Shinjonda yana bir "terror guruhi" qo‘lga olingani da‘vo qilinmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Xitoy Shinjonda xavfsizlik choralarini kuchaytirgani aytiladi

Xitoy davlat matbuotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlarga doir “terror guruhi” qo‘lga olingan.

Sinxua xabar agentligiga ko‘ra, besh nafar gumonlanuvchi hibsga olingan, ular bilan qariyb ikki tonna portlovchi uskunalar bo‘lgani aytilmoqda.

Politsiyaga ko‘ra, shubha ostidagi shaxslar Shinjonning janubiy-g‘arbidagi Ho‘tanda gavjum joylarni portlatishni rejalagan bo‘lishgan.

Bir necha kun avval Shinjon poytaxti Urumchida ro‘y bergan hujum oqibatida 39 kishi qurbon bo‘lgan edi.

Mulozimlarga ko‘ra, ular ayni hujumga aloqador deb ko‘rilgan shaxsni so‘roq qilishmoqda.

To‘rt nafar hujumchi hodisa ro‘y bergan joyda qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi.

Shinjon uyg‘urlari

Uyg‘urlar turkiytil musulmonlardir

Shinjonning 45 foiz aholisi uyg‘urlar

40 foiz aholi esa xan xitoyliklar

Xitoy 1949 yilda oz muddat yashagan Sharqiy Turkiston davlatini yo‘q qilib mintaqada nazorat o‘rnatgan edi

O‘shandan beri mintaqaga katta sonda xan xitoyliklar ko‘chib kelgan

Uyg‘urlar o‘z madaniyatlari yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirda

Dushanba kuni Xitoy rasmiylari Shinjon mintaqasida 20 dan ortiq ekstremistik guruh oshkor qilinib, 200 dan ortiq kishi hibsga olinganini ma‘lum qilishgan edi.

O‘tgan hafta Urumchi shahridagi bozorda 30 dan ortiq kishining halok bo‘lishiga olib kelgan hujum uyushtirilgandi.

Mintaqada oxirgi vaqtlarda tez-tez ro‘y berib turgan bu kabi hujumlarda Xitoy rasmiylari bo‘lginchilarni ayblamoqdalar.

Lekin o‘tgan hafta mintaqadagi qishloqlardan birida ro‘y bergan hodisa haqida keng xabar berilmadi.

Ola qarg‘a qishlog‘idagi maktab rahbariyati ro‘mol o‘rab kelgan 25 ga yaqin qiz-ayollarni, noqonuniy ravishda ushlab turganidan so‘ng norozilik ro‘y bergan va politsiyaning yig‘ilganlarga qarata o‘q ochishi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan.

Shinjonda uzoq yillardan buyon etnik uyg‘urlar va xitoylik xanlar o‘rtasida qarama-qarshiliklar davom etadi.

Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari uyg‘urlarni bo‘lginchilikda ayblab keladi.

Xitoyda mavjud o‘lim hukmi terrorchilik harakatlarida ayblanib hibsga olingan ko‘plab uyg‘urlarga nisbatan qo‘llanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.