Uzwebiston: AQSh moliyaviy idorasi o‘zbek bankiga yomon baho berdi

Image copyright Reuters
Image caption AQShda joylashgan bu idora nafaqat banklar, balki davlatlarning moliyaviy ahvoliga baho berib keladi

O‘zbekistonning Turkiston Banki nufuzli Standard and Poor's moliyaviy idorasi tomonidan "barqaror" darajasidan "salbiy" darajaga tushirilgani Twitter sahifasida O‘zbekiston haqida eng ko‘p chop etilayotgan xabarlardan biri bo‘ldi.

Moliyaviy idoraning tahliliga binoan, Turkiston Bankining kapitalizatsiyasi kelgusi 12-18 oy ichida yomonlashishi mumkin.

Turkiston Banki bir necha yildirki, xorijiy valyuta bilan ishlash uchun litsenziya ola olmay keladi.

Standard and Poor's bahosiga ko‘ra, bu uning raqobatbardoshligi va moliyalash salohiyatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

2013 yilda boshqa banklar taklif qilgan yuqoriroq foyda foizlari tufayli Turkiston Bankidagi iste‘molchilar depozitlari tushib ketgan.

Shikoyat qilish yo‘li

Internetda tarqalgan yana bir iqtisodiy xabarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar endi hukumatning Yagona interaktiv portali orqali o‘z iste‘molchilik huquqlari toptalgani haqida shikoyat qilishlari mumkin.

Bu portal orqali yozilgan shikoyatlar Xususiylashtirish, monopolizatsiya va raqobat bo‘yicha davlat qo‘mitasiga borib tushadi.

Mazkur xizmat iste‘molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat va ularga yetkazilayotgan mahsulotlarning sifatini yaxshilashni, hamda iste‘molchilar huquqlarini toptagan tashkilotlarni javobgarlikka tortishni maqsad qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002