BBC mehmoni - Burhon Qovunchiga savol yo‘llang

Image copyright none

Burhon Qovunchi - Turkiyadagi taniqli jamoat arbobi, Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyatining Raisi.

Burhon Qovunchi 1954 yilda Turkiyaning Usmoniya viloyatida o‘zbek muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Otasi Hamid Qovunchi asli Namanganlik, o‘qituvchi va huquqshunoslik bilan shug‘ullangan, onasi Oyxon opa asli Qo‘qonlik bo‘lishgan.

Burhon Qovunchining ota-bobolari ruslarning zulmidan qochib, avval Afg‘onistonga, keyin esa Turkiyaga kelib joylashishgan. Ona tarafidan bobosi Nasrulloh Yassa Turkistonda sovet ishg‘oliga qarshi qurolli kurash olib borgan bosmachilar safida o‘rin olgan. Bu tufayli 8 yil Sibirda qamoq jazosini o‘tagan.

Burhon Qovunchi o‘rta maktabni bitirgandan keyin Anqara Hojattepa universiteti Statistika bo‘limida o‘qigan. Talabalik yillaridan boshlab Turk millatchilari yoshlar bo‘limining "Ulku o‘choqlari"da Rais yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

U 1980 yil Turkiyada muhofazakor va kommunistlar orasida kechgan to‘qnashuvlarda millatchi guruhlar safida faol qatnashadi va buning uchun 3 yil qamoq jazosi oladi.

Burhon Qovunchi qamoqdan ozod bo‘lgach - 1990 va 1995 yillar orasida "Er yuzi" jurnalining Bosh muharriri sifatida faoliyat olib borgan va ijtimoiy-siyosiy, Islom mavzularda qator maqolalar yozgan.

1991 yil hozirda Turkiyada mashhur bo‘lgan "Mazlumder" nomli inson haqlarini himoya qilish jamiyati muassislaridan biri bo‘lgan.

1996 yilda esa, "O‘zgurder" jamiyatiga asos solgan. 2007 va 2011 yillarda ushbu jamiyat rahbarlaridan biri sifatida ishlagan.

Markaziy Osiyodagi turkiy jumhuriyatlar mustaqil bo‘lgandan keyin Burhon Qovunchi Turkiyaga ushbu mamlakatlardan kelgan muhojirlarga yordam ko‘rsata boshlagan.

2013 yilda Turkiyadagi Turkistonlik faollar bilan birga Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyatini tuzgan (web sayti: www.turkistanlilar.org) va hozirgi kunda ushbu jamiyatning raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Ushbu jamiyat shu yilning aprel oyida Xalqaro Turkistonliklar qurultoyini o‘tkazdi. Hozirgi kunda O‘rta Osiyo davlatlaridan o‘n minglarcha muhojirlar Turkiyaga kelib o‘rnashishgan. Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati ushbu muhojirlarga ilmiy, ma‘rifiy, ijtimoiy va huquqiy sohalarda yordam berish bilan shug‘ullanadi.

BBC mehmoniga savollaringizni uzbek@bbc.co.uk ga jo‘natishingiz, yo-da quyidagi forma orqali bbcuzbek.com ga yo‘llashingiz mumkin.

Burhon Qovunchi bilan Sizning savollaringiz asosidagi suhbatimizni shanba va yakshanba kunlari "Daraklar" dasturimizda tinglay olasiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002