Obama Ovro‘po xavfsizligi uchun 1 milliard dollar ajratadi

Image copyright Reuters

Prezident Obama Ovro‘po xavfsizligi jamg‘armasi uchun 1 milliard dollar ajratish va Amerikaning qit‘adagi harbiy hozirligini oshirishga va‘da bergan.

AQSh prezidenti Polshaga NATO rahbarlari bilan uchrashuvga kelgan.

NATOga a‘zo davlatlar mudofaa vazirlari Bryusselda birinchi marta Rossiyaning Ukrainadagi amallarini muhokama qilish uchun to‘planishmoqda.

Uchrashuvda Moskvaning Ukrainaga nisbatan siyosatining uzoq muddatli strategik oqibatlari, shuningdek, NATOning ehtimoliy javob amallari haqida fikr almashiladi.

Shimoliy Atlantika Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar Rossiya Qrimni qo‘shib olishi ortidan sovuqlashgan.

Dushanba kuni Rossiyaning NATOdagi elchisi Aleksandr Grushko NATO Markaziy va Sharqiy Ovro‘poda qo‘shimcha jangovar kuchlarini joylashtirgani taqdirda Rossiya NATO bilan hamkorlikning asosini tashkil etuvchi Rossiya-NATO bitimidan chiqishini aytgan.

Frans press agentligi NATOning yuqori martabali vakilidan iqtibos keltirishicha, Bryusseldagi uchrashuvda mudofaa vazirlari Rossiyaga nisbatan "fundamental qaror" qabul qilishlari kutiladi.

Mulozimning aytishicha, keyinroq ushbu qaror NATOning sentyabr oyida Britaniyada o‘tadigan sammiti chog‘ida a‘zo davlatlar muhokamasiga qo‘yiladi.

Dushanba kuni Rossiya-NATO kengashida Ukraina masalasi muhokama etilgan.

NATO matbuoti kotibi Oana Lungeskuning aytishicha, NATO "Qrimning qo‘shib olinishi yuzasidan ochiq va qat‘iy mavqeyini takrorlagan".

"Ular NATO hech qachon Qrimning qo‘shib olinishini tan olmasligi, yaqinda o‘tgan saylovlar Ukrainaning butunligini qo‘llab-quvvatlaganini aytib, Rossiyani Ukrainaning yangi prezidenti bilan konstruktiv muloqotga chaqirishdi", - deb aytgan NATO so‘zchisi.

Ayni paytda Rossiya vakili Grushko NATO harbiy salohiyatining "sharqiy qanot" bo‘ylab harakatlanishi natijasida Ovro‘po sovuq urush davriga qaytishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Ukraina va g‘arb hukumatlari Rossiyani Ukraina sharqidagi qurolli bo‘lginchilikni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydilar, Moskva esa buni rad etadi.

"Muqaddas"

Ayni paytda Prezident Obama Qo‘shma Shtatlarning Ovro‘podagi ittifoqchilari oldidagi xavfsizlik majburiyatlarini "muqaddas", deb tasvirlagan.

Janob Obama Ukraina inqirozidan jiddiy xavotirda bo‘lgan NATO rahbarlari bilan muzokaralar olib borish uchun Polshaga tashrif buyurgan.

U Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi beqarorlik sabab Ovro‘podagi ishtirokini kuchaytirganini aytgan.

Prezident Obama Polshaga safarining birinchi kuni u yerdagi AQSh va Polsha harbiy havo kuchlari zobitlari bilan uchrashgan.

Janob Obama chorshanba kuni Varshavada Ukrainaning yangi saylangan Prezidenti Petro Poroshenko bilan ham uchrashishi kutilmoqda.

Ukrainaning o‘zida esa Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov Slavyansk shahri chetida qaqshatqich janglar ketayotganini aytgan.

U o‘zining Facebook dagi sahifasida shahar aholisini uydan chiqmaslik haqida ogohlantirgan.

Dushanba kuni Ukraina sharqidagi Lugansk shahri bo‘lginchilar va ukrain chegarachilari o‘rtasidagi janglarga sahna bo‘lgan.

Yetti chegarachi jarohat olgani va bir bo‘lginchi jangari halok bo‘lgani xabar qilingan.

Ukrain matbuotiga ko‘ra, bir necha yuz hujumchilar chegarachilar boshqarmasini egallashga uringan, ammo buning uddasidan chiqa olmay, qo‘shni hududga chekinganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.