Shahodat Ulug‘: Shavkatli o‘tmish - izsiz ketmas

BBC: Bu galgi BBC mehmoni - yozuvchi Shahodat Ulug‘. Assalomu alaykum Shahodat, BBC dasturiga xush kelibsiz!

Shahodat Ulug‘: Vaalaykum assalom Gulsevar! Avvalo suhbatga taklif etganingiz uchun Sizlarga rahmat.

BBC: Ilk savolni O‘zbekistondan G‘ofur ismli tinglovchimiz yo‘llabdilar: "Qachondan yozishni boshlagansiz?"

Shahodat Ulug‘: Bir paytlar bolalik paytlarimda she‘rlar yozib yurar edim. Sinf rahbarimiz Mels Galiyevich Latipov va Sulfiya Axunovna Latipova kabi rus adabiyotining bilimdonlari menda adabiyotga qiziqish uyg‘otgan edi. Xususan, Mels Latipov hamda o‘zbek adabiyoti o‘qituvchimiz Mustafo O‘roqovlar prozaning imkoniyatlari haqida ko‘p o‘git berishgandi. Men esa yozganlarimni shu o‘qituvchilarimizga ko‘rastib turar edim. Qolaversa o‘zimning opalarim ham, ayniqsa otam garchi fizik-matematik bo‘lsa-da, meni adabiyotga qiziqtirgan edi. Ba‘zan opalarim uyda mushoira qilib turishardi. O‘sha paytlar mening mitti tasavvurimda adabiyotga qiziqish shu tariqa shakllangandi.

BBC: G‘ofur yana: "Nima uchun yozasiz?" deb so‘raydi.

Shahodat Ulug‘: Nazarimda Siz nima uchun nafas olasiz, deya savol bersam, tabiiiyki Siz yashash uchun nafas olaman deya javob berasiz. Demak men ham yozish uchun nafas olaman.

BBC: Toshkentdan Zebo: Buyuk yozuvchilarga nisbatan "Umumbashar tilni egallagan" degan ta‘rif bor, bugun o‘zbek adabiyotida nega yo‘q shunday yozuvchilar?

Shahodat Ulug‘: Nazarimda "Umumbashar tilini egallagan" degan ta‘rif Dostoyevskiy, Jorj Sand, Markes, Tomas Mann, Kamyu singari daho yozuvchilarga nisbat berib aytilgan. Adabiyotni san‘at darajasida tushungan va uni yuksak pog‘onalarga ko‘targan yozuvchilar hamisha har zamonda va har makonda bo‘lgan va keyin ham bo‘ladi. O‘zbek adabiyotida bunday daho yozuvchilar hali chiqmagan desak yanglishgan bo‘lamiz. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirov singari ulug‘ adiblar boshlab bergan yo‘lni bugun Murod Muhammad Do‘st, Abdulhamid Ismoil, Xurshid Davron va G‘affor Hotamov, Isajon Sulton va Ulug‘bek Hamdam singari yozuvchilar davom ettirishmoqda.

BBC: Zeboning navbatdagi savoli: "Bugungi o‘zbek yozuvchilaridan kimlarning asarlarini o‘qiysiz va ulardan qaysi birlari dunyo tillariga tarjima qilinishi kerak, deb hisoblaysiz?"

Shahodat Ulug‘: Bugungi o‘zbek adabiyoti, o‘zbek nasri albatta jahon miqyosida taqdim qilishga arzigulik asarlariga ega va tobora boyib bormoqda. Yuqorida nomlari aytilgan adiblar asarlari xorijda targ‘ibot qilinishi va ularni dunyo tanishi kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Navbatdagi savolni Buxorodan Ro‘zigul ismli o‘quvchimiz yuboribdi: "Agar adashmasam, o‘zbek ayol yozuvchilari orasida roman janriga qo‘l urganlar hali bo‘lmagan. Chunki bu katta janr jiddiy tadqiqot va katta ruhiy quvvat talab qilishini bilamiz. Endi bevosita "Jayhun epkinlari" nomli romaningiz yozilishi haqida so‘zlasangiz".

Shahodat Ulug‘: Roman - yirik va murakkab janrdir. Xususan o‘zbek yozuvchi ayollari orasida bu janrga birinchi bor qo‘l o‘rgan adiba Salomat Vafo bo‘ladi. Aytganingizdek, bu janr jiddiy yondashuvlarni va katta ruhiy quvvatni talab etadi.

"Jayhun epkinlari" romanini yakunlashimda zamonaviy o‘zbek adabiyotining ulug‘lari hisoblangan mo‘‘tabar ustozlarning hissasi katta bo‘lgan. Ularning bevosita maslahatlari asosida va davomli tadqiqotlar asosida yozildi bu narsa.

Bundan chamasi to‘rt yillar ilgari Xorazmshohlar saltanatiga oid nimadir yozish istagi tug‘ilgan edi, sarhadlari ulkan va imkoniyatlari cheksiz bu saltanat nega yemirildi? Movarounnahr kentlari nega qattol Chingiz qo‘lida bu qadar paymol etildi? Shu savollar meni qiynagandi va turli manbalarni o‘rganishga kirishdim. Shahobiddin Nasafiy "Siyrat as-Sulton" hamda al-Husayniy "Tarixi elchi Nizomshoh", professor Bertels tadqiqotlari, L. N. Gumilev "Qadimiy turkiylar" asarlarini o‘rgandim. Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek ham Xorazmshohlar sulolasiga alohida nazar tashlagan. Qolaversa, ozari tarixchi olimi Ziyo Buniyotov ishlaridan ruhlandim. Shuningdek, Mirkarim Osim, ustoz Xurshid Davronning tarixiy asarlarini o‘qib, dilimdagi niyat yana-da mustahkamlangan.

BBC: "Savolimning davomi", debdi yana bu o‘quvchimiz, "katta asar yozishda o‘sha aytganim quvvatni yana nimalardan oldingiz? Axir faqat manbalarni o‘rganish bilan bo‘lmasa kerak hammasi?"

Shahodat Ulug‘: Albatta. Balki chiroyli so‘zlardir, ammo menga shu asarni yozishda quvvat bo‘lgan yana asosiy narsa - albatta xalqimizning qahramonliklarga to‘la o‘tmishi, bu xalq voyaga yetkazgan ulug‘ sarkardalar holati, xususan, Jaloliddin Manguberdining tengi yo‘q jasorati, uning muttasil xatarlar ichida kechgan hayoti bo‘ldi. Birgina Jaloliddin haqida gapiradigan bo‘lsak, mana, o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, shunday bir ulug‘ saltanat, Xorazmshohlar imperiyasi u vaqtda yer yuzidagi eng qudratli davlatlarning biri edi. Butun Movarounnahr, bugungi Afg‘onistonu Eron va Kavkazni o‘z ichiga olgan bu saltanatga o‘z salohiyati bilan bas kelishi mumkin bo‘lgan bir-ikki davlatlargina bor edi o‘sha davrda. Biri Bag‘dod halifaligi bo‘lsa, yana biri ehtimol, saljuqiy sultonlar edi. Xorazmshohlar davlati yuksalgan XIII asr boshlariga kelib esa ularning ham qudrati savol ostida qolgandi. O‘zaro kurashlar botqog‘iga botgan Ovro‘pa esa u davrda hali zulmat va jaholat botqog‘iga botgan edi va aslida Sharqda necha asrdan beri charaqlab turgan islom olami lashkari uchun oson bir o‘lja bo‘lgan. Xullas, bugungi kun tili bilan aytganda, Xorazmshohlar davlati o‘sha davr geosiyosiy qutblarining eng qudratlisi edi va bu mintaqada sodir bo‘lgan har qanday tebranishlar bevosita jahon siyosiy xaritasiga ta‘sir o‘tkazar edi. Ana shunday bir vaziyatda, ya‘ni qudrati yuksalgan davrda bu saltanat chingiziy lashkarga yemish bo‘ldi, zamonasining eng qudratli davlati vahshiy galalar tomonidan kunpayakun qilindi. Bu fojeaga albatta, saltanat boshqaruvidagi uquvsizlik, Alovuddin Muhammadning irodasizligi, volidasi Turkon izmidan chiqa olmasligi sabab bo‘lgan edi. Shunday bir chorasiz holatda Jaloliddin tarqab ketgan, yakson qilingan qo‘shinning bir qismini qayta yig‘ib, mo‘g‘ullarga qarshi tura oldi, hali mag‘lubiyat nimaligini bilmagan mo‘g‘ullar ustidan ketma-ket g‘alaba qildi. Ammo baribir, kuchlar teng emasdi, oqibatda necha yo‘qotishlar evaziga yurtini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Ammo Jaloliddin bu bilan taqdirga tan bermadi, aslida u mo‘g‘ul qo‘li yetmas uzoqroq bir yurtda biror viloyatni egallab, o‘ziga xon - o‘ziga bek bo‘lib, umrini farovonlikda, kayfu safoda o‘tkazishi ham mumkin edi. Lekin bu holda u Jaloliddin bo‘lmas edi. Jaloliddin inilari bilan ittifoq tuzib, yana necha yillar davomida Chingiziy lashkarlarga zarbalar berib turdi, Hindu Iroq yurtlarida, Kavkazu Eronda hukmronlik qildi. Ammo uning qalbida o‘z yurti uchun, juvonmarg ketgan yaqinlari uchun intiqom o‘ti bir zumga ham o‘chmadi.

Jaloliddinni boshqa millatlar qahramonlari bilan qiyoslash mumkinmi yoki yo‘qmi -bilmadim, ammo ruslarda Aleksandr Nevskiy bo‘lsa, bizda Jaloliddin bor, agar britanlarda Richard bo‘lsa, bizda Jaloliddin bor. Faqat farqi shuki, Jaloliddin harb yulduzi bularning baridan ko‘p hissa ulkanroq edi. Jaloliddin boy berilgan saltanatni qayta bunyod qilish uchun, o‘z yurtini yana ozod ko‘rish uchun so‘nggiga qadar kurashdi, kurashganda ham mahorat va jasorat bilan kurashdi. Menga mana shular quvvat bo‘ldi deya olardim.

BBC: O‘sha siz asaringizda tilga olgan o‘tmish bilan bugunimiz o‘rtasida katta tafovutlar borligi aniq. Ammo, siz o‘tmishni bugun bilan bog‘lab turgan rishtalarni nimada ko‘rasiz, aslida bormi, shunday rishtalar?

Shahodat Ulug‘: Albatta, tafovutlar katta va beqiyos. O‘tmish - o‘tmishga aylangan, bugunimiz esa boshqa. Lekin bizni o‘tmishimiz bilan bog‘lab turgan narsa - biz meros qilib olgan ma‘naviy va ruhiy boyliklardir. O‘sha ajdodlarimizning tengsiz yov qarshisida bo‘yin egmaganligi, chorasiz, umidsiz vaziyatlarda ham kurashni davom ettirganlari, erkka, ozodlikka tashnalik. Yuz yil qirg‘in bo‘lsa ham ajali yetgan o‘ladi, deganlaridek, yuz yil mashaqqatlarda, zulmlar ostida o‘tsa ham xalqning zehniyatida, qonida o‘sha avvalgi merosning nishonalari baribir saqlanib qoladi va vaqti kelib bu narsalar albatta yana ro‘yobga chiqadi. Bir vaqtlar bor bo‘lgan narsa nom nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas. Shu ma‘noda men rishtalar saqlanib qoladi, deb hisoblayman. Ammo, masala shu saqlanib qolgan narsalarni chinakamiga rivojlantirishda. Agar shunday sharoit tug‘ilsaki, vatanimizda o‘tmish merosimizni davlat ahamiyatiga molik muhim masala darajasida jiddiy o‘rganish va zamonaviy talablar asosida jahonda targ‘ib qilish, chinakamiga targ‘ib qilish mexanizmlari ishlab chiqilsa, ko‘p narsa o‘zgargan bo‘lardi. Birgina misol, yurtimizdan chiqqan o‘tmish allomalari, aytaylik, Ibn Sino, Beruniy, Al Farg‘oniy, Al Xorazmiy kabi siymolar haqida internetda istagancha ma‘lumot olishingiz mumkin, ammo ingliz tili va boshqa asosiy jahon tillaridagi resurslarda ularning barchasi fors yoki arab olimlari sifatida taqdim etiladi. Faqat tavallud joylari hozirgi O‘zbekiston ekanligi yo‘l-yo‘lakay ko‘rsatib o‘tiladi, xolos. Bobur va uning avlodlari esa mo‘g‘ul hukmdorlari, deyilishini hammamiz bilamiz. Bu ulug‘lar bilan O‘zbekistonning ichidagina "bizning buyuk ajdodlarimiz" deb g‘ururlanib yuraveramiz, ammo tashqi dunyo ularni boshqa xalqlarga bog‘laydi. Bu narsalar albatta alam qiladi. Mana shu sohalarda jiddiy ishlar qilish kerak.

Yana Jaloliddin Manguberdi misoliga qaytsam. Vaqtiki kelib, chorasiz va yarador holatida Kurdiston tog‘larida o‘ldirilganidan so‘ng, uning lashkari sardoridan ajralib, tarqoq holga keldi. Ammo shu yerda e‘tiborga oladigan muhim narsa bor. Ya‘ni Jaloliddinga cheksiz sodiq bo‘lgan navkarlar uning o‘gitlarini yuraklarida mahkam saqlaganlar. Uning lashkari aslida o‘sha zamonning eng puxta tayyorgarlikdan o‘tgan, yana zamonaviy qilib aytsak, qaysi mintaqada bo‘lmasin maxsus harbiy operatsiyalarni o‘tkaza oladigan sara qo‘shinlar darajasiga yetgan edi. Shu sabab ham Jaloliddindan so‘ng yana ko‘p vaqtlar turli mamlakat hukmdorlari aynan ularning ko‘magiga tayanib keldi. Bu hoh Iroq va yo Suriya bo‘lsin yoki Misr bo‘lsin hamma joyda ularning izlarini ko‘ramiz. Jaloliddin qo‘shini salibchilarga qarshi kurashib, ularni yakson qilgani va Quddusni (Iyerusalim) zabt etganlari haqida ham ishonchli ma‘lumotlar bor. Yana eng taajjublisi, butun arab o‘lkalarini mo‘g‘ul istibdodidan saqlab qolgan Misr mamluk sultoni ham - aslida Jaloliddinning izsiz g‘oyib ketgan jiyani Muhammad Quttuz edi. Muhammad Quttuz haliga qadar arablarning milliy qahramoni darajasida ulug‘lanadi, uning jasorati haqida ko‘p asarlar bitilgan, filmlar suratga olingan va hatto bolalar uchun maxsus multfilm ham ishlangan.

Aytganimdek, ana shunday qudratli va ulug‘ o‘tmish dom-daraksiz ketishi mumkin emas, rishtalar albatta saqlanib qoladi. Agar men asarim orqali mana shu rishtalarning bir zarrasini bo‘lsa ham ko‘rsata olgan bo‘lsam, juda baxtliman.

BBC: Shahodat, qiziqarli suhbat uchun katta rahmat! Ijodiy parvozlar tilab qolamiz!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.