Mulla Umar asir almashishni Tolibon g‘alabasi deb atadi

Amerikalik askar Bou Bergdalning Guantanamoda saqlangan Tolibonning besh yetakchi qo‘mondoniga almashtirilgani munosabati bilan Afg‘oniston Toliboni rahbari Mulla Umar bayonot e‘lon qilgan.

2001 yilda Afg‘onistonda hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Mulla Umar kamdan-kam bayonotlar chiqaradi, bu bayonotida Amerika harbiysini Tolibon rahbarlariga almashtirilganini "katta g‘alaba" deb atagan.

"Men butun Afg‘on musulmon xalqini chin yuragimdan tabriklayman", deyiladi Tolibon yetakchisi bayonotida.

Ayni paytda AQSh rahbariyati serjant Bou Bergdalni ozod qilish amaliyoti nega tezlik bilan amalga oshirilganini himoya qilib chiqishiga to‘g‘ri kelgan.

Amerikalik siyosatchilar nima uchun Guantanamoda saqlanayotgan Tolibonning eng yuqori lavozimlarini egallagan besh shaxs Kongress bilan maslahatlashilmasdan ozod etilgani borasida izoh talab qilganlar.

Bunga javoban AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygel aytishicha, Bou Bergdal hayoti xavf ostida bo‘lgani uchun uni tezlik bilan ozod qilishga to‘g‘ri kelgan.

2009 yil yozida Afg‘onistonga yuborilganidan ikki oy o‘tib Tolibon asirga olgan serjant Bou Bergdal 31 may kuni Afg‘on-Pokiston chegarasida amerikalik harbiylar qo‘liga topshirilgan.

U davolanish uchun Olmoniyaga yuborilgani xabar qilingan.

Ushbu kelishuvdan ogoh qilinmagan Afg‘oniston hukumati asirlar almashilinishini qoralab chiqqan, bu xalqaro qonunchilikni buzish, deb atagan.

Guantanamoda saqlangan Tolibonning besh tutqunini AQSh askariga almashish masalasi 2011 yildagi Qatardagi muzokaralarda ham muhokama qilingan, biroq AQSh va Tolibon shartlarini kelisha olmaganlar.

Besh mahbusdan eng lavozimi balandi Muhammad Fazl bo‘lib, u 2001 yilda Tolibon Mudofaa vaziri o‘rinbosari, Tolibon armiyasi shtabi boshlig‘i lavozimini egallagan.

Xabarlarga ko‘ra, Muhammad Fazl Amerika qo‘shinlariga qarshi janglarga rahbarlik qilgan va Afg‘oniston shimolida general Abdul Rashid Do‘stumga asir tushgan.

Muhammad Fazl qator urush jinoyatlari, xususan minglab Shia musulmonlarini o‘ldirishda ayblangan.

Xayrullo Xayirva Tolibon Ichki ishlar vaziri va Hirot hokimi lavozimlarini egallagan. Uning Usoma bin Lodin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bo‘lgan, deb ko‘riladi.

Abdul Haq Vosiq Tolibon istig‘borot xizmati raisi o‘rinbosari bo‘lgan. U Tolibon bilan boshqa islomiy guruhlarning AQSh va koalitsiya qo‘shinlariga qarshi ittifoq tashkil etishda markaziy shaxslardan biri bo‘lgan, deb ko‘riladi.

Mulla Nurulloh Nuri yetakchi Tolibon qo‘mondoni va hokim bo‘lgan. U ham Shia musulmonlarini ommaviy o‘ldirishga aloqadorlikda ayblangan.

Muhammad Nabi Umariy Tolibon rahbariyatida qator muhim lavozimlarni, xususan, xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagan. Uning AQSh va koalitsiya qo‘shinlariga qarshi hujumlarda ishtirok etgani aytilgan.

Amerika Guantanamo tutqunlarini Qatar xavfsizlik kuchlariga topshirgan, bu shaxslarning bir yil davomida Qatardan chetga chiqishlari taqiqlangani xabar qilingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.