Toshkentda yangi shoh yo‘l qurilishi shaxsiy uylarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Xastimom masjidi tomonidan Anhor kanali tomon qurilayotgan shoh yo‘l bo‘ylab joylashgan ko‘plab shaxsiy uylarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu uylarning aksari Yunus Obod tumani hududida joylashgani aytilgan.

Jarayonni kuzatganlarga ko‘ra, uylari buzilayotganlarga tovon puli to‘lash yoki muqobil uy joy ajratish jarayoni yaxshi tashkillashtirilmagan.

Ushbu mavzuni o‘rgangan toshkentlik jurnalist Sid Yanishevga ko‘ra, uylarni qachon buzilishi haqida ham aniq aytilmagan. Shuningdek, buzilgan uylar hisobiga yetarli haq berilmayapti.

Sid Yanishev: Bu uylar buzilishi bilan bog‘liq har xil axborot bor. Ayrim xonadonlarning egalari aytishicha, ilk bor ularning oldiga shu yil martida kelishgan. Yana boshqa birovlar "uylaring buziladi", deb bundan 5 yil oldin ham, 2 yil oldin ham, bundan 1 yil oldin ham kelib ogohlantirishgan. Mart oyida kelib esa, "tezda bu yerdan ko‘chinglar", deb aytishgan. Mening maqolam qahramonlari aytishlaricha esa, birinchi marta shu yilning 5 apreli kuni kelishgan va ko‘chishni talab qilishgan. Ularga "bu yerda yangi ko‘cha quriladi", deb aytishgan. Buzilayotgan uylar evaziga egalariga kvartiralar taklif qilishgan. Biroq aksar uylarning egalari o‘zlariga va‘da qilingan kvartiralarning kalitlarini qo‘llariga olganlari yo‘q. Ular o‘zlarining bo‘lajak xonadonlarini ko‘rgan bo‘lishlari mumkin, lekin ko‘chib o‘tmaganlar. Eski uylari esa shiddat bilan buzilayapti, uy jihozlari ko‘chada qolayapti, odamlar esa o‘z uylarining buzilmagan qismida yotib turibdilar. Eng katta muammo, bu yerda propiska qilingan, lekin yashamagan odamlarga esa hech narsa berilmayapti. Bu esa qonunga zid. "Mulk haqida"gi qonun bo‘yicha kimki yashagan bo‘lsa ham yashamagan bo‘lsa ham narxi bozor sharoitiga mos yoki kvartira yoki naqd pul shaklida tovon to‘lanishi shart. Bu uylarning narxlari 50 mingdan 70 ming dollargacha baholangan. Evaziga Yunusobodda taklif qilingan kvartiralarning eng yaxshisining bahosi 40 ming dollargachani tashkil qilishi mumkin.

BBC: Qurilishi mo‘ljallangan yo‘lning uzunligi qanchani tashkil qiladi va jami nechta uyni buzishga to‘g‘ri kelayapti?

Sid Yanishev: Mening chamalashim bo‘yicha bu avtomagistralning uzunligi besh kilometrchani tashkil qiladi. Men buziladigan bir necha qatordagi uylarni ko‘rdim. Balki bu yerda 100 tacha uy buzilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu Toshkentning Shayhontohur tumaniga tegishli Ko‘h Ota ko‘chasida joylashgan, Anhordan suv olib keladigan kanal bo‘yidagi uylar.

BBC: Siz maqolangizni yozish jarayonida tuman yoki Toshkent shahar hokimligi mas‘ullari bilan gaplashdingizmi?

Sid Yanishev: Men o‘zim shaxsan murojaat qilmadim. Men maqolamda tilga olgan uy egalari hokimiyatga bir necha marta murojaat qilishgan. Men to‘g‘risini aytaman, men shu paytgacha to‘plagan boy tajribamdan kelib chiqib, o‘z xavfsizligimni o‘ylab, rasmiylarga murojaat qilmadim. Birinchidan, murojaat qilgan taqdirimda ham menga hech qanday axborot berishmas edi. Men mahalliy ommaviy axborot vositalaridan birortasida ham ishlamayman, shuning uchun ular meni jurnalist hisoblashmaydi. Ikkinchidan, o‘sha joyning o‘zida militsiya chaqirtirishib, meni militsiyaga olib ketishgan, men to‘plagan hamma ma‘lumotlar, qo‘limdagi foto va videomateriallarimning hammasini tortib olishgan bo‘lardi. Mana shu narsalarni bilganim va Toshkentda bundan oldin ham egalariga talab qilingan tovon pullarini bermay uylar buzib tashlanganidan yaxshi boxabar bo‘lganim uchun rasmiylar bilan gaplashmasdan turib ham maqolamni yozdim.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.