Ruslan Chagayev: "Men O‘zbekiston bayrog‘i ostida ringga tushaman"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright ruslan chagaev

O‘zbekistonlik nomdor bokschi bu haqda qayta jahon chempionligi uchun bo‘lajak janggi oldidan Checheniston poytaxti Grozniydan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida bildirdi.

Ruslan Chagayev shu shanba 7 iyun kuni puerto-rikolik bokschi Fres Okendoga qarshi ringga chiqadi.

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasi bo‘yicha muntazam jahon chempionligi kamari uchun jang Grozniydagi 30.000 kishilik "Ahmat Arena"sida bo‘lib o‘tadi.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, professional karerasida ilk bor jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

Ta‘kidlash joiz, o‘zbekistonlik nomdor bokschi shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Ammo oradan ikki yil o‘tib, ukrainalik nomdor bokschi, o‘sha paytda professional boksning WBO, WBA va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni bo‘lgan Vladimir Klichkoga yengilib, muntazam chempionlik unvonidan mahrum bo‘lgan.

Ruslan Chagayev so‘nggi bor 2011 yilda jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqqan, ammo jangini rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinga boy bergandi.

Ayni o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joiz, Ruslan Chagayev so‘nggi ikki yilda o‘tkazgan har besh reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

Joriy paytda o‘zbekistonlik taniqli bokschi WBA reytingida 3-o‘rinni egallab turibdi.

Bo‘lajak jang haqida

Image copyright livefight.com

Ruslan Chagayevning qayta jahon chempionligi uchun jangiga hozirlik ko‘rayotgan Grozniydan bizga bergan suhbatida aytishicha, ringga faqat g‘alaba uchun tushadi.

"Fres Okendo kuchli bokschi. Juda katta tajribaga ega. Shuning uchun ham, Xudo xohlasa, yaxshi kayfiyat, yaxshi tayyorgarlik bilan jangga chiqamiz. Yutishga harakat qilamiz. Xudo xohlasa, shu jangda yutamiz. Jahon chempionligi kamarini yana qaytarib olamiz, Xudo xohlasa", - deydi u.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, puerto-rikalik 41 yoshli Fres Okendo professional boksdagi karerasini Ruslandan to‘rt yil oldin boshlagan va undan besh yosh katta.

1997 yildan buyon professional ringda 43 ta jang o‘tkazgan va shuning 37 tasida g‘alaba qozongan.

Joriy paytda NABA va WBA Fedelatin kamarlari sohibi sanalsa-da, Ruslandan farqli tarzda shu paytgacha o‘z tasnifi va vazni toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritolmagan.

Hozirda WBA Intercontinental va PABA kamarlari sohibi bo‘lgan Ruslan Chagayev biz bilan suhbatida bo‘lajak raqibi o‘zini zarracha cho‘chitmayotgani, jangini jangovar kayfiyatda o‘tkazishini alohida ta‘kidlaydi.

Uning aytishicha, iqlimi va havosi boshqacha ekani bois, moslashib olish uchun bir oydan buyon Checheniston poytaxti Grozniyda murabbiysi, o‘z vaqtida dunyoning eng nomdor bokschilaridan biri bo‘lgan Artur Grigoryan qo‘l ostida hal qiluvchi jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

"Sparring hamkorlar deysizmi, bu yerda hamma shart-sharoit bor", - derkan, janglariga odatda Germaniya va Amerikada tayyorgarlik ko‘rgan o‘zbekistonlik bokschi joriy paytdagi hozirligidan qoniqish hosil qilayotganini ham ta‘kidlaydi.

Tarixcha o‘rnida

Image copyright Reuters

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, 2012 yildan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida o‘tkazib kelayotgan Ruslan o‘tgan yildan beri Chechenistonning Ahmat Hoji Qodirov nomidagi boks klubini namoyon etadi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, o‘zbekistonlik bokschi hozir ham erkin agent maqomida Germaniyada yashab, boks bilan shug‘ullanib keladi.

Undan oldin esa, Ruslan o‘n yilcha Germaniyaning Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelgan.

O‘zbekistonlik nomdor bokschining professional boksda o‘tkazgan ja‘mi janglari soni hozir 35 taga yetgan bo‘lsa, shundan 32 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasida durang natija qayd etgan.

Ruslan Chagayev jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritsa, o‘zining sobiq raqibi, WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida superchempion bo‘lgan ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko bilan ham jang o‘tkazish rejasida.

Ruslan yana ringga tushishni niyat qilayotgan ukrainalik nomdor bokschi joriy paytda professional boksning WBO, WBA va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni ham hisoblanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.