"Dunyoda Rossiyaga nisbatan munosabat yomonlashgan"

Image caption Ukraina hodisalari Rossiyaga nisbatan munosabatga ta‘sir ko‘rsatgan

BBC Jahon xizmati o‘tkazgan so‘rovda aniqlanishicha, o‘tgan yildan buyon jahonda Rossiyaga nisbatan munosabati yomonlashgan odamlarning soni ortgan.

BBC bu borada dunyoning 24 mamlakatida istiqomat qiladigan odamlarning fikrini o‘rgangan.

Ushbu jamoatchilik fikrni o‘rganish Rossiya Ukraina Qrimini o‘ziga qo‘shib olishdan oldin boshlangan, shunga qaramasdan, insonlarning Rossiyaga nisbatan munosabatlari salbiylashganini ko‘rsatgan.

2013 yilning dekabridan 2014 yilning apreligacha davom etgan omma fikrini o‘rganishda 24500 dan ortiq kishi qatnashgan.

BBC dunyoning u yoki bu mamlakatiga nisbatan odamlar fikrini 2005 yildan buyon o‘rganib keladi.

So‘nggi so‘rov shu yillar mobaynida o‘tkazilgan tadqiqotlar orasida Rossiyaga nisbatan munosabat eng salbiylashganini ko‘rsatgan.

Co‘rovda AQSh va Ovro‘po Ittifoqiga nisbatan ham fikrlar yomonlashgani ayonlashgan.

Biroq Olmoniyaning o‘rni oldingi yillarda olib borilgan tadqiqotlardagi mavqeda qolgan, dunyoning ko‘p mamlakatlaridagi odamlar hamon Olmoniyaga ancha ijobiy mamlakat sifatida qarashar ekan.

Ushbu reytingda Shimoliy Koreya va Eron eng yomon ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganlar.

So‘rov ishtirokchilaridan dunyodagi 16 mamlakat va Ovro‘po Ittifoqining xalqaro ta‘siriga baho berish so‘ralgan.

Bular AQSh, Britaniya, Braziliya, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Isroil, Kanada, Ovro‘po Ittifoqi, Olmoniya, Pokiston, Rossiya, Frantsiya, Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron va Hindistondir.

Savollar biror bir mamlakatga "asosan ijobiy" yoki "asosan salbiy" munosabat bildirish shaklida qo‘yilgan.

Rossiyaga munosabat yomonlashgani jahondagi barcha qit‘alarning 13 mamlakatida kuzatilgan.

Hammadan ham ko‘ra Ovro‘po mamlakatlari va Shimoliy Amerikada Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bildirilgan.

Frantsiyada fikri so‘ralganlarning 69 foizi, Olmoniyada 67 foizi, AQSh va Britaniyada 64 va Kanadada 62 foizi Rossiyaga nisbatan munosabati yomonligini bildirgan.

Aksar Osiyo mamlakatlarida Rossiyaga nisbatan munosabat ijobiy ekan.

Xitoyda respondentlarning 55 foizi, Hindistonda 38 foizi Rossiyani yaxshi qabul qilishlari haqida aytganlar.

"So‘rov asosan Qrim hodisalaridan oldin o‘tkazilgan, Sochi o‘yinlari, Xodorkovskiy va Pussy Riot guruhi a‘zolarining ozod qilingan paytiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham bu hodisalar qisqa vaqt ichida bo‘lgan va ayni shu paytda Putin Ukrainadan Ovro‘po Ittifoqi tomonga harkatlanishni to‘xtatishni talab qilgan va Kiyev ko‘chalarida ilk tartibsizliklar yuz bergan paytlar edi", deya tahlil qilgan Merilend universitetining xalqaro siyosatga nisbatan munosabatlarni o‘rganish dasturi direktori Stiven Kull.

BBCning o‘tkazayotgan so‘rovlari oxirgi uch yil mobaynida AQShga nisbatan ham munosabat yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda.

Amerikaga salbiy munosabatda bo‘lganlar Pokistonda 61 foiz, Xitoyda 59 foiz, Olmoniyada 57 foiz va Rossiyada 52 foizni tashkil qilishi ma‘lum bo‘lgan.

Hammadan ham ko‘ra Ispaniya, Olmoniya va Braziliyada AQShga nisbatan munosabat yomonlashgan, bu mamlakatlarda salbiy fikr bildirganlar avvalgi yilgi so‘rovlarga solishtirganda 15 foizdan 19 foizgacha ko‘paygan.

BBC buyurtmasi bo‘yicha so‘roq o‘tkazgan GlobeScan shirkati vakili Layonel Belle fikricha, buning sababi AQSh bu mamlakatda telefonlarni yashirincha tinglagani oshkor bo‘lgan paytiga to‘g‘ri kelganidir.

"AQSh tanqidchilari Ispaniya, Olmoniya va Braziliyada ko‘paygani balki tasodif emasdir. Bular aynan AQShning keng qamrovli josuslik faoliyati aniqlangan va keng tanqid qilingan mamlakatlardir", deb aytgan GlobeScan shirkati vakili.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.