"Helmanddagi uyimga safar"

Image copyright none
Image caption Helmandda o‘g‘il bolalar va qizlar uchun maktablar qayta ochilgan

Afg‘oniston prezidentlik saylovlari payti BBC Pashtun Xizmatidan Saida Mahmud Helmandga bordi. U jarayonni ayni mana shu Afg‘oniston janubida joylashgan va mamlakatning eng xatarnok hududi sanalgan ona yurtidan yoritmoqchi bo‘ldi.

Men Helmanddagi uyimga 17 yildan beri bormagandim. U yerga so‘nggi safarim Tolibon tuzumi payti bo‘lgandi.

Men Qandahordan uyimga qadar shalag‘i chiqqan taksida uzoq yo‘l bosdim. Taksi yo‘lda buzilib ham qoldi. Boshqa yo‘lovchilarning asablari tarang, men ham safar so‘nggida hayajonlana boshlaganimni eslayman.

Bu gal men borayotganim haqida hech kimga aytmagandim. Kutilmaganda jiyanimning uyiga kirib borarkanman, ko‘z yosh bilan quchoqlashdik.

1997 yil Helmandda ayollar uchun vaziyat abgor edi. Tolibon nazorati ostida ular ishlashlari yo-da, ko‘chaga yolg‘iz chiqishlari taqiqlangandi.

O‘shanda urushda erlarini yo‘qotgan ko‘plab ayollar bilan uchrashganim esimda. Ular endi ro‘zg‘orlarini qanday tebratish yuzasidan qattiq tashvishda edilar. Chunki, Tolibon qonunlari ortiq ular ishlab pul topishlariga izn bermasdi.

Image copyright none
Image caption Qizaloqlar bugun maktabga qaytishgan

Bu gal ayollarning hatto kechqurunlari ham ko‘chaga chiqa olishlari meni hayratga soldi.

Tolibon davrida ayollar barchasi burqa kiyishar, uydan tashqarida ayol yuzini ko‘rmasdingiz.

Bugun burqa o‘rnini chiroyli bezak berilgan ro‘mollar va Eronda ishlab chiqarilgan chodirlar egallabdi.

1997 yil Lashkargoh changga botgan, hamma narsa ko‘hna ko‘rinardi.

Bolaligimdagi ko‘rkam archalar yo‘q - janglarda yiqilgan va yo o‘tin qilingandi.

Biroq, hozir xavfsizlik yetishmayotgandek edi.

Image copyright none
Image caption Saida Mahmud Helmandda Tolibon davrini ham ko‘rgan

Tolibon davrida odamlar uylarini bemalol qulfsiz tashlab keta olishar, shariat qonunlari asosidagi jazolar o‘g‘rilarni qaytarib turardi.

Bugun odamlar uylarining atrofini baland beton devorlar bilan o‘rashgan.

Ko‘plar menga Britaniya qo‘shinlari bu yerni tark etgach, jinoyatchilik kuchayishi va xavfsizlik vaziyati yanada yomonlashishi yuzasidan xavotirlarini aytishdi.

Shahardagi o‘zgarishlardan yana biri - o‘g‘il va qiz bolalar uchun maktablar qayta ochilibdi.

O‘zim o‘qigan maktabda men orzular og‘ushidagi yosh qiz-juvonlarni uchratdim.

Image copyright none
Image caption Bugun ayollar burqa o‘rniga guldor ro‘mollar o‘rashadi

Fotima shifokor bo‘lishni, onalar va bolalar o‘limi bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashni istaydi.

Deva esa, huquqshunos bo‘lib, maishiy zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashmoqchi.

"Ayollarimizni himoya qiladigan hech kim yo‘q, shuning uchun ham ular adolatsizlikdan aziyat chekishadi", deydi u.

Ko‘plab qizlar hukumat Helmandda tibbiyot kolleji barpo etishini istashlarini aytishdi. Chunki, ularning ota-onalari Kobulga borib o‘qishlariga ruxsat berishmaydi.

Image copyright none
Image caption Bir zamonlar - to‘qqiz yoshli Saida Helmanddagi uyida...

Boshqalar esa, ko‘chaga chiqish yo-da, biron bir qaror qabul qilish uchun erlaridan izn so‘rashlari shartligidan shikoyat qildilar.

Lashkargoh 1997 yilga qaraganda anchayin katta, yorug‘ va gavjum ko‘rinardi.

Yangi yo‘llar, yangi xususiy o‘quv yurtlari, tibbiy markazlar barpo etilgan. Ko‘chalar bo‘ylab Xitoy mollari bilan to‘la do‘konchalarni ko‘rasiz.

Uylar qayta bo‘yalgan, yo‘llar chetida yangi daraxtlar ekilgan.

Men tug‘ilib o‘sgan shahar asta-sekin hayotga qaytayotgandek tuyuldi.

Ko‘plar Britaniya harbiyligining qayta qurish sa‘y-harakatlaridan mamnuniyat bilan gapirishdi.

Ular bu yerda yangi loyihalarni amalga oshirishgan - oziq-ovqat yog‘i, paxta va sovun ishlab chiqariladigan korxonalar, hatto Tolibon uchun ishlagan yoshlarni qayta tarbiyalash markazlari ham ochilgan.

Zamonaviy binoda joylashgan ushbu markazda eng kichigi 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarning jamoaga qaytishlariga ko‘mak beriladi.

Bolalar menga kompyuterda ishlash, ovqat pishirish va tikish-bichish bo‘yicha olgan malakalari haqida gapirishdi. Bu mashg‘ulotlar barchasi ularga ish topish imkoniyatlarini ochish uchun tashkil qilingan.

Image copyright none
Image caption Helmand ko‘chalari daraxtlarsiz qolgandi

Afg‘onistonning boshqa joylarida bo‘lgani kabi Helmandda ham korruptsiya hollaridan shikoyatlarni eshitasiz. Odamlar agar korruptsiya bo‘lmaganida qayta qurish harakatlari samaraliroq bo‘lgan bo‘lishini aytishadi.

Korruptsiya bilan bir qatorda Helmandning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan yana bir yirik muammo bor.

Lashkargohga safarimning so‘nggi kunida shahar tashqarisidagi dalalarga yo‘l olgan traktorlar karvoniga ko‘zim tushdi.

Ular ko‘knorizorlarni buzib tashlash uchun yo‘llangandi.

Dunyodagi giyohvand moddalarning 40 foizi Helmandda yetishtiriladi. Bu yilgi hosil esa, mahalliy rekordlarini buzadigan ko‘rinardi.

Zarg‘una ismli ayol menga o‘g‘lining ishsizligi va ish so‘rab borgan joylaridan pora so‘rashgani, uning esa, bunga puli yo‘qligini aytdi.

Image copyright none
Image caption Bugun Helmand shohko‘chasi...

"U giyohvand moddalarga aralashib qolmasa, deb juda qo‘rqaman", deydi u.

Bunga o‘xshash hikoyalarni men juda ko‘p eshitdim.

Ushbu hikoyalar esa, Helmanddagi hayot ijobiy tomonga o‘zgargan esa-da, hali bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘l uzoqligidan yana bir bor darak berayotganday...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.