O‘zbekistonda Rossiya shirkatining rahbari hibsga olingan

Image copyright zumk.org

Rossiyaning bir qator internet nashrlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiyaning "G‘arbiy Ural mashinasozlik kontserni" (GP ZUMK) prezidenti va "ZUMK Injiniring" shirkatining bosh direktori Aleksandr Pozdeyev hibsga olingan.

Xabarda aytilishicha, Pozdeyevning ushlanishi G‘arbiy Ural mashinasozlik kontsernining O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq.

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Pozdeyevning hibsga olinganini BBCga tasdiqlagan va buning sabablari o‘rganilayotganini aytgan.

Elchixonaning ismini aytmagan xodimiga ko‘ra, Pozdeyevga to‘rt modda bo‘yicha bir qancha ayblovlar qo‘yilmoqda.

Pozdeyev kaliyli o‘g‘it zavodiga aloqador ish bo‘yicha prokuraturaga chaqirilgan va so‘ngra hibsga olingan.

Dushanba kuni tushdan keyin mahkama Pozdeyev ishini ko‘rib chiqishi kutiladi.

O‘zbekiston prokuraturasi ushbu xabarni hozircha izohlamadi.

Pozdeyev ZUMK tomonidan amalga oshirilgan shartnomalar bahosini sun‘iy ravishda oshirganlikda ayblangan. RIA NOVOSTIga ko‘ra, kontsern loyihalarining O‘zbekistondagi loyihalari bahosi 200 million atrofida. 2007-2014 yillar ichida shirkatning O‘zbekistonda 280 million dollardan ortiq bahoga yetng loyihalari imzolangan.

ZUMK shirkati O‘zbekistonda O‘zbekistonda qator kimyoviy, ko‘mir va tog‘-kon sanoati sohalarida turli loyihalarni amalga oshirib keladi. Jumladan Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi uchun yuk tashishga mo‘ljallangan 33 chaqirimlik kanat yo‘lini qurishni zimmasiga olgan.

Shuningdek, Navoiy va Angren konlarida zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash ishlarini olib boradi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002