"O‘sh voqealari takrorlanmasligi uchun demokratiya va farovonlik bo‘lishi kerak"

Image copyright Storyscape

Qirg‘iziston janubidagi etnik to‘qnashuvlardan to‘rt yil o‘tib, qirg‘iz hukumati bu fojiadan saboq chiqarishda davom etmoqda. O‘sh va Jalolobod voqealarining navbatdagi sanasi arafasida Prezident Atambayev ana shunday bayonot bergan.

Unga ko‘ra, bu kabi voqealarning takrorlanmasligi uchun eng yaxshi kafolat iqtisodiy farovonlik va demokratiyadir.

2010 yilning 10 iyun kuni boshlangan to‘qnashuvlarda 400 dan ortiq odam halok bo‘lgan, mingdan ortiq odamlar yaralangan. Qurbonlar va keyinroq jazoga tortilganlarning aksariyati o‘zbeklardir.

BBC o‘shlik jurnalist Shohrux Soipovdan O‘shdagi vaziyat va odamlarning kayfiyatlari haqida so‘radi.

Soipov: 2010 yilda bo‘lib o‘tgan qonli voqelardan to‘rt yil keyingi O‘shdagi vaziyat nisbatan yaxshi deb aytsak bo‘ladi. Shaharda asosiy ikki millat, qirg‘iz va o‘zbek millati bir-birlari bilan kundalik tirikchiligini o‘tkazmoqdalar. Ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda avvalgidek aralashib birga yurganlarini ko‘rsangiz bo‘ladi. Ertaga iyun voqeasining to‘rt yilligiga bag‘ishlanib, mahalliy miqyosda turli tadbirlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Lekin, yuqori lavozimli rasmiylar: prezident yoki bosh vazir ishtirokida biron-bir tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilmagan.

BBC: Qonli voqeaga aloqador deb aytilayotgan sobiq shahar hokimi Melis Miraqmatovdan keyingi vaziyat qanday?

Soipov: Haqiqatan, o‘tgan uch yil oraliqda shahardagi deyarli har bir o‘zgarish sobiq hokim Melis Miraqmatovning nomi bilan bog‘lantirilgan edi. O‘zbeklarning noqonuniy qo‘lga olinishi, ularga bo‘layotgan bosimlar deymizmi, bir so‘z bilan aytganda, o‘zining millatchilik chiqishlari bilan tanilgan Mirzaqmatov nomi siyosiylashtirilgan edi. Hozir esa unday emas. Yangi hokim Aytmamat Qadirbayevning nomi deryali hech qayerda tilga olinmaydi. Shaharning ijtimoiy hayoti o‘z yo‘nalishida, har bir ishxona, muassasa o‘z yo‘nalishida ishlayapti. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak.

BBC: Siz bozor haqida ham gapirib o‘tdingiz, voqeadan so‘ng o‘zbek tadbirkorlaridan tortib olingan bizneslar o‘z egalariga qaytarilganmi?

Soipov: Voqeadan so‘ng ko‘p o‘zbek ziyolilari, ular qatorida biznesmenlar ham vatanni tark etgandilar. Lekin, ma‘lum vaqt o‘tganidan keyin, biznesmenlarning aksariyati qaytib kelib, avvalgi ishlarini davom ettirmoqdalar. Albatta, tortib olingan hamma bizneslar ham qaytarilmagan. Yuz foizdan yarmi, ya‘ni 50 foizi qaytarilgan desak ham bo‘ladi.

BBC: Voqeada jabrlangan, vafot etganlarning yaqinlari adolat tiklandi deb hisoblaydilarmi?

Soipov: Yaqinlarini yo‘qotgan yoki voqeadan qandaydir bir talofat ko‘rganlar nomidan gapirish, ularning ichki his tuyg‘usini, alamini sezish qiyinroq bo‘ladi. Adolat tiklandimi degan savolga ikki tarafning ko‘z qarashi bilan javob berish mumkin. Birinchisi, jabrlangan qirg‘iz milllatidagi insonlar. Ular aytadilarki, "turli ayblovlar bilan hozirgi kunda qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbeklar bundan ham oliyroq jazoga hukm etilishi kerak edi" deydilar. Ikkinchi jabrlangan taraf, ya‘ni o‘zbeklarning aksariyati esa, "bu bizga Allohdan kelgan balo" deya o‘zlarini ovuntiradilar. Vafot etganlarga Qur‘on tilovot, duo qilish bilan cheklanadilar. Sababi, hali hanuz voqeada o‘lgan bironta o‘zbek bo‘yicha jinoiy ish ochilmagan. Umumiy qilib aytganda, qonli voqea yaralari hali bitganicha yo‘q.

BBC: Iyun voqeasi bo‘yicha hozirgi kunda ham noqonuniy qo‘lga olishlar davom etayaptimi? Umuman, voqea yuzasidan ochilgan jinoiy ishlar yakuniga yetganmi?

Soipov: Hozirgi kunda iyun voqeasi bo‘yicha yangi jinoiy ish ochilmayapti. Avval ochilganlarning orasida yakuniga yetmaganlari bor. Bir necha sud jarayonlari bo‘lib, qayta ko‘rilib chiqayotgan ishlar bor. Shundaylardan biri, bir oy avval Dilmurod Haydarov degan insonning ishi yakuniga yetib, u ozodlikka chiqdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

Your contact details
Disclaimer