BBCUzbek.com ning ijtimoiy mediadagi yangi loyihasiga marhamat!

Shu hafta e‘lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi 30-eng baxtiyor davlatdir.

Gallup World olib borgan so‘rovda dunyoning 138 davlatidan 1000 nafardan odam ishtirok etgan.

15 yosh va undan yuqoridagi respondentlardan bir kun avval xursand bo‘lishgani, hurmatlari joyiga qo‘yilgani, hordiq chiqarganlari va boshqa ijobiy hissiyotlar haqida so‘ralgan.

Keyinroq javoblar Ijobiy Hissiyotlar Indeksiga joylashtirilgan.

O‘zbekiston ushbu indeksda bu yil AQShdan bor-yo‘g‘i besh o‘rin pastda.

Dunyoning eng baxtli odamlari Gallup versiyasiga ko‘ra, Lotin Amerikasida yashashadi.

Jadvaldagi birinchi o‘rinni ketma-ket uchinchi yil Paragvay egallagan.

Baxt pulda emas...

Gallup so‘rovi odamlar o‘zlarini baxtiyor his qilishlari uchun pulning ahamiyati borligi, ammo baxtni pulga sotib olib bo‘lmasligini ko‘rsatgan.

Jumladan, bundan avval Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilgan so‘rov yuqori daromad baxtiyorlik hissiga sezilarli ta‘sir ko‘rsatishini tasdiqlagan, ammo faqat 75 ming dollarga qadar.

Undan yuqorisi baxtiyorlik darajasiga unchalik ta‘sir ko‘rsatmas ekan.

O‘zbekiston sobiq sovet davlatlari orasida birinchi 30 talikka kirgan yagona davlatdir.

Mintaqadan Qozog‘iston 98, Rossiya esa 104-o‘rinda.

O‘zbekiston baxtiyorlikda neftga boy Quvayt va Saudiya Arabistoni, shuningdek, Olmoniya va Britaniya singari Ovro‘poning yetakchi davlatlarini ham ortda qoldirgan.

Londondagi SOAS (Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq tadqiqotlari) universitetidan Alisher Ilhomovning aytishicha, bu kabi miqdoriy so‘rovlarni mutlaq haqiqat, deb qabul qilmaslik kerak.

"Milliy o‘ziga xosliklar va mahalliy ijtimoiy sharoitlar bu kabi standart savollarning javoblariga katta ta‘sir ko‘rsatadi", - deydi o‘zbekistonlik sotsiolog.

Gallup ning baxtiyorlik ro‘yxatida fuqarolar urushi yuz berayotgan Suriya ikkinchi yil ketma-ket oxirgi o‘rinni egallagan.

Umumiyat-la, tadqiqot natijalari dunyodagi ziddiyat va inqirozlarga qaramay, odamlar 10 yil avvalgidan ko‘ra o‘zlarini baxtliroq his qilayotganliklarini ko‘rsatgan.

Baxtiyorlik indeksi haqidagi fikringiz qanday?. Sizning-cha, baxt nima?. Qachon o‘zingizni baxtiyor his qilasiz?. Ayni mavzudagi bahsimizda ishtirok etmoqchi bo‘lsangiz, 11 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 14 dan boshlab Facebook dagi BBC Uzbek sahifasini kuzatib boring.

BBCUzbek.com ning ijtimoiy mediadagi yangi loyihasiga marhamat!.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.