Davron Hotam: O‘sh hodisalari O‘zbek ijodkorlarini larzaga solgandi

Davron Nasibxonov 1981 yil 26 oktyabrda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ilgan.

1999-2004 yillarda O‘sh Davlat universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.

Davron Hotam taxallusi bilan ijod qiladi.

"Xirgoyi", "Ko‘ngulga yo‘l" she‘riy to‘plamlarining muallifi.

Talabalik chog‘laridan boshlab, mahalliy "Demos Tayms", "Farg‘ona" ro‘znomalarida muxbir, "DDD" va "Iqtidor" gazetalarida muharrir, "Siyosat" gazetasida kreativ bo‘lim muharriri sifatida faoliyat olib borgan.

2004 yildan 2010 yilga qadar O‘sh Davlat universitetida zamonaviy adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha talabalarga saboq bergan.

Universitetda tashkil etilgan "Navnihol" xalq teatrida aktyor va rejissyor yordamchisi sifatida faoliyat olib borgan.

Ayni vaqtda 2012 yili millatlararo do‘stlikni tiklash maqsadida O‘shda tashkil etilgan "Intimaq" xududiy jamoat teleradiokompaniyasida O‘zbek bo‘limining muharriri sifatida ishlaydi.

Mazkur kompaniyaning radio, televideniye hamda o‘z sayti bo‘lib, ma‘lumotlar o‘zbek, qirg‘iz va rus tillarida berib boriladi.

Davron Hotam Markaziy Osiyo o‘zbek ijodkorlari uchun tashkil etilgan "Ijodkor" saytining asoschisi hisoblanadi. Davron Hotamning BBC mushtariylari savollariga javoblari

Davron Hotam: Assalomu alaykum! E‘tibor qilganinglar uchun va har bir insonga vaqtini ajratgani uchun rahmat aytaman.

Botir, London: O‘shda hozir ahvol qanday? 2010 yil voqealari O‘zbeklarning umumiy kayfiyatiga qanday ta‘sir qildi. Qolaversa, adabiyot, san‘at va madaniyat vakillariga qanday ta‘siri bilindi?

Davron Hotam: Rahmat, albatta, hol so‘raganlari va bugungi kunda Qirg‘izistondagi O‘zbeklarning ahvoli bilan qiziqqanlari, qayg‘urganlari uchun. Xudoga shukrki, bugungi kunda ahvol judayam bir nochor deb aytib bo‘lmaydi. Bugun vaziyat ancha yumshagan va hayot davom etmoqda. Shu bilan birgalikda, bundan bir necha yil avval bir-birining o‘rtasida nizo chiqqan millatlar bugun savdo qilishmoqda, hamkorlikda ishlashmoqda. Va ko‘p foiz bilan qaraganimizda, ular bir-birlarisiz yashay olmasliklarini yana bir bora tushunib yetishdi. Xudo buni qaytarmasin boshqa, lekin shunday voqea bo‘ldi. Bu ziyolilarga katta bir ta‘sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, ijodkorlar ko‘ngli juda nozik, tez ta‘sirlanuvchi insonlar sifatida shokka tushishdi desam bo‘ladi. Ular bir salbiy holatlar yoki tushkun kayfiyatlarga tushib qolishgani sir emas. Men buni ko‘p kuzatdim. Shu orada tushkun kayfiyatdagi she‘rlar ham paydo bo‘ldi. Lekin bugunga kelib, hamma-hammasi yana o‘z iziga tushib bormoqda, busiz iloji ham yo‘q. Hayot albatta davom etadi. O‘tgan muammolar, o‘tgan qonli kunlar albatta bizga bir saboq bo‘ladi degan umiddamiz.

Qurbonali, O‘zgan: Siz marhum jurnalist Alisher Soipovni qanday eslaysiz? Adashmasam, sizlar birga ishlagansizlar?

Davron Hotam: Rahmat savol uchun. Alisherni Alloh rahmat qilsin! Alisher bilan biz nafaqat birga ishlaganmiz, balki u bilan 1999 yildan beri yaqin do‘st edik, desak bo‘ladi. Bitta fakultetda o‘qiganmiz. Mendan bir kurs balandda o‘qigan. Shu fakultetda bizning didlarimiz, qiziqishlarimiz bir-biriga mos tushganligi bois bir do‘st, aka-uka qatori yashab, o‘qib keldik. Va bir necha gazetalarda hamkorlikda ishlaganmiz. Ilk jurnalistik ishimiz ham birga bo‘lgan Alisher rahmatli bilan. Keyinchalik Alisher Soipov ta‘sis etgan "Siyosat" gazetasida ham uning yordamchisi sifatida birga ishladim. Alisher jur‘atli yigit edi. Va ana shu jur‘atini boshqalarga ham yuqtira oladigan bir inson edi. Mehnatkash edi. Hech qachon bir ishni qilayotib, boshqasiga vaqt ajrata olmay qo‘ymasdi. Ya‘ni bir vaqtning o‘zida ikki-uch ishni qiladigan yigit edi. Balki ana shu vaqt juda ham oz berilganini his qilganmi, juda ko‘p ishlarga oz vaqt ichida ulgurishga harakat qilar edi. Juda ham nozikta‘b, adabiyotni, she‘riyatni juda chuqur tushunadigan, chuqur ilg‘ay oladigan, shu bilan birga bugungi kunda yoshlar orasidagi kam sonli savodxon yigitlardan biri edi. Alloh rahmat qilsin! Doimo yaxshi so‘zlar bilan, yaxshi xotiralar bilan eslayman men do‘stimni.

Bahodir, O‘zbekiston: Qirg‘izistonda jurnalistikaga nisbatan tsenzura qanday?

Davron Hotam: Odatda Qirg‘iziston deganda, ko‘proq demokratiya orolchasi, Qirg‘iziston - qo‘shni o‘lkalarga qaraganda demokratiyada ancha ilgari va so‘z erkinligi ko‘p, degan gaplar aytiladi. Chindan ham, nisbatan olib qaraganda shunday imkoniyatlar bor. Ya‘ni, ruxsat etilgan mavzularda siz istagancha fikringizni aytishingiz, istagancha bir lavha yoki maqola tayyorlashingiz mumkin. Xususan, olib qaraydigan bo‘lsak, 2010 yilgacha bu narsa mening nazarimda, O‘zbeklarga ham tegishli edi va O‘zbeklar ham bu narsadan foydalangandek bo‘ldi.

Lekin 2010 yildan keyin bu ichki tsenzura deb qo‘yamizmi yoki ichki bir qo‘rquvmi, har holda O‘zbek millatidagi insonlar o‘z fikrini ochiq aytishdan toyadigan, iymanadigan yoki jurnalistlar ham ba‘zi bir nozik masalalarda to‘g‘risi, to‘xtalmaslikni to‘g‘ri yo‘l sifatida ko‘rayotganlarini kuzatishimiz mumkin. Chunki, birinchidan juda ko‘p narsalar 2010 yildan keyin oshkor etilmayapti. Juda ko‘p mavzularga qo‘l uradigan bo‘lsangiz, uning isbotini, dalilini topishingiz kerak bo‘ladi. Bu juda ham qiyin. Mahalliy jurnalistikada, Qirg‘iziston ichida bizning O‘zbek matbuotining obro‘si unchalik baland bir darajada deb aytolmayman, ya‘ni sizning o‘quvchilaringiz, tomoshabinlaringiz sizni hech qachon himoya qilib chiqa olmaydi. Bizda bunday yuksak bir kuchga ega bo‘lgan O‘zbek matbuoti yo‘q hisobi. Ya‘ni, minbarning o‘zi yo‘q ekan, jurnalistlar bugungi kunda nima haqda va qaysi bir muammoni ko‘tarishi mumkin? Lekin siz bir xalqaro radio yoki boshqa ommaviy axborot vositalarining xodimi bo‘lsangiz, Qirg‘izistonda ancha erkinlik bor. Xalqaro tashkilot jurnalisti sifatida sizda jur‘at yetarli bo‘lsa, bu uchun sizni siquvga olishmaydi. Har holda imkoniyatlar nisbatan kengroq, deb aytsa bo‘ladi.

Alisher: "Intimaq" teleradiokompaniyasini tuzishdan maqsad nima edi, u kimning tashabbusi va o‘z vazifasini qanday bajaryapti?

Davron Hotam: Rahmat. Ayni kunlarda men ana shu "Intimaq" teleradiokompaniyasida O‘zbek bo‘limining muharriri sifatida faoliyat olib borayapman. Bu kompaniya 2012 yil tashkil etilgan. 2010 yilgacha Qirg‘izistonda o‘zbek tilida ko‘rsatuv olib boruvchi medialar yoki gazetalar anchagina edi. Lekin 2010 yildan keyin gazetalar ham, televideniyelar ham, radioeshittirishlar ham to‘xtatildi. Va shunday bir bo‘shliq paydo bo‘ldiki, O‘zbek tilida biror bir axborot yetkazish muammo bo‘lib qoldi. Shu vaqtda Internyus bilan hamkorlikda bir loyiha yozildi. U o‘zbek tilida ma‘lumot olishni istagan odamlar uchun, ularni bugungi kundagi ahvol bilan tanishtirish maqsadida va shu O‘zbek mediasidagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida tuzildi. Dasturlar qirg‘iz, o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Boshida buni tashkil etish, kadrlarni topish juda ham qiyin kechdi. 2010 yildagi voqealardan keyin bir-biriga toqat qiladigan jurnalistlarni topish va ularni bu yerda ishlashga shakllantirish, bahg‘ikenglik ruhida tarbiyalash va har bir beriladigan dasturlarni ham mana shu ruhga- intimoqqa (do‘stlik, birodarlikka) ko‘nikuvchi jurnalistlarni, ko‘rsatuvlarni tayyorlash juda qiyin bo‘ldi. Jurnalistlarning bir-biri bilan kelishishi ham oson kechmadi. Va boshqa, tashqaridagi insonlarning bunga bo‘lgan munosabati ham hali hanuz juda ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Albatta har xil inson bor. Kimdir buni to‘g‘ri qabul qiladi, kimdir noto‘g‘ri. Shu maqsadlarda ochildi "Intimaq". Bugungi kunda aytaylik, o‘zbek, rus, qirg‘iz tillarida axborotlar, kuy va qo‘shiqlar va boshqa sotsial-ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqyapti. Bu Qirg‘izistondagi O‘zbek tilida dasturlar tayyorlanadigan yagona kompaniya hisoblanadi. Unda televideniye, radio va web sayt mavjud. Albatta, shu o‘rinda professional jihatdan kamchiliklari bordir. Chunki bizda asosan jurnalistikani endigina boshlagan yoshlar ishlaydi. Faqatgina "Intimoq" da jurnalistikani boshlagan yoshlar bor. Lekin maqsad sari qadam qo‘yyapmiz va bu jamiyatda sezilib, bilinib turibdi deb o‘ylayman.

BBC: "Intimaq"ning tomoshabinlari, tinglovchilari qanday fikr bildirishyapti? U O‘zbek tomoshabinining ma‘naviy ehtiyojlarini qondira olyaptimi?

Davron Hotam: Albatta, bugungi kunda O‘zbek tilida berilayotgan efirlar biz o‘ylaganchalik, biz xohlaganchalik ko‘p emas. Vaqti-soati bilan bu ham ko‘payib borar, deb umid qilamiz. O‘zbek tinglovchilari albatta bundan albatta xursand. Boya aytganimdek, ba‘zi bir professional jihatdan xatolarni hisobga olmaganda, bu jamiyatga yaxshi ta‘sir qilmoqda. Boshqa bir tomondan, O‘zbek tilida efir olib borish katta bir muammoni ham yuzaga chiqarishi mumkin edi. Tashqaridan turli xil gap-so‘zlar va boshqa holatlar bo‘ldi. Lekin, hozirda o‘rganib qolishdi, deb o‘ylayman. Bu muammoni ortda qoldirib chiqdik. Har bir millat vakillari bu narsaga ko‘ndi va qulog‘i o‘rgandi.

Shuhrat, Xorazm: Qirg‘izistondagi O‘zbeklar uchun nima muhim? Yoshlar nima bilan bandlar?

Davron Hotam: Rahmat do‘stimizga savol uchun. Bilmadim men jurnalist sifatida yoki shoir sifatida Qirg‘izistondagi butun O‘zbeklar haqida biror bir fikr bildirishim nojoyiz bo‘lsa kerak. Lekin o‘zimning o‘ylarimni aytishim mumkinki, Qirg‘izistondagi O‘zbeklar uchun ham bugungi kunda aslida ma‘naviyat, ilm, ta‘lim, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish muhim. Mana shu narsalar kerak bo‘lmoqda bizga. Ya‘ni kadr masalasi juda ham oqsoq. Ayni mana shu "Intimaq" uchun kadr topish juda ham qiyin bo‘lmoqda. Lekin vaziyatni ko‘radigan bo‘lsangiz, kuzatishlarim natijasida ko‘p yoshlarning eng asosiy maqsadi va qilayotgan ishi bu - pul topish, biror bir hunarni o‘rganish, mamlakatda yoki chetda ishlab pul topish, uy qurish, mashina olish, uylanish va hokazo. Mana shu holatlar ko‘proq uchramoqda. Lekin mening bir shaxsiy fikrim - men bunga qarshi bo‘lardim. Bugungi kunda chet davlatlarga albatta chiqish kerak, pul topish kerak. Men bunga qarshi emasman, lekin bu madaniyatsizlik yoki ma‘naviyatdan, bilim-ilm degan narsalardan chetda turish orqali bo‘lishi kerak emas. Va yana bir toifa borki, bu dindorlar toifasi. Albatta bir diniy ilmni ham O‘zbeklar ichida ham, Qirg‘izlar ichida ham rivojlanib borayotganini va odamlar shu tomonlarga ko‘proq intilayotganini ko‘rish mumkin. Va albatta bular mening shaxsiy fikrlarim.

Abdulla, Ovro‘po: Nega o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqadi? Tinch yashash uchun, ayniqsa Qirg‘iz va O‘zbek uchun nima zarur? Universitetda o‘qib yurganimizda, jalolobodlik kursdoshimiz "biz xohlagan gapimizni ayta olamiz", derdi. Hozir ham shunday erkinlik bormi?

Davron Hotam: Eng avvalo, tinch yashash uchun nima kerak? Bilasizmi, 2010 yil voqealaridan bir-ikki oy o‘tgach, men vaqti kelib, bir-ikki yil ichida O‘shda yana mana shunday ko‘chaga chiqib yurish mumkinligi, yana O‘shda bozorlar gavjum bo‘lishi va yana qurilishlar bo‘lishi, yana to‘ylar bo‘lishi mumkinligini, to‘g‘risi, tasavvur qila olmagandim. Juda ham og‘ir bir vaziyat va juda uzoqqa cho‘ziluvchi inqiroz paydo bo‘lishi mumkin ekanligini o‘ylagandim. Lekin baxtga yarasha, Xudoga shukrki, bunday bo‘lmadi. Bu nimani ko‘rsatadi? Men bugun ish joyimda yoki ko‘chada bir Qirg‘iz millati yoki boshqa millat vakili bilan salom-alik qilayotgan ekanman, bunda bir soxtakorlik yo‘q ekan va u bilan bemalol nafas olib, ishlayotgan ekanman yoki u menga toqat qila olayotgan ekan, demak bir narsaga amin bo‘lish kerakki, bo‘lib o‘tgan voqealarda O‘zbek va Qirg‘iz millati bir-birini yomon ko‘rishi yoki gina-adovatni emas, qaysidir bir muammolardan, sotsial va siyosiy va boshqa bir status-maqomlarni aniqlashdagi davlat miqyosida bo‘ladimi yoki boshqa bir miqyosdagi to‘planib qolgan muammolarni sabab qilgan boshqa bir insonlarning gij-gijlashi va ularning bir stsenariysi asosida bo‘lganligi va bu urush soxta bir tarzda chiqarilganini ishonch bilan aytish mumkin, deb o‘ylayman. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Agarda bunday bo‘lmaganda edi, haligacha biz bir Qirg‘iz birodarimiz bilan osh yeb o‘tirmagan bo‘lardik bir yerda. Va ular ham bizga toqat qilolmagan bo‘lardi. Shu sababdan, men o‘ylaymanki, nizo bo‘lmasligi uchun birinchi navbatda davlat, Qirg‘iziston hukumati bu narsani o‘z bo‘yniga olishi kerak. Har qanday muammo, har qanday tartibsizliklar, boshqa narsalar davlatning yutug‘i yoki davlatning kamchiligi bo‘lib hisoblanadi. Davlat buning mas‘uliyatini bo‘yniga olishi kerak. Ikkinchidan, har bir muammoning, kamchiliklarni o‘z yerida hal qilishga harakat qilish kerak va erkin fikr bildira olish, muammoni ochiq ko‘rsata olish, undan tashqari ommaviy axborot vositalari ana shunday yolg‘on ma‘lumotlarni tarqatib, turli insonlar orasiga nizo solishi, yomon narsalarga tashviqot qilmasligi kerak. Bugungi kunda, ayrim mavzularni ko‘tarish davlat yoki ba‘zi bir organlar tomonidan taqiqlanmagan bo‘lsada, inson o‘zining ichki bir tsenzurasi bilan shundan bir foyda topib bo‘lmasligini his qilishi yoki buni aytgan bilan muammo hal bo‘lmaligini his qilishi yoki bilmadim, qo‘rquv yoki boshqa sabablar bilan mavzularni yopiq holda qoldirmasangiz, umuman siyosat, hukumat rahbarlari, parlament haqida, prezident haqida istagancha erkin fikr bildirish huquqiga egasiz. Qirg‘izistonda hozir ham shunday imkoniyat, vaziyat bor.

Zebo, Turkiya: O‘zbek maktablari, darsliklari va O‘zbek tilida test topshirish muammolari haqida ko‘p o‘qiymiz. Haqiqiy vaziyat qanday o‘zi? O‘zbeklarning o‘zlari qanday fikrdalar? Qanday cheklovlar bor bunda?

Davron Hotam: Birinchi navbatda aytish kerakki, chindan ham ayniqsa, 2010 yildan keyin go‘yoki, bir siyosiy vaziyat, hayot o‘zgargandek. Go‘yoki yangi bir davr kelgandek juda ko‘p narsalarga ta‘sirini ko‘rsatdi. Shu jumladan, 2010 yildan keyin Qirg‘izistonda davlat tiliga bo‘lgan munosabatni o‘zgarishi va Qirg‘iz tilini oliyroq maqomga ko‘tarish masalasi olib chiqildi. Bunga bir respublika, davlat sifatida xaqqi bor, albatta. Lekin ayrim tushunmagan insonlar tomonidan boshqa bir tillarga cheklov berish kabi harakatlarni ko‘rish yoki hamma Qirg‘iz tilida gapirishi kerak, degan harakatlarni kuzatdik. Hamma Qirg‘iz tilida o‘ylashi kerak, kabi gaplar. Lekin aqlli insonlar bor Qirg‘izistonda ham. Har bir inson, har bir millat o‘z tilini saqlashga haqli ekanini biladigan rahbarlar ham bor. Shuningdek, Qirg‘iz tilida bir maqol bor - "Millat bo‘lsang, tiling bilan millatsan", deydi. Va O‘zbek ham, Uyg‘ur yoki Tatar ham, har bir inson, har bir millat ham bu maqolni o‘ziga shior qilishi mumkin. O‘zbek ham millat bo‘ladigan bo‘lsa o‘zining tili bilan millat bo‘ladi. Boshqa til bilan hech qachon millat bo‘lmaydi. Qirg‘iz tilini, davlat tilini hurmat qilish, undan foydalanish endi bu boshqa masala. Endi mana shu ishlar soyasida shunday insonlar chiqdiki, O‘zbek maktablarini Qirg‘iz maktablariga aylantirish haqida takliflar bilan. Har holda bizga shunday ma‘lumotlar keldi. Mana shu maktab, mana shu tuman o‘qituvchilari, direktorlari yoki ota-onalar maktabni Qirg‘iz tilida ta‘lim beriluvchi maktabga o‘zgartirish taklifini bizga berishmoqda, shunga endi bu bir ichki siyosat orqali, bir ichki tashviqot orqali yuzaga kelganmi yoki rostdan ham ota-onalar, o‘qituvchilar shu narsani xohladimi, bunisi hozircha qorong‘u. Lekin nima bo‘lganda ham, mana shu ota-onalar, maktab direktorlarining iltimosi bilan juda ko‘p O‘zbek maktablari Qirg‘iz tilida o‘qitiladigan maktablarga aylantirildi. Ota-onalar ham ayrim davlat yig‘ilishlarida farzandlarini Qirg‘iz tilida o‘qitmoqchi bo‘layotganlari haqida aytishmoqda. Va ishonasizmi, bugun O‘sh shahrida birorta ham sof O‘zbek tilida o‘qitiladigan maktab qolmagan. Ular ham O‘zbek-Rus yoki O‘zbek-Qirg‘iz tilli aralash maktablarga aylanib ketdi. Buni yaxshi yoki yomon ekanini albatta vaqt ko‘rsatadi. Shu bilan birga O‘zbek tilidagi umumrespublika testlari ham bir necha bor bekor qilindi, bir necha bor qayta tiklandi. Bu yil ham shunday bo‘ldi. O‘zbek tilida umumrespublika testi olinmadi. Bunga sabab qilib, O‘zbek tili maktabi yo‘qligi, ikkinchidan O‘zbek tilida imtihon topshiruvchi o‘quvchilarning mo‘ljaldagidan yetarli emasligi, bunga sarflanadigan chiqimlar ko‘rsatildi. Albatta bu ta‘sirini ko‘rsatmay qolmayapti. O‘zbek tilida o‘qigan o‘quvchi Qirg‘iz tilidagi atamalarni, maxsus so‘zlarni tushunmay qolishi natijasida ularning ballari keskin tushib ketgani haqida ma‘lumotlar bor. Xullas shunday vaziyat yuzaga kelyapti, O‘zbek millatdoshlarimiz buni o‘zlari taklif qilayotganlarini aytishyapti. Lekin bunga qarshi chiqib, O‘zbek tili bunaqada yo‘qolib ketadi, degan savollar ham yuzaga kelmoqda. Va shunday bir avlod ham yetishib chiqdi. Millati O‘zbek, lekin O‘zbek tilida salom-alikdan boshqa gaplasha olmaydi yoki adabiyroq so‘z bo‘lsa uni tushunmaydi. Buning ortidan nima yuzaga kelishi mumkin? Bu inson ertaga Navoiyni qo‘ying, boshqasini qo‘ying, hamshahri Shavkat Rahmonning she‘rlarini tushuna olmaydi. Buning uchun alohida bir lug‘at olib, o‘qishi kerak bo‘ladi. Ya‘ni ma‘naviyat yo‘q bo‘ladi, O‘zbek zehniyati yo‘qolib ketish xavfi bor. O‘ylaymanki, bu masalalar ham bizning hukumat rahbarlarini o‘ylantiradi va oxir-oqibat bir ijobiy qarorlar qabul qilinadi degan umiddaman. Tushkunlikka tushmaslik kerak.

BBC: Shunday xabarlar ham chiqqandi, o‘zbeklar ish topish, o‘qishga kirish bo‘yicha muammolar bo‘lmasligi uchun farzandlarini rus tilidagi maktablarga berayotgani haqida. Bu borada vaziyat qanday?

Davron Hotam: Albatta rus tilidagi maktablarga ko‘p talab bo‘lyapti. Qirg‘izlar ham, o‘zbeklar ham ko‘proq rus maktablarida o‘qitishni istashyapti. Buning eng asosiy sababi sifatida mehnat muhojirligini olishmoqda. Ya‘ni til bilsa, chet elga chiqib ishlashi mumkin deb. Shu bilan birga, ko‘p bo‘lmasa ham Rossiyada va chet ellarda o‘qiydigan insonlar ham yo‘q emas. Hamma faqat pul topishga o‘tirib olgan desak ham bo‘lmaydi. Lekin rus tilidan dars beruvchi malakali o‘qituvchilar juda kam.

Dildora, Toshkent: Siz qachon she‘r yozasiz, nimadan ilhomlanasiz?

Davron Hotam: She‘r yozishning bir vaqti yo‘q. Albatta bir ichingizga tushgan dard bir shakllanib, chiqmasa bo‘lmaydigan bir holat bo‘lib, aytmaslikning iloji bo‘lmagan vaqtda she‘r yoziladi. Balki shu sababdir, she‘rlarimning soni kam. Hayotdagi, atrofdagi narsalardan ta‘sirlanish ham she‘rning tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Yana bir tomoni, ko‘proq o‘zimni taftish qilishga harakat qilaman. She‘rlarim ham shu ichki taftish qilish jarayonlari haqida.

Tobora ichkari tortadi hayot,

Tobora chigaldir rishtalar. Avjidan ajralib boradi bayot, Tobora ichingni it talar. Mumkinlar qarigan orzular, Sotqindir har o‘tgan onlaring. Ko‘lmakda yarmi yo‘q oy suzar, Tobora kechikar tonglaring. Tobora atrofing huvillar, O‘zingni yo‘qotib qo‘yasan. Bo‘shliqlar bo‘ridek uvillar, kimgadir ehtiyoj tuyasan.

tobora,

tobora,

tobora...

Davron Hotam: Qirg‘izistondagi bugungi O‘zbeklarning hayotiga qiziqib, befarq bo‘lmagan barcha-barchaga rahmat! Qayerda bo‘lmasin, nima qilayotganimizdan qat‘iy nazar, barcha o‘zbeklar, barcha turkiylar bir ekanligimizni unutmasak va yaxshi kunlar umidlari hech qachon uzilmasligini, birgalikda ma‘naviyatimizni yuksaltirishni tilab qolaman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.