "Blumberg Markets" jurnali Alisher Usmonovni dunyo biznesidagi eng ta‘sirli 50 shaxs ro‘yxatiga ham kiritgandi.

Biznes

Image copyright PA
Image caption Yaqinda asli o‘zbekistonlik milliarderning o‘z ixtiyorida bo‘lgan Facebook va Apple hissalarini sotgani xabar qilingandi

Janob Usmonov so‘nggi yillarda asosan tog‘-kon sanoatidan ko‘p foyda ko‘rayotgan bo‘lsa ham, internet va mobil shirkatlariga katta pul kiritmoqda.

Uning Apple, Twitter, Facebook, Mail.ru, LinkedIn, Groupon, Zynga, AirBnB, ZocDoc, Klarna, Alibaba va 360buy shirkatlariga ham sarmoya yotqizgani aytiladi.

Yaqinda asli o‘zbekistonlik milliarderning o‘z ixtiyorida bo‘lgan Facebook va Apple hissalarini sotgani xabar qilingandi.

Janob Usmonov o‘z biznes imperiyasini plastik paketlar ishlab chiqarish bilan boshlagan.

Namangan viloyatining Chust shahrida prokuror oilasida tug‘ilgan milliarder hozir neft magnati Jey Pol Gettining Sarreydagi sobiq saroyi Satton Pleys va London shimolidagi 48 million funtlik uyga egalik qiladi.

2007 yilda Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Guardian" nashri bilan elektron pochta orqali suhbatda janob Usmonov O‘zbekiston yo boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini aytgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002