O‘shlik shoir Mug‘anniy olamdan o‘tgan

O‘sh O‘zbek adabiyoti namoyandalaridan biri G‘anijon Xolmatov (Mug‘anniy) uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 66 yoshida olamdan o‘tgan.

G‘anijon Xolmatov 1949 yil 5 fevralda O‘shda tug‘ilgan.

1966 yili Toshkentdagi A. Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik san‘ati institutida o‘qigan.

So‘ngra ona yurtiga qaytib, 1970 yildan 2007 yilgacha Bobur nomidagi O‘sh o‘zbek musiqali drama teatrida aktyor va bosh rejissyor bo‘lib ishlagan.

G‘anijon Xolmatov nafaqat O‘sh O‘zbek adabiy muhitida, balki butun O‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga va so‘ziga ega ijodkor inson edi.

Mug‘anniy uzoq yillar Qirg‘izistonda adabiy ahli orasida mashhur "Ilhom" klubida yoshlarga ustozlik qilgan, ko‘plab iste‘dodli yoshlarga yo‘l ko‘rsatgan.

Mug‘anniyning "Sen ketding asta-asta", "Qazo darslari", "Yuz pora dil", "Suyanganim tor bo‘ldi" kabi kabi kitoblari chop etilgan.

Shogirlarining aytishicha, Mug‘anniyning "Yuz pora dil" to‘plamining uchinchi kitobi shu kunlarda nashrdan chiqishi kerak.

Mug‘anniyning ko‘plab she‘rlari qo‘shiq qilib aytilgan. Ular orasida Sherali Jo‘rayev, Muhriddin Xoliqov, Oxunjon Madaliyev, Muhammadkarim Soipov, Dilorom Soipovalar aytgan qo‘shiqlar ayniqsa mashhur bo‘lgan.

BBC shoir Mug‘anniy bilan bir necha bor suhbatlashishga muyassar bo‘lgan, jumladan shoir 2008 yilgi suhbatida shunday deb aytgan edi:

"Eslasa bo‘ladigan damlarimiz ancha ko‘p. Va ko‘p qirrali ekanligidan ba‘zida xursand bo‘laman, ba‘zida o‘ksinaman. Go‘yoki, birato‘la buyuk bir hofiz, yoki buyuk bir rejissyor yoki buyuk bir shoir, bir tomonni ushlagan bir qirrali shaxs bo‘lganimizda balki yana ham yaxshi bo‘larmidi, deb o‘ylab qolaman-u, lekin shu hayotimning o‘ziga Xudoga shukur qilamanki, meni ko‘p qirrali bir ijodkor sifatida shakllantirgan Allohga shukur qilaman".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

G‘ulomjon Xolmatov ertaga, 9 iyun kuni O‘shda dafn etiladi.

BBC O‘zbek xizmati G‘anijon Xolmatov (Mug‘anniy)ning vafoti munosabati bilan shoirning oila a‘zolariga chuqur ta‘ziya izhor etadi.

Mug‘anniy ijodidan

Izlaydi

Mahshar tuni karvonlar sarbonini izlaydi, Darvozasi tillodan darbonini izlaydi.

Nechuk yorni izlamay, topolmasam bo‘zlamay, Tashlab ketgan beglar ham sultonini izlaydi.

Hayratlarim tutolmay, tikon simdan o‘tolmay, Temur bobo besh pora Turonini izlaydi.

Ulug‘bek yulduztarosh, yelkasida oltin bosh, Padarkushlar boqmagan osmonini izlaydi.

Mashrab dorin izlaydi, kuygan orin izlaydi, Hayyom mayin topolmay, xumdonini izlaydi.

Majnun hushin topganmi, ko‘rgan tushin topganmi, Layliga hush boqmaydi, chandonini izlaydi.

Hech ishga ajablanma, behuda azoblanma, Ellik yillik yoring ham armonini izlaydi.

Hamon ahli donolar, har so‘zi ming ma‘nolar, Hikmat suvi qaynagan qumg‘onini izlaydi.

Suyakfurush qassoblar, sudxo‘r, o‘g‘ri kazzoblar, Haq hukmidan qutilmoq imkonini izlaydi.

Tavba qabul bo‘lmaydi, hech kim qayta o‘lmaydi, Minnat ahli topilmas ehsonini izlaydi.

Tangriga arz etgali, zolimni qarz etgali, Dindor do‘stim o‘tirgan zindonini izlaydi.

Zolim shohni kuylagan, muzdiga pul chiylagan - Shoir og‘am yo‘qolgan iymonini izlaydi.

Mahsharda ham tiyilmas, vijdoniga chiy ilmas - Mug‘anniy yozolmagan dostonini izlaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.