Pokistondagi toliblar saflarida bo‘linish

Image copyright
Image caption Pokistondagi Tolibon rahbariyati o‘rtasidagi ziddiyatlar guruh rahbari Hakimulloh Mehsud o‘limi ortidan kuzatila boshladi

Pokistondagi toliblarning yirik guruhi harakatdan ajralib chiqqanini e‘lon qilgan.

Tolibonning Mehsud guruhi harakat rahbarlarini "Islomga zid" usullarni qo‘llashda ayblagan.

Shu tariqa Pokistondagi Tolibon harakati - "Tehrike Tolibon Pokiston" 2007 yildan buyon ilk bor bo‘linmoqda.

Tahlilchilar fikrlariga ko‘ra, bo‘linish hukumat bilan tinchlik muzokaralarini jadallashtirishi mumkin.

O‘tgan yetti yil davomida jangarilar hujumlarida Pokistonda minglab insonlar halok bo‘ldi.

Tolibon saflaridagi bo‘linish guruh jangchilari o‘rtasida bir oydan ko‘proq davom etgan qonli to‘qnashuvlar ortidan kuzatilmoqda.

Harakatning qudratli Mehsud qavmidan bo‘lgan jangchilari "Janubiy Vaziristondagi Tehriki Tolibon" harakatini tuzishlarini ma‘lum qilganlar.

Yangi guruh so‘zchisi, Azam Tariq, Mehsud muxbirlarga "Tehrike Tolibon Pokiston" safidan chiqish qarori harakat rahbarlarini "Islomga zid" amallardan voz kechish urinishlari natija bermagach olinganini aytgan.

"Biz jamoat joylarini portlatish, pul undirish va odam o‘g‘irlash kabi amallarni Islomga zid deb bilamiz. Biz bu amallar uchun mas‘uliyatni zimmamizga olmaslikka qaror qildik", - deb aytgan Azam Tariq Mehsud.

"Kuchsizlangan" guruh

"Tehrike Tolibon Pokiston" rahbarlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar 2009 yilda harakat rahbari Baytulloh Mehsud dron hujumida halok bo‘lishi ortidan paydo bo‘ldi.

Bu kelishmovchiliklar 2009 yilda Baytulloh Mehsudning o‘rnini egallagan inisi Hakimulloh Mehsud dron hujumida halok bo‘lishi ortidan yanada kuchaydi.

Hakimulloh Mehsud halok etilgach "Tehrike Tolibon Pokiston" o‘z rahbari etib Mehsud qavmidan bo‘lmagan shaxsni tayinladi.

Bu, o‘z navbatida, ichki bo‘linishlarni yuzaga keltirdi.

Pokiston hukumati "Tehrike Tolibon Pokiston" bilan mart oyida tinchlik muzokaralarini boshladi, ammo rasmiylarga ko‘ra, Tolibon ichidagi o‘zaro nizolar tufayli muzokaralar to‘xtab qolgan.

Ularga ko‘ra, Tolibondagi bo‘linish Pokiston bilan muloqot qilish istagida bo‘lgan guruhlar saflarini kengaytirishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.