Kaleydagi muhojirlar jamlog‘ini politsiya qurshab olgan

Image caption Kaleydagi muhojirlar jamlog‘i

Fransa politsiyasi mamlakat shimolidagi Kaley shahrida bandargoh yaqinidagi jamloqlardan 800 nafar atrofida muhojirlarni ko‘chirishga hozirlik ko‘rmoqda. Muhojirlar Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridan kelishgan. Mulozimlarga ko‘ra, bu yerda teri kasalligi tarqagan va ular bunga qarshi chora ko‘rishga kirishganlar. Politsiya muhojirlar jam bo‘lgan hududni o‘rab olgan.

Fransaning Britaniya qirg‘oqlariga yaqin chegara shahri Kaleyda qo‘lbola chodirlar ichida yashaydigan muhojirlar orasida 200ga yaqin afg‘onistonliklar ham bor.

Umidki, nima qilib bo‘lsa ham Buyuk Britaniyaga o‘tib olish...

BBC Afg‘on xizmatidan Bashir Baxtiyor Fransaga safar qilib bir necha hamyurtlari bilan uchrashgan.

Ular orasida shu oy La-Mansh bo‘g‘ozidan Britaniyaga qutqaruv qayiqchasida suzib o‘tishga uringan afg‘onistonlik bor edi.

Ammo uning harakati zoye ketdi.

Dengizda uni Fransaning qutqaruvchilar xizmati ushlab olishdi.

Kaleylda afg‘onistonliklar yashaydigan joy chiqindixonani eslatadi.

Atrofda plastik xaltachalar, eski ko‘rpa-to‘shak va allaqachonlardan beri ishlatilmayotgan temir yo‘l... suv yo‘q, chiroq yo‘q va hatto oziq-ovqat ham yetishmaydi.

Ularning noqonuniy turar-joylaridan bir necha yuz qadam narida ulkan kemalar yo‘lovchilarni ikki mamlakat o‘rtasida tashiydi.

Afg‘onlar mahalliy yordam guruhining marhamati bilan kuniga bir marta ovqatlanishadi.

Har tun ular o‘ziga xos "ovga" otlanishadi...

Image caption Osifning orzusi Britaniya

Britaniya tomon yo‘lga ketadigan yuk mashinalariga amallab chiqib olishsa bo‘lgani...

Men uchratgan afg‘onlarning ayrimlarida Italiyada muvaqqat yashash ruxsatnomalari bor ekan.

Shunda ham afg‘onlar Britaniyaga kelishni istashadi.

Buyuk Britaniyada ish topish osonroq deyishadi.

Ular menga Italiyada ish o‘rinlari yetarli emasligini aytishdi.

Bu mamlakat sayohat hujjati bilan esa Britaniyaga kirish mumkin emas.

Shuning uchun ham biz noqonuniy yo‘lni tanlashga majburmiz, deyishadi afg‘on muhojirlari.

Ular orasidagi 33 yoshli Osif qo‘lbola qayiqchasida La-Manshdan Britaniyaga o‘tib olishga urinib dunyoga mashhur bo‘ldi.

Bundan avval u bir necha bor yuk mashinalariga chiqib olaman deb harakat qilgan.

Omadi chopmagach eski taxta va plastik chiqindilardan "qayiqcha" yasaydi.

"Suv juda yumshoq edi... yurib ketayotgan yuk mashinasiga chiqaman deb urinishdan ko‘ra suzib o‘tish xatarliroq emas", deydi u.

Osif Londonning "Ovro‘poning yulduzi" deb ataydi.

O‘n yildan ortiqki u bu "yulduz" tomon harakat qiladi.

U Afg‘onistonni Toliblar qudratda qolayotgan so‘nggi yillarda tark etgan.

Osif noqonuniy safari davomida Eron, Turkiya, Yunoniston, Xorvatiya, Sloveniya, Italiya va Shveytsariyada bo‘lgan...

Har bir davlatda u bir yilcha qolib keyingi manzil uchun pul to‘plagan.

Uning taqdiri , maqsadi va orzulari bu yerdagi aksar afg‘onlarnikidan farq qilmaydi.

Ammo aksariyat Kaleyda uzoq vaqt qolib ketadi.

Bu kichkina shaharchadagi mahalliy aholi esa norozi...

Men Osif bilan dengiz qirg‘oqlarida yurar ekanman, odamlar juda yomon qarashardi.

Ulardan biri bizga qarab ko‘rsatkich barmog‘ini bo‘yniga keltirib "so‘yaman" ishorasini qildi.

Bu kabi munosabatni bir ma‘noda tushunsa bo‘ladi.

Britaniyaga o‘tish niyatida Kaleyga yig‘ilayotganlar faqatgina afg‘onlar emas.

Ammo Osif... afsusda emasligini, albatta yana Britaniyaga o‘tish uchun harakat qilishini aytadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.