Qozoq banknoti uchinchi bor dunyoda eng yaxshi deb tan olindi

Image caption Qozog‘iston "Yilning eng yaxshi banknoti" mukofotini ketma-ket uch marta qo‘lga kiritgan yagona davlat bo‘ldi

Qozog‘iston Respublikasi Milliy banki "Dunyoning eng yaxshi banknoti" nominatsiyasidagi mukofotni qo‘lga kiritgan.

Xalqaro banknot tashkiloti (IBNS) 2013 yil yakunlariga ko‘ra, Qultegin yozuviga bag‘ishlangan 1 000 tengelik xotira banknotni "eng yaxshi" deb topgan.

IBNS - butun dunyo banknot kollektsionerlari mustaqil birlashmasi har yili internet orqali ovoz berish natijasida yilning muvaffaqiyatli banknotini tanlab oladi.

Ushbu notijoriy tashkilot 1961 yil tashkil etilgan va bugunga kelib dunyoning 91 mamlakatida ikki mingdan ortiq a‘zolari bor.

Qozog‘iston IBNSning birinchi mukofotini 2011 yilda Mustaqillikning 20 yilligiga atab chiqarilgan puli uchun olgan. So‘ngra "Qozoq Eli" turkumidagi 5000 tengega "2012 yilning eng yaxshi banknoti" mukofoti topshirilgan.

Qozog‘iston "2013 yilning eng yaxshi banknoti" mukofotini olish bilan ketma-ket uch marta ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan yagona davlat bo‘ldi.

"Yilning eng yaxshi banknoti" mukofoti uchun 12 mamlakatning pul birliklari qo‘yilgan. AQShning 100 dollari, 5 yevro, Rossiyaning Sochi olimpiadasiga bag‘ishlab chiqarilgan yodgorlik 100 rubli shular qatorida.

Qozog‘iston Milliy bankining xorijiy sheriklar bilan hamkorligi 1 000 tengelik banknotning yuqori sifatini ta‘minlagan.

Ushbu banknot barcha turk xalqlari va turk tamaddunining buyukligiga bag‘ishlanadi. Yodgorlik tenge 2013 yil 12 dekabrda cheklangan tirajda 10 mln dona chiqarilgan.

"Bu mukofot bizning mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Ya‘ni g‘olib banknot dizaynining estetik ko‘rinishi, chop qilish sifati va soxtalashtirishdan himoya vositalariga asoslanib aniqlanishi albatta mamlakatimiz yuzini ham ko‘rsatadi", deya bildirgan Qozog‘iston Milliy banki.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002