Tojmahalning sarg‘aygan oq marmari yana tozalanadi

Hindistonda Boburiylar bunyod qilgan dunyoga mashhur Tojmahal yodgorligida paydo bo‘lgan sarg‘ish dog‘lar to‘rtinchi bor maxsus loy bilan tozalanadi.

Arxeologlarga ko‘ra, o‘tkaziladigan amal yodgorlikning oq marmari tabiiy shu‘lasi va rangini qaytarishi kerak.

17 asrda qurilgan Tojmahal devorlari oxirgi marta 2008 yilda tozalangan edi.

Toj Mahal Hindistonning shimoliy Uttar-Pradesh shtatida, Yamna daryosi qirg‘og‘ida joylashgan.

Yodgorlik 1653 yil boburiy Shohjahon tomonidan uning sevimli xotini Mumtoz Mahalga atab qurdirilgan.

Tojmahalning murakkab arxitekturasi- oq marmardan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan gumbaz va minoralari Hindistonda Boburiylar san‘atining eng go‘zal namunasi hisoblanadi.

Har yili millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan Tojmahal 1983 yilda UNESCO tomonidan xalqaro meros namunasi deb tan olingan.

Sanoatlashgan Agra shahrida atrof-muhitning ifloslanishi va shovqin tufayli Tojmahal o‘z jilvakor rangini yo‘qotib borayotganligi Hindiston arxiologiya xizmatini xavotirga soladi, deb aytgan ushbu idora vakili janob Bxatnagor.

Uning aytishicha, Kimyo fakultetida Tojmahalni tozalaydigan kimyoviy modda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan.

Kimyoviy modda tarkibida hind ayollari pardozida ishlatiladigan an‘anaviy vositalar bo‘ladi va u tabiiy chiroyni qaytarishga yordam beradi deb ishoniladi.

Bxatnigorga ko‘ra, tozalovchi moddadan iborat loy yodgorlikning zararlangan qismiga surtiladi va bir kecha qoldiriladi.

Tozalovchi modda qurigach, yumshoq vositalar bilan ajratib olinadi va toza maxsus suv bilan artiladi.

Tojmahalning oq marmarlari 1994, 2001 va 2008 yillarda shu tariqa tozalangan.

Sayyohlar oqimiga xalaqit qilmaslik uchun tozalash amaliyoti olti oy davomida o‘tkaziladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.