Latviya nimasi bilan o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb qiladi?

Latviya Prezidenti Andris Berzinsh Image copyright AP

Latviya Prezidenti Andris Berzinshning O‘zbekistonga uch kunlik safari boshlangan.

Unga ko‘p sondagi latish tadbirkorlari hamrohlik qilayapti.

Davlat nazoratidagi O‘zbekiston matbuoti xabar qilishicha, Latviya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi payti "ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik ahvoli va istiqboli muhokama qilinadi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashiladi".

Janob Berzinshning muzeylaru-Samarqandga sayohatlaridan tashqari O‘zbekiston va Latviya hukumatlari o‘rtasida diplomatik pasport egalariga vizani bekor qilish haqidagi shartnoma ham imzolanishi ko‘zda tutilgani xabar qilingan.

Qator Internet nashrlari esa 585 o‘zbekistonlik puldorning har biri Latviyada kamida 142 ming Yevroga ko‘chmas mulk sotib olganlari haqidagi xabarlarni tarqatganlar.

Moskvadagi Ferghananews.com axborot agentligi xabar qilishicha, Latviyada yashash guvohnomasi(vid na jitelstvo)ni qo‘lga kiritish istagidagi sobiq Sho‘ro respublikalari fuqarolarining soni ortib bormoqda.

Ferghananews.com Latviyada ro‘yxatdan o‘tgan va MDH mamlakatlari fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olib berishda ko‘maklashadigan "Schengen Property" shirkati ma‘lumotlariga tayangan.

Latviya Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlat va Latviyada kamida 142000 Yevroga ko‘chmas mulk sotib olish butun Shengen vizasi hududida emin-erkin harakatlanish huquqini beradi.

"Schengen Property" shirkati ma‘lumotlariga ko‘ra, 2010 yilning o‘rtasidan 2014 yil 8 mayigacha 9545 MDH fuqarosi Latviyada ko‘chmas mulk sotib olgan.

Ular orasida 8116 Rossiya fuqarosi, 1171 Xitoy, 806 Ukraina, 585 O‘zbekiston fuqarosi uy sotib olgan.

Ferghananews.com shu kecha-kunduzda Latviyada yashash guvohnomasiga ega bo‘lish uchun 142000 Yevro talab qilinayotgan bo‘lsa, 1 sentyabrdan boshlab bu raqam 250000 Yevro etib belgilanishini xabar qilgan.

Xo‘sh, Latviya uchun O‘zbekiston nimasi bilan muhim?

Latviyadagi mulklar bo‘yicha maxsus jurnalistik tekshiruv o‘tkazgan Londondagi Jurnalistik Tadqiqot maktabi direktori Shohida Yoqub aytishicha, bugungi kunga kelib O‘zbekiston yoki o‘zbekistonliklar Latviya iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan eng yirik beshtalikka kirgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.