O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq mahbus ozodlikka chiqarilgan

Image caption Bu safargi amnistiya ham siyosiy mahbuslarni chetlab o‘tgan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, o‘tgan yil dekabrida e‘lon qilingan so‘nggi amnistiyaga muvofiq, 3 ming 237 nafar mahbus qamoq va tergov hibsxonalaridan ozod etilgan.

Bu haqda Bosh prokuratura kollegiyasining 30 may kuni o‘tgan navbatdagi majlisida ma‘lum qilingan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, amnistiya ja‘mi 69 ming 497 kishiga qo‘llanilgan.

Bosh prokuratura joylarda amnistiya haqidagi qarorni qo‘llashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aytgan, ammo tafsilotlarni bermagan.

Ozod etilganlar orasida diniy-siyosiy ayblar bilan qamalganlarning bor-yo‘qligi haqida rasmiy ma‘lumot yo‘q.

Avfi umumiy emas

Avvalroq Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhi amnistiyaga tushgan dindorlardan birining turli vajlar bilan ozodlikka chiqarilmayotgani haqida xabar tarqatgandi.

2000 yilda davlat tuzumiga tajovuz qilish va diniy adovat qo‘zg‘ash singari ayblar bilan 15 yilga mahkum etilgan Isroil Alimovning yaqinlariga ko‘ra, u o‘tgan yil dekabrida Navoiydagi qamoqxonadan uyiga telefon qilib, onasiga o‘zining avf etilgani va tez kunda oilasi bag‘riga qaytishini aytgan.

Inson huquqlari guruhining mahbusning onasi, 80 yoshli nafaqaxo‘r Alimova Vazira opaning so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, Jazoni Ijro etish bosh boshqarmasi mulozimlari Isroil Alimovning avf etilganini tasdiqlashgan va "navbati kelishi bilan ozodlikka chiqarilishi"ni aytganlar.

Shu yilning 21 mart kuni Zarafshondagi 64/48 jazo muaassasi boshlig‘ining o‘rinbosari ham mahbusning onasiga uning avf etilganini tasdiqlagan, ammo unga va yana bir necha mahbus haqidagi so‘rovga "tegishli idoralardan javob kelmayotgani"ni aytgan.

Yaqinlari 34 yoshli Isroil Alimovning nima uchun qamoqdan bo‘shatilmaganining sababi o‘zlariga qorong‘u qolayotganini aytishadi.

Inson huquqlari faoli Sur‘at Ikromovning BBCga aytishicha, toshkentlik yana ikki dindor mahbuslarning yaqinlari ularga nisbatan avf qo‘llangani holda ozodlikka chiqarilmayotganidan shikoyat etib, uning tashkilotiga murojaat qilishgan.

Shu yil boshida Jazon ijro etish bosh boshqarmasi so‘nggi amnistiyaning "keng ko‘lamli" bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etgan.

Shu kunlarda "Ezgulik" jamiyati o‘z faoli Abdurasul Xudoynazarovning muddatidan avval ozodlikka chiqarilgani haqida xabar tarqatgan, ammo o‘tgan yilgi amnistiya, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi qator ko‘zga ko‘ringan siyosiy mahbuslarni chetlab o‘tgan.

Ulardan ikki nafari - muxolifatdagi "Erk" partiyasi faollari Murod Jo‘rayev va Muhammad Bekjonlarning avvalroq qamoq muddatlari uzaytirilgan.

Har ikki mahbus dastlabki qamoq muddatlarini o‘tab bo‘lgan va sog‘ligi jiddiy yomonlashgani aytiladi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini o‘zgacha fikrlovchilarni qamoqqa tashlash va ularga nisbatan qiynoq qo‘lashda ayblashadi.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda siyosiy mahbuslarning mavjudligini rad etib keladilar.

O‘tgan oy qarorgohi Londonda joylashgan Xalqart Amnistiya tashkiloti O‘zbekiston qamoq va hibsxonalarida qiynoqlarni to‘xtatishga qaratilgan global kampaniya boshlagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.