Feruza Jumaniyozova Tojikistonga chiqarilmadi

Image caption Jumaniyozova va Quttuzov "Ishqi" dueti bilan yana ko‘proq muxlis orttirganlar

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Feruza Jumaniyozovaga avvaldan rejalashtirilgan kontsertida kuylash uchun Tojikistonga chiqishga ruxsat berilmagan. Bu haqda Tojikistonning TojNews agentligi xabar tarqatdi.

30 yoshli xorazmlik qo‘shiqchi Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahrida 7 iyun kuni taniqli mahalliy hamkasbi Daler Quttuzov bilan kontsert berishi mo‘ljallangandi.

So‘g‘d viloyatida o‘zbeklar ko‘plab istiqomat qilishadi va O‘zbek xonandalari ular orasida azaldan mashhur bo‘lib kelgan.

Xo‘jand bo‘ylab osilgan bilbordlarda bu tadbir haqida e‘lon qilingan edi.

"Uning barcha hujjatlarini mutasaddi idoralar olib qo‘yishgani uchun Feruza kontsertda ishtirok etish uchun kela olmaydi. O‘zbekiston rahbariyati uning Tojikistonga chiqishini man qilgan", - deb aytgan TojNews agentligi manbasi.

Xabarda aytilishicha, kontsert boshlanishidan avval Jumaniyozova xonim Xo‘janddagi muxlislari bilan bog‘lanib, tadbirda ishtirok eta olmasligi uchun kechirim so‘ragan.

Ayni damda o‘zbek shou biznesini yoritishga ixtisoslashgan shov-shuv.uz xabar agentligi yozishicha, uzoq taqiqdan so‘ng O‘zbekistonda radio va TVda kliplar namoyish etish, gastrol va kontsertlarda ishtirok etish huquqini beradigan litsenziyani o‘tgan avgust oyida qo‘lga kiritgan Feruza Jumaniyozova yana taqiqga uchragan.

Image caption Feruza Jumaniyozova Isroilda o‘tgan yili kontsert bergan

"Negadir, "omad qushi" Jumaniyozova boshida uzoq tura olmadi. Xonanda litsenziyasini qaytarib olganida quvonch ko‘zyoshi to‘kib, vaziyatdan unumli foydalanib, yangi kliplarini darhol TVga yetkazdi. Biroq, bugungi ma‘lumotlar esa uzoq kutilgan xushkayfiyatni yana qayg‘uga botirdi", - deb yozdi maqola muallifi Jasur Hamroyev qo‘shiqchining litsenziyasi yana tugatilgani haqida xabar bera turib.

Unga ko‘ra, Jumaniyozova xonim "O‘zbeknavo" estrada birlashmasini ogohlantirmay, Isroilga gastrol safarini uyushtirgani uchun birlashma o‘zi bergan AJ-3937-raqamli litsenziyani 2014 yil 3 iyundan bekor qilgan.

Feruza Jumaniyozova bir necha yildan beri O‘zbekistonda kontsertlari taqiqlangan Yulduz Usmonova, Sherali Jo‘rayev, Ozoda Nursaidova kabi qo‘shiqchilar tushgan "qora ro‘yxat"da edi.

Shou biznes tahlilchisi Jasur Hamroyevga ko‘ra, uning ta‘birida, bu voqea "pisib-pisib" xorijga yashirincha borib-kelayotganlar va shu istagidagilar uchun yaxshigina saboq bo‘lsa, "nur ustiga a‘lo nur".

Biroq, qo‘shiqchilarning o‘zlari "O‘zbeknavo" birlashmasini ijod va san‘atni bo‘g‘ishda ayblashadi. BBC bilan suhbatda DJ Piligrim taxallusi ostida ijod qiluvchi Ilhom Yo‘lchiyev qo‘shiqchilarni taqiqlash tajribasini "be‘manilik" deb atagan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

Your contact details
Disclaimer