Alisher Usmonovning Toshkentdagi masjid qurilishiga "aloqasi yo‘q"

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Toshkent markazida bunyod etilayotgan yirik masjid qurilishiga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Uzmetronom nashri janob Usmonovning tahririyatga yo‘llagan javobidan iqtibos keltirgan.

"Toshkentdagi masjid qurilishida ishtirok etayotganim haqida ayrim OAV tarqatgan tekshirilmagan va tasdiqlanmagan xabarlardan hayratga tushdim. Men uning qurilishida ishtirok etayotganim", deb aytgan Alisher Usmonov.

Ayni paytda janob Usmonov o‘ziga shunday murojaat bilan chiqishsa, "bu kabi yirik va muhim" loyihaga hissa qo‘shishga tayyorligini ham aytgan.

Avvalroq qator nashrlar Rossiya va Britaniyaning eng boy odamlaridan bo‘lgan Alisher Usmonov Toshkentning Yunusobod tumanidagi "Minor" qabristoni yonida bunyod etilayotgan ayni nomdagi masjidni moliyalayotgani borasida tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatgandi.

Bu kabi xabarlarga Alisher Usmonov yaqinlarining ushbu qabristonda dafn etilgani asos bo‘lgani taxmin etiladi.

Janob Usmonovning o‘tgan yil mayida O‘zbekiston poytaxtidagi avtomobil hodisasida vafot etgan jiyani Bobur Usmonov ham "Minor" qabristoniga qo‘yilgani xabar qilingan.

Rossiya matbuoti 29 yoshli Bobur Usmonovni Alisher Usmonovning ehtimoliy merosxo‘ri deb atagan.

"Prezidentning tashabbusi"

Image copyright AFP
Image caption Janob Usmonov masjid qurilishiga hissa qo‘shishga tayyorligini ham aytgan

Toshkentdagi masjid qurilishiga Alisher Usmonovning aloqasi yo‘qligini BBCga O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur ham tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident tomonidan imzolangan qarorda masjidning byudjet va diniy idora mablag‘lari hisobidan moliyalanishi aytilgan.

"Qurilishning ikkita manba‘si bor, xolos", - deb aytdi taniqli ulamo.

Shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, masjid qurilishi shaxsan Prezidentning tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda va uni 1 noyabrga tugallash rejalangan.

Ayni paytda diniy idora mulozimi masjid qurilishiga qancha mablag‘ sarflangani haqida ma‘lumot berishni istamadi.

4 ming kishiga mo‘ljallangan "Minor" masjidi qurilishining rasmiy buyurtmachisi, xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimiyatidir.

Islamsng nashrining axboroticha, masjid binosining rejasi milliy me‘morchilik uslubiga ko‘ra ishlab chiqilgan va sakkiz qirrali yirik xonaqoh, yerto‘la va ikkita ayvonni o‘z ichiga oladi.

Masjid 50 metr balandlikdagi ikkita minora va bir vaqtning o‘zida 100 kishiga xizmat ko‘rsatadigan tahoratxonaga ega bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, masjid yonida savdo majmuasi ham qurish rejalangan.

Aholisining 85 foizi musulmonlar bo‘lgan O‘zbekistonda davlat masjid va boshqa ibodatxonalar qurilishini qattiq nazorat qiladi.

1998 yilda "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" to‘g‘risidagi yangi qonunnning qabul qilinishi ortidan mamlakatdagi ko‘pgina masjidlar yopilgan va yangi masjidni ro‘yxatdan o‘tkazish tratibi qattiqlashtirilgan.

Hozirda 30 milliondan ortiq aholisining 90 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda 2050 ga yaqin masjid borligi aytiladi.

Bu 10 millionga yaqin musulmonlar yashaydigan Qozog‘iston yoki 2 millionga yaqin musulmon aholisiga ega Britaniyadagi masjidlar sonidan kamdir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.