Zo‘rlab o‘ldirilgan qizlar taqdiridan Hindiston g‘azabda

Image copyright AP
Image caption 2012 yil Dehlida qiz talabaning zo‘rlab o‘ldirilish hodisasidan beri jinsiy zo‘ravonlikka qarshi ommaviy noroziliklar va g‘azab so‘nmagandi

Hindistonda ikki o‘smir qiz guruh tarafidan zo‘rlanishi va daraxtga osib ketilishi ortidan politsiyaning hodisaga loqaydlik bilan qaragani mamlakat bo‘ylab g‘azabga sabab bo‘lmoqda.

Voqea Uttar Pradesh shtatining qishloqlaridan birida sodir bo‘lgan.

Jabrdiydaning otasi qizi yo‘qolib qolgani yuzasidan murojaat qilgan payti politsiya uni mazax qilganini aytgan.

Past tabaqaga mansubligini bilganlaridan so‘ng esa, politsiya xodimlari qizni "qidirishdan ham bosh tortishgan".

Hozir kamida 3 kishi, jumladan, bir politsiya xodimi hodisaga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan.

Yaqinlarining shikoyat qilishlaricha, politsiya 14 va 16 yoshda bo‘lgan jabrdiydalarni topishga ko‘maklashishni ham istamagan.

"Politsiya idorasiga borgan paytim mendan birinchi bo‘lib tabaqamni so‘rashdi. Buni aytishim bilan ular meni tahqirlay boshlashdi", deydi qizlardan birining otasi BBCga gapirarkan.

Hindistonda kastalar (tabaqalar) orasida jarlik katta. Quyi tabaqalarni qo‘rqitish uchun yuqori tabaqalar ko‘pda zo‘ravonlik qo‘llashadi.

Ayblanuvchilar ham "Quyi tabaqalar"ga mansubligi, ammo qizlar ushbu iyerarxiyaning ham eng tubandagisiga tegishli bo‘lganlari aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, qizlar tashqariga hojatxona izlab chiqishgan.

Faollar qishloq joylarida sanitariya sharoitlari yo‘lga qo‘yilmagani, bu esa, ayollarning xavfsizligi bilan birga salomatligi uchun ham xatarli ekanini urg‘ulashadi. Ularga ko‘ra, qiz-juvonlar, ayniqsa, kechalari tashqariga chiqqan payti hujumga duch kelishadi.

Politsiyaga ko‘ra, qizlarni jinsiy zo‘rlash va o‘ldirish bo‘yicha ikki shaxs qo‘lga olingan.

Huquq-tartibot organlari xodimlaridan biri ham gumondorlar bilan sheriklikda va vazifasini suiiste‘mol qilganlikda ayblanib hibs qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, hozir ular yana bir gumondor va politsiya xodimini izlashmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.