Xitoy: Tyananmenda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Image copyright Getty

Tyananmen maydonida yuz bergan qonli hodisaning 25 yilligi oldidan poytaxtda Xitoy xavfsizlik kuchlarining faolligi oshirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Pekinning Tyananmen maydonidagi xorijiy jurnalistlar va yo‘lovchilar sinchiklab tekshiruvdan o‘tkazilib, hujjatlari tekshirilmoqda.

Oxirgi haftada hukumat ushbu marosim oldidan bir qancha faollar, huquqshunos va jurnalistlarni hibsga olgan.

Ommaviy axborot vositalari Tyananmen hodisalari haqida xabarlarni tarqatish "jiddiy oqibatlar"ga sabab bo‘lishidan ogohlantirilgan.

1989 yil siyosiy islohotlarni talab qilib chiqqan talabalar namoyishi kommunistik partiya tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgan.

Xitoy hukumati 1989 yilgi noroziliklarni inqilobga qarshi deya baholagan.

Image copyright AP

Biroq Hongongda minglab odamlar Tyananmen maydonidagi xotira aktsiyasida qatnashishlari kutilmoqda.

Tayvandagi faollar guruhi ham Tyananmenni xotirlashga chaqirgan.

Tayvan va Yaponiya hukumatlari rasmiy Pekinni xotira marosimi o‘tkazib, inson haqlari vaziyatiga munosabatini yaxshilashga chaqirgan.

Image copyright

Muxbirlarga ko‘ra, ayni paytda Tyananmenda o‘nlab politsiya avtomashinalari bilan o‘rab olingan. Yana qo‘shimcha harbiylar maydonni nazorat qilishga olib kelinayotgani aytiladi.

Amnesty Internationalga ko‘ra, 66 kishi ushlanib, so‘roq qilingan yoki bedarak ketgan.

Xitoyda qonli hodisa yilligi bois, internetga, jumladan Google qidirish tizimiga cheklovlar o‘rnatilgan.

Image copyright Getty

"Afsuski, men marhumlarga hurmat ma‘nosida maydonga borolmayman", deb aytgan oxirgi olti yilni turma va uy qamog‘ida o‘tkazgan xitoylik faol, Nobel mukofoti sohibi Xu Tszya.

"Lekin bu voqea va qurbonlar 25 yil o‘tgach ham unutilmagani menga taskin beradi", deb aytgan u Associated Pressga.

Image copyright AFP

Tyananmen namoyishlari

1978 yildan Xitoy o‘zining iqtisodini dunyoga ochdi, lekin kommunistlar siyosat ustidan to‘liq nazoratni davom ettiraverdi.

1989 yil yuz minglab odamlar siyosiy islohotlar talab qilib Pekinning Tyananmen maydoniga yig‘ilishdi.

Norozilik harakati qatnashchilari bir necha hafta mobaynida maydonda qolishdi. Bu paytda boshqaruvdagi Kommunistik partiya ichida hokimiyat uchun keskin kurash ketayotgan edi.

Image copyright AFP

Norozilarga qarshi keskin harakat tarafdorlari bo‘lgan kommunistlar namoyishchilarni kuch bilan tarqatishga buyruq berdi va ko‘chalardagi yuzlab odamlar o‘ldirildi.

Ushbu namoyishlar Xitoy Xalq Respublikasi tuzilgan 1949 yildan buyon kommunistik hukumatga qarshi eng yirik qo‘zg‘olon edi.

Olti haftalik noroziliklarga qarshi hukumat shafqatsiz javob qaytardi. Erkinlik istab ko‘chaga chiqqan yuzlab odamlar 1989 yil 4 iyunda qurbon qilindi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.