Bostondagi portlash bo‘yicha qirg‘izistonlik ushlandi

Image caption Xayrulloning yaqinlari unga tuhmat qilinayotganini aytishadi

Jalolobod viloyatiga qarashli Suzoq tumani yashovchisi Xayrullo Matanovga Bostondagi portlash bo‘yicha "dalillarni ataylab yo‘q qilish, yolg‘on ko‘rsatma berish" ayblovlari qo‘yilmoqda.

AQSh Federal prokuraturasining ma‘lumotiga ko‘ra, Xayrullo Matanov Bostonda portlash uyushtirdi deb ayblangan aka - uka Tamerlan va Joxar Tsarnayevlar bilan yaqin tanish bo‘lgan. Portlashdan ko‘p o‘tmay Tsarnayevlar bilan birga ovqatlangan. Undan keyin ham telefon orqali aloqa qilgani va Tamerlan bilan ikki marta uchrashgani isbotlangan.

Matanov portlashdan keyin bir necha marta so‘roqqa olingan va unda Tsarnayevlar bilan unchalik ham yaqin tanish emasligini aytib ko‘rsatma bergan. Shundan kelib chiqqan holda unga "yolg‘on ma‘lumot bergan, dalillarni ataylab yo‘q qilgan" degan ayb qo‘yilgan.

23 yoshdagi Jalolobod viloyatining Suzoq tumani yashovchisi Xayrullo Matanov AQShga 2010 yilning may oyida ketgan. Uning advokati Ed Xaydenning aytishicha, Xayrullo "Qirg‘izistondagi qonli voqealar tufayli" degan sabab bilan boshpana olgan, studentlik vizasi undan keyin berilgan.

Hozirgi kunda Rossiyada bo‘lgan Xayrulloning akasi Nurullo Matanov, ukam asossiz ayblanib, unga tuhmat qilinayapti deydi:

"Ukam Suzoqda litseyda o‘qigan. Undan keyin Qodirjon Botirovning universitetiga kirgan. O‘qib yurgandayoq AQShga o‘qishga borish uchun test topshirgan. Testdan o‘tib, qonli voqea boshlanishidan 10 kun avval, may oyida AQShga ketgan. Ukam unday ishlarga boradigan odam emas. Bu yerda uni yo‘q yerdan ayblashayapti. Kechagi kun gaplashgan edim. Menga bugun ertalab shunday bo‘libdi deb qo‘ng‘iroq qilishdi. Ukamga qilsam, telefonini olgani yo‘q. Yozda so‘roqqa chaqirishgan edi. Biz Xudodan qo‘rqib yurgan odammiz. Ukam unday narsaga bormaydi", - deydi Nurullo Matanov.

Xayrulloning ammasi Manzura bu xabarga ishonmayotganini aytadi:

"U yaxshi o‘qib yurgan bola. Otasi insult bo‘lib og‘rib qolganidan keyin, ota - onasiga yordam beraman deb, o‘qib - ishlagani o‘sha yerga ketgan. U yoqda informatika bo‘yicha o‘qishga topshirgan. Menga qo‘ng‘iroq qilib, "shunday o‘qishga o‘tdim, Xudo xohlasa diplomimni olgandan keyin boraman, taksist bo‘lib ham ishlayapman" degan edi", - deydi Manzura.

Image copyright AP

AQShni Federal prokuraturasi bildirishicha, Xayrullo Matanov Tamerlan Tsarnayev bilan uning ukasi Joxar orqali tanishgan.

Xayrullo Matanovga yaqinlari yordam berish yo‘llarini izlamoqda. Ular shu kunlarda Qirg‘izistonning AQShdagi elchixonasiga xat yo‘llashni rejalamoqdalar.

Qirg‘iziston Ichki Ishlar Vazirligining matbuot kotibi Jo‘ro‘bay Abraimovning aytishicha, AQSh Qirg‘izistonga Matanov to‘g‘risida aniq ma‘lumot so‘rab murojaat qilganicha yo‘q.

O‘tgan yilning 15 aprelida AQShning Boston shahrida o‘tayotgan marafonda qo‘lbola ikki bomba portlatilgan va 3 odam o‘lgan, 250 odam turli jarohatlar olgan edi. O‘shanda portlashni aka - uka Tsarnayevlar uyushtirgan deb topilgan. Tamerlan Tsarnayev qo‘lga olish amaliyoti chog‘ida otib o‘ldirilgan.

Tsarnayevlar oilasi Qirg‘izistonda yashaganligi ma‘lum. Tamerlan Tsarnayev 1986 yili Qirg‘izistonda, ukasi Joxar Tsarnayev 1993 yili Dog‘istonda tug‘ilgan. Tsarnayevlar oilasi 1990 yilning boshi Qirg‘izistondan Chechenistonga ko‘chib ketishgan va 1995 yili Qirg‘izistonga qaytib kelgan. 2001 yili oila qayta Dog‘istonga ketib, undan AQShga ko‘chib o‘tadi. Tamerlan Tsarnayev 2002 yili Qirg‘izistonning fuqaroligini olganligi aniqlangan.

Bostondagi portlashga bog‘liq Qozog‘istonning ikki fuqarosi, 19 yoshdagi Dias Qadirbayev bilan Azamat Tajayakov ham qamoqqa olingan. Ularga ham "dalillarni yo‘q qilgan" degan ayb qo‘yilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.