Shinjondagi stadionda uyg‘urlar ustidan sazoyi mahkama o‘tkazildi

Shinjonda Xitoyning Kommunistik inqilob davrini yodga soladigan ommaviy mahkama bo‘lib o‘tgan.

Sinxua agentligiga ko‘ra, 55 nafar sudlanuvchiga nisbatan ayblov hukmlari yangragan mahkamaga stadiondagi 7000 tomoshabin va rasmiy shaxslar bevosita guvoh bo‘lishgan.

Sudlanuvchilarning hammasi etnik uyg‘urlardir.

Oxirgi oylarda Xitoy hukumati uyg‘ur jangarilaridan iborat guruhlarni butun mamlakat bo‘ylab fuqarolarga qarshi zo‘ravonlik hujumlarida ayblab keladi.

Pekindan BBC muxbiri Seliya Xaton xabar berishicha, sudlanuvchilar o‘tirgan yuk mashinalari o‘yingohdagi chopish yo‘lkasida to‘xtagan.

Sariq kiyim kiygizilgan mahkumlar mashinaning orqa qismida boshlarini quyi solgan holda o‘tirishgan.

Gumondorlarning hammasi ularga qo‘yilgan bo‘lginchilik, terrorizm va qottillikda aybdor deb topilganlar. Kamida uch kishi o‘limga hukm etilgan.

Xitoy hukumati stadionga odamlarni maqsadli ravishda jalb qilgan. Bundan oldin Shinjonda terrorizmga qarshi yillik milliy harbiy amaliyotlar boshlangani haqida xabar tarqatgan.

O‘tgan hafta besh hudkushning Urumchi bozoriga hujumi natijasida 39 kishi halok bo‘lgan, 90 dan ortiq kishi yaralangani aytilgandi.

Stadiondagi mahkamada politsiya yana 65 kishi xuddi shu ayblovlar bilan hibsga olinganini e‘lon qilgan.

Kommunistik partiya rahbari o‘rinbosari Li Minxueyga ko‘ra, o‘yingohdagi yig‘ilish hukumat aytayotgan terrorizm, bo‘lginchilik va ekstremizmni tugatishga qarshi "qat‘iyatni" ifoda etadi.

Oxirgi oylar musulmon uyg‘urlarning vatani bo‘lmish Shinjon qator hujumlarga sahna bo‘lgan. Xitoy bu hujumlarning hammasida musulmon uyg‘urlarni ayblaydi. Va bo‘lginchilar hujumni xorijiy sheriklari bilan amalga oshirganlar, deydi.

Uyg‘urlarga ko‘ra, noroziliklarga sabab hukumat tomonidan muntazam ravishda o‘zlarining diniy va madaniy kamsitishlaridir.

Urumchidagi hodisadan so‘ng Shinjonda xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan, katta yo‘l va chorrahalarda avtomatlar bilan qurollangan ko‘p sonli harbiylar joylashtirilgan.

Seshanba kuni hukumat besh kishini qo‘lga olgan. Politsiyaga ko‘ra, gumondorlarning yonidan 1,8 tonna portlovchi modda tayyorlash jihozlari chiqqan, Xo‘tanda portlovchi modda yasaladigan ombor yo‘q qilingan.

Rasmiylar Xo‘tanda ham terroristlar tomonidan Urumchidagi kabi mashina bilan olomon bor joyga yorib kirib, portlatish usulini qo‘llash rejalanganini iddao etganlar.

Dushanba kuni hukumat Shinjonning uch tumanida 200 dan ortiq uyg‘urni uylaridan hibsga olib ketgan.

Quvg‘indagi uyg‘ur faollari Xitoy hukumatining uyg‘ur erkaklarga nisbatan ommaviy hibslari va qatllari uyg‘ur millatini yo‘q qilish tomon borayotganini aytishadi.

O‘z dini va madaniyati, qadriyatlarini hurmat qilinishini talab etgan uyg‘urlar Xitoy hukumatining shafqatsiz bosimi oqibatlaridan qattiq xavotirdalar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.