Donbass: Rinat Axmetov bo‘lginchilarga qarshi namoyishga chaqirdi

Image copyright Reuters
Image caption Axmetovga qarashli Metinvestning ishchilari va militsiya Mariupol ko‘chalarini qo‘riqlamoqda

Ukrainalik nufuzli biznesmen va tadbirkor Rinat Axmetov Donbass ahlini mintaqada bo‘lginchilik va qon to‘kilishiga norozilik o‘laroq ogohlantiruv aktsiyasida qatnashishga chaqirgan.

"Men barcha mehnat tashkilotlarini ertaga ogohlantiruv harakatiga chaqiraman. Ushbu namoyish kun yarmida Donbassning barcha korxonalarida chalinadigan gudok ovozi bilan boshlanadi. Qon to‘kilishlarga qarshi! Tinchlik uchun!"- deyiladi Axmetovga tegishli SKM shirkati saytida.

Milliarderning shoshilinch murojaati "Ukraina" telekanalining odatdagi efirini to‘xtatib, translatsiya qilingan.

Rinat Axmetov hammani, jumladan haydovchilarni ushbu aktsiyaga qo‘shilishni taklif qilgan va Donbassda tinchlik o‘rnatilmagunga qadar kun yarmida gudok chalishga chorlagan.

47 yoshli Rinat Axmetov Ukrainaning eng boy odami sanaladi. Forbes jurnali uning boyligini 15,4 mlrd dollar deb baholagan. Axmetov o‘z boyligini metallurgiya va yoqilg‘i-energetika sohalaridan to‘plagan.

"Sistem Kepital Menedjment" moliyaviy-ishlab chiqarish guruhi orqali 100 dan ortiq yirik korxonalarni nazorat qiladi.

Axmetov murojaati

Biznesmenning ta‘kidlashicha, dushanba kuni 50 minggacha mariupolliklar qon to‘kilishiga qarshi Tinchlik yurishiga chiqmoqchi bo‘lganlar. "Sababi odamlar qo‘rquvda, terrorda yashashdan, ko‘chaga chiqib o‘qqa duch kelishdan qo‘rquvdan charchaganlar". Biroq tinch namoyishchilarga qarshi bo‘lginchilar qurollarni ishga solishga tayyor ekanlikliklari aniq bo‘lgach, Axmetov o‘zining korxonalari ishchilaridan aktsiyani boshlamay turishni so‘ragan.

"Shaharda qaroqchilik va o‘g‘rilik. Donbassda avtomat va granatometlar bilan yurishibdi. Bu tinch hayot hisoblanadimi? Bu endi kuchli iqtisodmi? Buni yetarli ish haqi deyiladimi? Yo‘q! Va aynan shuning uchun odamlar tinchlik marshiga chiqishni xohladilar", - deyiladi shuningdek Axmetov murojaatida.

"Men hammaga aytmoqchiman: bizni qo‘rqitib, to‘xtatib bo‘lmaydi. Hech kimga, xususan, o‘zini qandaydir Donetsk respublikasi deb atayotganlarga. Kim ular haqida eshitgan", - kinoya bilan so‘raydi oligarx.- Kim DXR ning rahbarlari nomini biladi? Ular Donbass uchun nima qilishdi?"

Oldinroq Rinat Axmetov Donbassning aksariyat aholisi Ukraina birligini quvvatlayotganlarini bildirgandi.

Yaqinda Axmetov Ukraina hukumatiga murojaat bilan chiqib Donbass viloyatida aksilterror amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirdi. Buni ko‘pchilik Axmetovning "Donetsk xalq respublikasi"ni quvvatlash belgisi deb tushungandi.

Biroq dushanba kechqurun biznesmen DXR va bo‘lginchilikni qabul qilib bo‘lmaslikni bildirdi.

Image copyright AP

"Men qandaydir DXR Donbassni yakson qilishiga yo‘l qo‘ymayman", degan Axmetov.

Mariupoldagi davlat idoralarini egallab olganlarni quvib chiqargan Metinvest ishchilari binoni qo‘zg‘olonchilardan qolgan barrikada va axlatdan tozalashga kirishdilar.

O‘tgan jumada ko‘mir sanoati ishchilari Mariupol ko‘chalarini barrikadalardan tozalash uchun himoya kiyimlarida chiqishdi. Muxbirlar aytishicha, Donbassdagi ikkinchi yirik shaharda asta-sekin tartib o‘rnatilmoqda. Ishchilar militsiya bilan birga shaharni qo‘riqlashda va jamoat tartibini nazorat qilishda ko‘maklashmoqdalar.

Saylovlarga tayyorgarlik

Ayni vaqtda Ukraina ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, Donetskning Gorlovkasida noma‘lum qurolli shaxslar davlatning "Transammiak" korxonasi ishlab chiqarish boshqarmasiga hujum qilganlar.

Xabarlarga ko‘ra, qurollilar bir nechta avtomashina va kompyuterlarni o‘g‘irlaganlar. Binoga ham zarar yetkazilgan.

"Transammiak" ning rahbariyati hujum ishlab chiqarishga ta‘sir qilmaganini aytgan.

Shu bilan birga Luganskda "Lugansk xalq respublikasi" rahbariyati Ukraina prezidentlik saylovlari uchun saylov maskanlarini yopishga qaror qilgan.

Image copyright Reuters
Image caption Luganskda Rossiyaga qo‘shilishni orzu qiladiganlar oz emas

Faollarning so‘zlariga ko‘ra, "Lugansk xalq respublikasi" saylovlarni noqonuniy deb bilgani uchun, har qanday yo‘l bilan viloyat hududida prezidentlik saylovlari o‘tishiga qarshilik qiladi. Ularning fikricha, Ukraina g‘arbi va sharqini birdek qoniqtiradigan prezident bo‘lishi mumkin emas.

LXR faollari Lugansk 25 mayga belgilangan prezidentlik saylovlarida qatnashmasligini ma‘lum qilganlar.

Ayni paytda AQSh Davlat departamenti Ukrainadagi prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik jarayonini quvvatlagan.

"Ukraina hukumatining prezidentlik saylovlariga tayyorgarligi yaxshi ketmoqda. Mamlakatdagi 93 foiz saylov komissiyalari odatiy tartibda ishlamoqda", degan Qo‘shma Shtatlar davlat departamenti rasmiy vakili Jenifer Psaki.

"Ukraina sharqidagi mintaqalarda, jumladan Qrimda muammolar bor. Biroq mamlakatning aksariyat hududlari tinch va saylovga shay turibdilar", deb aytgan u.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002