Checheniston "Ukrainada qo‘shinga ega emas"

Image copyright AP
Image caption Ramzan Qodirov Ukraina sharqida chechen qo‘shinlari yo‘qligini aytadi

Ukraina sharqida rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi davlat qo‘shinlari amaliyoti davom etarkan, Checheniston rahbari, Ramzan Qodirov, bo‘lginchilarga yordam berish uchun u yerga qo‘shin yuborgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

Razman Qodirov tarqatgan bayonotda aytilishicha, Rossiya Federatsiyasining bir qismi bo‘lgan Checheniston o‘z qurolli kuchlariga ega emas.

Checheniston rahbari Ukrainada bo‘lginchilar safida jang qilayotgan chechen millatiga mansub har qanday shaxs u yerga o‘z tashabbusi bilan ketganini ta‘kidlagan.

Bo‘lginchilar Ukraina sharqidagi aksar mintaqalarni ishg‘ol etishi ortidan ularga qarshi keng ko‘lamli amaliyot boshlatilgan.

Bo‘lginchilarga ko‘ra, Donetsk aeroporti ishg‘oli paytida ularning yuz nafardan ziyod jangchisi halok bo‘lgan.

Ukraina Ichki ishlar vazirligining ma‘lum qilishicha, Ukraina armiyasi hozirga kelib aeroport ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatganlar.

Biroq Donetsk shahrida chorshanba kuni ham otishma ovozlari eshitilgani xabar qilinadi.

Donetsk uzra hukumat harbiy uchoqlari uchib yurgani kuzatilgan.

Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Petro Poroshenko mamlakat sharqidagi isyonni bostirishini aytgan.

Rossiya Ukrainadan mamlakat sharqida harbiy amaliyotni darhol to‘xtatishni talab qilgan.

Donetsk aeroportidagi janglarda ishtirok etgan bo‘lginchilarning aksari, xabarlarga ko‘ra, asosan Shimoliy Qafqozlik harbiylardan iborat Rossiya armiyasining "Vostok" batalioni jangchilaridir.

"Ukraina matbuotida Rossiya armiyasining ba‘zi chechen askarlari Donetskka bostirib kirgani haqidagi xabarlar yuribdi. Men bu xabarlar to‘g‘ri emasligini rasman e‘lon qilaman", - deya ta‘kidlanadi chorashnba kuni tarqatilgan janob Qodirov bayonotida. - "Uch million chechen bor va ularning uchdan ikki qismi Checheniston Respublikasidan tashqarisida, jumladan G‘arbda yashashadi. Ularning qaysinisi qayerga borishini biz bila olmaymiz va bilishimiz kerak ham emas".

Donetsk va Lugansk viloyatlari bo‘lginchilari 11 may kuni o‘tkazilgan referendum ortidan o‘z mustaqilliklarini e‘lon qildilar.

Ularning ushbu qadami Kiyev v G‘arb davlatlari tomonidan e‘tirof etilgani yo‘q.

Mart oyida Qrim yarim oroli Rossiya tarkibiga qo‘shib olingandi.

Kiyev va G‘arb Rossiyani Ukraina sharqida bo‘lginchilarni dastaklayotganlikda ayblashadi.

Rossiya bu da‘volarni rad etadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.