Rasman: Jahon chempionati O‘zbekistonga jonli translyatsiya etiladi

Bu xabarni O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida rasman tasdiqladi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ravshan Mahamadaliyevning aytishicha, bu masalada Osiyo-Tinch ummoni havzasi teleradio eshittiruvchilar uyushmasining to‘laqonli a‘zosi ekanliklari ish bergan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, uyushma 2004 yildan buyon o‘zlariga dunyo miqyosidagi yirik sport musobaqalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatish huquqlarini sotib olishda bevosita yordam berib keladi va bu gal ham aynan ularning ko‘magida futbol bo‘yicha Braziliyada bo‘lib o‘tajak jahon chempionatini jonli translyatsiya etish huquqini qo‘lga kiritishgan:

Dunyoning 32 milliy terma jamoasi yagona kubok uchun bellashuvchi dunyo birinchiligi shu yilning 12 iyun kuni start oladi va bir oy davom etadi.

Jahon chempionatiga sanoqli kunlar qolgan bir paytda xuddi shu masala o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari orasida ham asosiy suhbat mavzularidan biriga aylangandi.

So‘nggi kunlarda qator internet nashrlari ham ushbu masalaga e‘tibor qaratishgan va O‘zbekiston tomoni translyatsiya huquqini arzonroq bahoda sotib olish uchun muzokaralar olib borayotgani haqida yozishgandi.

Agar, ushbu xabarlarga tayanilsa, buning uchun O‘zbekiston tarafidan 1 million AQSh dollari atrofida mablag‘ so‘ralgan.

Ammo O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari bo‘lgan Ravshan Mahamadaliyev biz bilan suhbatida bu kabi xabarlarni tasdiqlay olmasligini aytdi.

Suhbatdoshimiz tijorat siri ekani bois aniq raqamlarni ochiqlash vakolatiga ega emasligi, ammo bo‘lajak jahon chempionatini jonli translyatsiya huquqini qo‘lga kiritishlarida Osiyo-Tinch ummoni havzasi teleradio eshittiruvchilar uyushmasining yordami juda katta bo‘lganini yana bir bor ta‘kidladi.

Milliy teleradiokompaniyasi mas‘ulining so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, erishilgan bitimga muvofiq, jahon birinchiligi O‘zbekistonga boshdan-oyoq olib uzatiladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, FIFA - Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasi jahon chempionatini jonli translyatsiya etish huquqini sotishda bir xil narx tayin etmagan.

Deylik, tijorat siri ekani bois, rasman oshkor etilmasa-da, Germaniya kabi yetakchi Ovro‘po davlatlari buning uchun 100 million dollargacha haq to‘lashlari aytiladi.

Jahon chempionatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri televizion ekranlari orqali tomosha qilishga imkonli bo‘lishi esa, oddiy germaniyalikning konstitutsion huquqi sanaladi.

O‘zbekistonda, odatda, bu huquqni mamlakat milliy teleradiokompaniyasi sotib oladi.

Jumladan, teleradiokompaniya Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan 2010 yilgi jahon chempionatini ham O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatishga ham imkonli bo‘lgandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham dunyoning ko‘plab futbolsevar davlatlarida bo‘lgani kabi jahon birinchiligi kabi yirik futbol turnirlarini, qahvaxonalar, restoranlar va klublarda tomosha qilish urf bo‘lgan.

Image caption O‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov o‘z brigadasi bilan

Suhbatdoshimiz Ravshan Mahamadaliyevning aytishicha, "teleradiokompaniya bu masalani ham ko‘p sonli tomoshabinlarning istak-xohishlarini inobatga olgan holda, ham ular va ham o‘zlari uchun qulay bo‘lgan shartlar asosida hal qilishga harakat qilib ko‘radi".

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu yilgi jahon chempionatida ham ishtirok etmaydi.

Jamoa Osiyo qit‘asi so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy uchrashuvida jahon birinchiligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish va yarimta yo‘llanma uchun kurashda esa, pley-off bosqich uchrashuvlarini Iordaniyaga boy bergandi.

Ikki marta saralash bosqich bellashuvlarining pley-off bosqichigacha borgan esa-da, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga hozircha jahon chempionatining final uchrashuvlarida to‘p surish nasib etmagan.

Ammo, ta‘kidlash joiz, bu gal ham jahon chempionatida O‘zbekistonni taniqli hakami, to‘rt karra "Osiyoning eng zo‘r hakami" Ravshan Ermatov namoyon etadi.

Bu - Ravshanning 37 yoshida ketma-ket ikkinchi bor jahon birinchiligida hakamlik qilishi va butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini yakka o‘zi namoyon etishi bo‘ladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.