Markaziy Osiyodan qisqa xabarlar

Image caption Oloy malikasi - Qurmonjon Dodxoh

O‘zbekiston qo‘shni qirg‘izistonlik kinochilarga Qurmonjon Dodxoh haqida film uchun Buxoroda suratga olish iltimosini rad qildi.

Bu haqda xabar bergan "Vecherniy Bishkek" nashriga ko‘ra, ayni filmning bir necha sahnalari Buxorada olinishi mo‘ljallangan bo‘lgan.

Ammo film rejissyori "bizga bu mamlakatdagi siyosiy vaziyatni ro‘kach qilib suratga olish uchun ruxsat berishmadi, natijada Qirg‘iziston janubida ishni davom ettirdik", - deb aytgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu bilan film ijodkorlari bir necha million som tejab qolishgan.

Qurmonjon Dodxoh 19 asrda oloy qirg‘izlarining yetakchisi bo‘lgan.

Image caption Turkiytil davlat rahbarlari Bodrumda yig‘ilishmoqda

Turkiyada kechayotgan turkiytil davlatlarning sammitida Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari qatnashmoqdalar.

Mintaqadagi eng yirik turkiytil davlat O‘zbekiston prezidenti esa sammitda ishtirok etayotgani yo‘q.

Xabarlarga ko‘ra, Turkiya rahbarlari sammitda ishtirok etayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan yakkama-yakka uchrashadi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Dushanbelik bitiruvchilar

Tojikiston poytaxti Dushanbeda shu yil o‘rta maktabni bitirgan o‘smir pichoqbozlik qurboni bo‘lgan.

Avvaliga o‘zaro aytishuv mushtlashuv va pichoqbozlik bilan yakun topgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, o‘smirlar ijtimoiy sahifalardan birida "urishib" qolishgan.

Aziya-Plyus axborot agentligiga ko‘ra, hozirda ayni hodisa bo‘yicha jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan va bir necha o‘smir hibsga olingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.