Saudiya Arabistoni: Futbol, hatto, podshohlarga ham bas keloladi

Image copyright AFP

Ha, ishonavering, Buyuk Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "The Economist" haftaligida chop etilgan maqola xuddi shu mavzuga bag‘ishlanadi.

"Futboldan boshqa har qanday holatda mamlakat xavfsizlik kuchlari ovozini baland qo‘ygan minglab saudiyaliklarni bir zumda tinchlantirib qo‘yishadi. Ammo har hafta podshohlik bo‘ylab "Al-Hilol" bo‘ladimi va yoki "Al-Nassr", mahalliy futbol ishqibozlari o‘z sevimli jamoalarini qo‘llab, bemalol stadionlarni boshlariga ko‘tarishadi", - deb boshlanadi ushbu maqola.

Agar, maqolada so‘zlaridan iqtibos keltirilgan saudiyalik professorning bahosiga tayanilsa, "futbol podshohlikda so‘z erkinligining kamdan-kam imkoniyati sifatida o‘rtaga chiqqan".

Maqolada yozilishicha, futbol – podshohlik oilasi ommaning bosimi qarshisida miq etmay yon beruvchi yagona faoliyat turidir.

"Bunga 2012 yilgi voqeaning o‘zi bir misol. O‘shanda milliy terma jamoa shu yil Braziliyada bo‘lib o‘tuvchi jahon chempionatiga chiqa olmaydi. Bundan norozi saudiyaliklar o‘ziga orqa o‘girisharkan, kimsan shahzoda Navaf bin Fayzal Saudiya Arabistoni Futbol Federatsiyasi prezidentligidan iste‘fo berishga majbur bo‘ladi", - deya yoziladi maqolada.

O‘tgan yil esa, sevimli jamoalarining ketma-ket mag‘lubiyati ortidan, mahalliy futbol ishqibozlari ming podshohning o‘g‘li bo‘lmaydimi, shahzoda Fayzal bin Turkiyni "Al-Nassr" prezidentligidan ketkazmoqchi bo‘lishadi.

To‘g‘ri, alal-oqibat ular buning uddasidan chiqa olishmaydi.

Ammo futbol ishqibozlarining o‘z maqsadlariga erishish uchun ijtimoiy muloqot tarmoqlarida olib borgan kampaniyalari saudiyaliklar o‘z noroziliklarini oshkora va erin izhor eta olgan kamdan-kam misollardan biridir.

Image copyright Getty

"Yana Saudiya Arabistoni Futbol Federatsiyasi prezidentligiga saylovlarni aytmaysizmi: odamlari biror bir durustroq lavozimga ovoz berib, kimsa saylashga deyarli imkonsiz bo‘lgan podshohlikda eng erkini.., - deya davom etadi maqola.

Deylik, shahzoda Navafning iste‘fosi ortidan, Ahmad Iyd al-Harbiyning uning o‘rniga uyushma prezidenti etib saylanishi bunga bir misol.

Chunki sobiq darvozabon bo‘lmish Ahmad Iyd al-Harbiy ushbu lavozimni egallagan birinchi oddiy, ya‘ni tomirida podshohlik qoni oqmagan saudiyalik bo‘lgandi.

Ustiga ustak, u aksariyat saudiyaliklar unday nazarga ilmaydigan qora tanli inson edi.

Arab dunyosining kattagina qismini o‘z zabtiga olgan 2011 yilgi ommaviy namoyishlar ortidan esa, Saudiya Arabistoni hukmdorlari oddiy aholining bir joyga to‘planishidan yurak oldirib qo‘yishgan.

Saudlar oilasi bilan birga podshohlikni boshqarishda katta ta‘sirga ega ayrim o‘ta an‘anador vahhobiy ulamolari esa, sportga tanqidiy qarashda.

Ularga ko‘ra, sport odamlarni dindan chalg‘itadi.

Ammo, shunda ham, podshohlik oilasining mintaqada eng ommabopi bo‘lgan futbolga tegishga, qandaydir, haddi sig‘maydi.

Saudiyaliklar hozirga kelib, o‘zlarini biroz bo‘lsa-da, erkinroq his etishmoqda: Ular qahvaxonalarga borib, Twitter, Facebook va YouTubeda ko‘ngillaridagi borini to‘kib solishlari mumkin.

Lekin, agar, hukmdorlari futbolga daxl qilgudek bo‘lsa, minglab ashaddiy ishqiboz fuqarolarining ularga qizil kartochka ko‘rsatib qo‘yishlari aniq, deya xulosa qiladi "The Economist".

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.