Olim Atayev: "O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi zudlik bilan isloh qilinishi kerak"

Image caption O‘zbekistonda paxta nafaqat yerni zaharlaydi...

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasida yer unumdorligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga qaratilgan anjuman bo‘lib o‘tgan.

Anjuman O‘zbekiston Suv va qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zkimyosanoat davlat hissadorlik kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan.

Unda O‘zbekiston hukumati oxirgi yillarda hosil unumdorligini oshirishga qaratilgan ilm-fan sohalariga "alohida e‘tibor" qaratilayotgani ta‘kidlangan.

Anjuman ishtirokchilari mamlakat olimlari tomonidan so‘nggi yillarda poliz ekinlari, guruch va paxtaning ko‘p hosil beruvchi navlari yaratilganini ta‘kidlashgan.

Ularga ko‘ra, yangi navlar O‘zbekistonni oziq-ovqat bilan ta‘minlashga katta hissa qo‘shmoqda.

Biroq, "O‘zdonmahsulot" korporatsiyasining sobiq rahbari Olim Atayev BBC bilan suhbatda mamlakat qishloq xo‘jaligi tub islohotlarga muhtojligini aytadi.

Olim Atayev: O‘zbekistonning la‘lmi va sug‘oriluvchi yerlarida don, poliz va paxta hosili mineral o‘g‘itlarni ko‘p miqdorda qo‘llash hisobiga olinadi. Ammo O‘zbekistonda bu o‘g‘itlarni ko‘p yillardan buyon muntazam qo‘llash tuproq qorishmasining ishqorlashuviga olib keldi. Bu hosildorlikning yildan yilga tushib ketishini anglatadi. Bundan tashqari O‘zbekistondagi serhosil yerlar Sovet davridanoq pestitsidlar, gerbitsidlar va defoliantlar bilan tinimsiz ishlov beriladi. Ulkan paxta hosilini olish maqsadida ular me‘yoridan 15-20 marta ko‘proq qo‘llaniladi. Olimlar hisob kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda bir gektar yerga 72 kg dan ko‘proq kimyoviy modda ishlatilar ekan. Zaharlangan yer bir joyda saqlanib qolmaydi. U butun mintaqaga yoyiladi. Bugungi kunga kelib bu zaharlar Tyanshan muzliklariga qadar yetib borgan. Bularning bari O‘zbekistondagi ekin yerlarining bugungi ahvoli naqadar ayanchli ekanini ko‘rsatadi.

BBC: Ahvol, siz aytganingizdek, shunchalar ayanchli ekan, nega O‘zbekiston hukumati vaziyatni yaxshilash uchun zaruriy chora-tadbirlarni olmayapti?

Olim Atayev: Vaziyatni yaxshilash uchun islohotlar o‘tkazish va tub chora-tadbirlar olinishi kerak. Buning uchun qishloq xo‘jaligini yirik miqdorda moliyalash zarur. O‘zbekiston hukumati esa islohotdan o‘zini olib qochadi. Aks holda, paxta yig‘ib olingan zaminga bug‘doy ekishni qanday tushunsa bo‘ladi? Zaharlangan yerga bug‘doy yetishtirishlarini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi, axir. Oila a‘zolari surunkali xastaliklarga duchor bo‘layotganlar bu holatni bilishlari kerak. O‘zbekistondagi "axborot muhosirasi" bularning barini yashirib kelayapti. Vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lgan hukumat ko‘p yillar oldin zaruriy choralarga qo‘l urishi kerak edi.

BBC: Qanday choralarga?

Olim Atayev: Ko‘plab choralar mavjud. Mening o‘ylashimcha, O‘zbekistondagi ekin yerlariga o‘zini qayta tiklab olishi uchun tabiiy muhitni yaratish kerak. Yer - tirik mavjudot. Uning yashashi va serhosil bo‘lishi uchun qulay imkoniyatni yaratish kerak. Yer ham, barcha tirik organizmlar singari, immuna tizimiga ega. Yerga eng avvalo inson faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan tashqi zararlarga qarshi kurashi uchun imkoniyat berish kerak. Zamindagi mikro organizmlar uning yuqori hosildorligini saqlab turishadi. Mikro organizmlarning qayta jonlanishi uchun imkon berish kerak. Buning uchun kimyoviy va mineral o‘g‘itlardan haddan ziyod foydalanishni to‘xtatish zarur. Bu choralar kompleks yondashuvni talab qiladi. Ammo, bir million to‘rt yuz ming gektar yerdan 8 million tonna bug‘doy yetishtirib olamiz degan afsonaviy rejalardan voz kechish kerak. Qolaversa, paxta yakkahokimligidan voz kechish zarur. O‘zbekiston hukumatida esa bu ishni amalga oshirish uchun iroda yetishmaydi. Chunki, bugungi kunda O‘zbekistondagi asosiy valyuta tushumi tannarxi arzon bo‘lgan paxta hosiliga qarab qolgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosini topsangiz, bizga bildiring.