Vena prokuraturasi: "Aliyevning ushlanishi ekstraditsiyani anglatmaydi"

Image caption Rohat Aliyev Venada huquq-tartibot organlariga o‘zi taslim bo‘lgan

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovi Rohat Aliyev Venada hibsga olingan.

Bu haqda Avstriyaning Austria Presse Agentur agentligi Aliyev janoblarining himoyachisi Manfred Aynetderga tayanib xabar qilgan.

Uning aytishicha, Rohat Aliyev o‘zi huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.

Qozog‘iston prezidenti Nazarboyevning sobiq kuyovi muqaddam mamlakatdagi eng "gapi o‘tadigan" shaxslardan bo‘lgan.

U Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi, soliq xizmati va Tashqi ishlar vazirligida ishlagan.

Bir muddat Qozog‘istonning Avstriyadagi elchisi bo‘lgan.

2008 yilda Aliyev Qozog‘istonda jinoiy guruh tashkil etishda ayblanib uzoq yillik qamoq jazosiga sirtdan hukm etilgandi.

Unga shuningdek, odam o‘g‘irlash va hokimiyatni egallashga tayyorgarlik kabi ayblar qo‘yilgan edi.

2011 yilda esa Rohat Aliyevga qarshi yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Bu gal uni mamlakatning yirik banklaridan birida ishlagan yuqori lavozimli menejerni o‘ldirishda gumon qilishdi.

Aliyev janoblari prezident Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyevaning sobiq eridir.

U o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni siyosiy asoslarga ega deya rad etib keladi.

Avstriya 2011 yilda Aliyev janoblarining ishi bo‘yicha o‘z taftishlarini boshlagan edi.

Ammo Vena ikki marta ham Qozog‘istonning Rohat Aliyevni qaytarishga doir talablarini rad etgan.

BBC bilan suhbatda Vena prokuraturasi matbuot xizmatining boshlig‘i Tomas Vichchay janob Aliyevning hibsga olinganini tasdiqladi.

Vichchay: Janob Aliyevning kecha tunda Venada hibsga olinganini tasdiqlay olaman. Vena prokuratura idorasida qotillik gumonida hibsga olish orderi bor edi.

BBC: Janob Aliyev o‘z xohishi bilan taslim bo‘lganini tasdiqlay olasizmi?

Vichchay: Tasdiqlay olaman, ha.

BBC: Endi nima bo‘ladi?

Vichchay: Bugun Vena prokuraturasi tergov o‘tkazish uchun mahkamaga qadar tergov hibsda saqlashni so‘rab ariza topshirdi. Vena mahkamasi bugun ushbu arizani ko‘rib chiqadi.

BBC: Avstriyada shubhalanuvchi shaxs qancha vaqt hibsda ushlab turilishi mumkin?

Vichchay: mahkamaga qadar hibsda ushlab turishni qayta ko‘rish yuzasidan aniq muddat belgilangan. Birinchi muddat hibsga olinishdan 14 kun o‘tib tugaydi. Undan keyin qamoq muddatini uzaytirish bo‘yicha yangi qaror olinadi.

BBC: Janob Aliyev ishida Qozog‘istondan ekstraditsiya talabi bo‘lganini va bu talab Avstriya tomonidan rad etilganini tasdiqlay olasizmi?

Vichchay: Bir muddat avval bir marta ekstraditsiya talabi bo‘lgandi. Bu talabni Avstriya rad qilish haqida qaror chiqardi. Aynan shu sabab Avstriya qotillik ayblovi yuzasidan tergov o‘tkazayapti. Bu qonuniy tartib. Ya‘ni, ekstraditsiya qilmaydigan mamlakat huquqiy jihatdan tekshiruv ishlarini o‘tkazishi kerak.

BBC: Bu ekstraditsiya amalga oshirilmagan esa-da, jinoyat ishi Avstraliyada ko‘riladi degan ma‘noni anglatadimi?

Vichchay: Bu endi Avstriya ichidagi jinoyat ishi hisoblanadi va Avstriya hududida huquqiy jihatdan ko‘rib chiqiladi. Ammo bu gal ekstraditsiya haqida so‘z bormaydi.

BBC: Hodisa Qozog‘istonda yuz bergan bo‘lishi mumkinligi va barcha guvohlarning Qozog‘istonda ekani inobatga olinsa, Aliyev ustidan qo‘zg‘atilgan ish juda murakkab va uzoq davom etishi mumkin-mi?

Vichchay: Ishning shuncha paytdan buyon cho‘zilayotgani sababi ham shu. Matbuot bizdan "Nima uchun aynan hozir, oradan ikki yil o‘tib hibsga oldingiz?" - deb so‘raydi. Ishning murakkabligi buni taqozo etadi. Biz albattaki ko‘rsatmalarni Qozog‘istondan olishimiz kerak; biz allaqachon bir necha guvoh ko‘rsatmasini oldik. Bularning bari video orqali bo‘ldi. Ishning bu tartibda olib borilishi uning amaliy jihatdan muammolarga ega ekanini ko‘rsatadi. Ammo, bu ham ishning bir qismidir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.