"O‘zbek oltin sektorining yopiqligidan qudratdagi elita manfaatdor"

Image copyright Gold and Co.

Apple shirkati o‘zining iPhone, iPad, iPod, Mac va Apple TV singari mahsulotlari uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oltindan foydalanishini aytgan.

Ayni paytda yiliga 70 dan 90 tonnagachani tashkil etishi xabar qilinadigan O‘zbekiston oltinining qolganini dunyoning qaysi shirkatlari qanchaga sotib olishi borasidagi savollar javobsiz qolmoqda.

Apple minerallarning axloqiy yo‘lda qazib chiqarilishi, hamda, unda xavfsiz va adolatli ish sharoiti ta‘minlangani o‘ta muhim ekanini aytgan.

Biroq, o‘zbek oltin sektorining axloqiy ekanini qayerdan bilsa bo‘ladi? Va u naqadar shaffof? Bu savol bilan BBC Londondagi GPW iqtisodiy tadqiqot markazining tahlilchisi Keyt Mallinsonga murojaat etdi.

Mallinson: O‘zbekistonda xomashyo qazib olishga asoslangan har bir sanoatda bo‘lgani kabi, oltin ham mamlakat uchun katta boylik manbai deb ko‘riladi. O‘zbek iqtisodi asosan xomashyoni eksport qilishga asoslangan. Shuning uchun ham, davlat tepasidagi elita, jumladan prezidentning o‘zi va Milliy Xavfsizlik Xizmati rasmiylari xom ashyo sektoriga aralashganlar. Ayniqsa, oltin sektoriga... O‘tgan bir necha yil ichida O‘zbekistonning oltin sektorida bir necha nufuzli xorijiy sarmoyadorlar yutqazib qo‘yishdi. Mamlakatda xomashyoga tobelik shunchalik kuchli bo‘lgani tufayli, unga bog‘liq qonun-qoidalar o‘zboshimchalik bilan hukumat tomonidan o‘zgartirilishi mumkin va bunday sharoitda xorijiy sarmoyadorlar noiloj qolishadi. Bu sohada foyda ko‘rish siyosiy voqealarga bog‘liq bo‘lib qolgan. Ko‘pchilik xorijiy sarmoyadorlar qiyin ahvolga tushib qoladilar, chunki Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatli biznes olib borish uchun eng asosiy narsa, bu kimga murojaat qilishni bilishdir. Xorijiy sarmoyadorlar ma‘lum rahbar yoki ma‘lum guruhga tobe bo‘lib qolishadi, lekin elitada o‘zgarishlar yuz berganda, ular boshi berk ko‘chaga kirib qoladilar. O‘zbekiston ko‘p jihatdan o‘rta asrlardagi podshoh hukmronligi kabi boshqariladi. Sarmoyadorlar esa elita bilan ish olib borib, ko‘p hollarda korruptsiyaga bog‘liq qonunlarni buzib qo‘yadilar.

BBC: O‘zbekistonda oltindan davlat byudjetiga tushayotgan foyda, yoki u qaysi shirkatga qanday narxda pullanayotgani va hokazolar oshkor qilinmaydi. Bunday holda, xorijiy shirkat, O‘zbekiston bilan hamkorlikni boshlashdan oldin, qandaydir iqtisodiy tadqiqot olib borib ekspertiza tuzishi qiyin bo‘lsa kerak?

Mallinson: Ha, iqtisodning bunday yopiq sektorlarini baholash va tahlil qilish o‘ta qiyin. Chunki ma‘lumotlar kamdan-kam holda ochiqlanadi. O‘zbekiston hukumatidan olinadigan statistik ma‘lumotga ishonib bo‘lmaydi. Biroq, shunga qaramay xorijiy shirkatlar aralashgan shartnomalardan qaysi shaxs qancha foyda ko‘rayotgani borasida biz ma‘lumot olishga qodirmiz.

BBC: Apple Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida quyilgan O‘zbek oltinini xarid qilgan. Shirkat hisobotida jumladan shunday deyiladi: "Minerallarning axloqiy manbasi Apple missiyasining muhim tarkibiy qismi, bu ta‘minot tarmog‘ining xavfsiz va adolatli ish sharoiti ta‘minlanganiga ishonch hosil qilish uchun muhim". Xorijiy shirkatlar bunga qanday ishonch hosil qilishlari mumkin, agar o‘zbek oltin sektori shunchalik yopiq bo‘lsa?

Mallinson: Bu o‘sha shirkatning xavf-xatarga bo‘lgan ishtahasi, ya‘ni xavfdan qo‘rqish yo qo‘rqmasligiga bog‘liq bo‘ladi. Har bir shirkat muayyan bir mamlakat bilan ish olib borishdan oldin, xavflar borasida tadqiqot olib borishi kerak. Mening nazarimda, oltin qazib chiqarishga aralashgan xorijiy tashkilotlar oltin axloqiy yo‘lda qazib olinayotganiga 100 foiz ishonch xosil qilishlari qiyin. Ular o‘sha mamlakatning obro‘si va biznes sharoitlari xususida o‘zlarida bor ma‘lumotga asoslanib qaror qiladilar.

BBC: O‘zbek oltin sektorining bunchalar yopiq va sirli ekanidan kim foyda ko‘radi?

Mallinson: Uning shunchalar yopiq va sirli ekaniga qarab bir xulosa qilish mumkin: bundan huqukumat a‘zolari va elita foyda ko‘radi. Ko‘plab tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, o‘zbek hukumati o‘zining oltin rezervlari hisobiga katta qarzlar olmoqda. Bu xabarlarga qaralsa, hukumatdagilar o‘zlarining shaxsiy daromadi yo‘lida oltindan qurol sifatida foydalanishayapti. Bu mamlakat foydasiga ishlatilmayapti, O‘zbekistondagi iqtisodiy va ijtimoy ahvol o‘tgan yigirma yil ichida yaxshilanmagan. Shunday ekan, oltin xususiy foyda uchun, hamda mamlakatdan kapitalni olib chiqish uchun ishlatiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

Your contact details
Disclaimer