Ana sizga: Davlat prezidenti futbolchi ham bo‘lmoqchi

Image copyright BBC World Service

Boshqaruvdan ortib, yana futbol ham o‘ynamoqchi bo‘lgan rahbar kim bo‘ldi ekan, desangiz: Boliviya Prezidenti Evo Morales.

Lotin Amerikasidan olingan xabarlarga ko‘ra, janob Morales futbolga ishqibozligi chandonligidan chidolmay Santa Kruzning "Sports Boy" klubi bilan bir yilga shartnoma imzolabdi.

Boliviya birinchi ligasida to‘p suruvchi ushbu jamoaning bildirishicha, boshqa ishlari ko‘pligidan, har bir uchrashuvda ham maydonga tusholmasa-da, davlat rahbari vaqti bo‘lganida 20 daqiqacha raqiblariga qarshi butun mahoratini namoyish etib beradi.

Ammo tekinga emas: janob Moralis buning uchun oyiga 200 AQSh dollaridan sal ko‘proq maosh oladi.

Agar, klub prezidentining so‘zlariga ishonilsa, "Futbol Boliviya rahbarining joni dili va to‘p o‘ynashni ham qoyillatadi. Maydonga esa, kelasi mavsumdan boshlab, 20-raqam ostida tushadi".

Image copyright Reuters

Ayon bo‘lishicha, klub rahbari janob Moralisga o‘yinlar ro‘yxatini yuboradi va qaysi uchrashuvda o‘ynash-o‘ynamasligini prezidentning o‘zi hal qiladi.

Boshqaruvdagi MAS ("Sotsializm sari harakat") partiyasi mahalliy vakilining aytishicha, haqiqiy futbol klubi bilan shartnoma imzolarkan, Boliviya prezidentining bir umrlik orzusi ijobat bo‘lgan.

54 yoshli Boliviya rahbarining futbol o‘ynash darajasida sog‘lom ekani va rostmana maydonga tushish baxtidan boshi osmonda ekani aytiladi.

Janob Morales bundan avval jurnalistlar, kasaba uyushmalari rahbarlari va boshqa prezidentlar bilan futbol o‘ynab, ancha tilga tushgan.

2007 yilda esa, prezident dengiz sathidan 6.000 metr balandlikda to‘p surib, shuncha yuqorida ham futbol o‘ynash mumkinligini isbotlagandi.

Chunki xuddi shunday sabab bilan, Boliviya milliy terma jamoasining xalqaro uchrashuvlarini o‘tkazishiga izn bermaslikka urinishlar ham bo‘lgandi.

Eng qizig‘i esa, Boliviya prezidenti 2006 yilda darvozabon bilan to‘qnashib, burnini sindirib ham olgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002