"O‘zbek rasmiysining imeyli boshqa mamlakatda bo‘lishi uyatli"

O‘zbekiston rasmiylari barcha davlat idoralarining elektron pochtalari Umail.uz hududida bo‘lishi lozim, degan xabarlar yuzasidan izoh bermayaptilar, biroq ushbu qadam shundoq ham Internet ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan O‘zbekistonning tashqi dunyodan ixotalanish yo‘lidagi yana bir qadami sifatida talqin etilmoqda.

Biroq har bir mamlakatning idora-tashkiloti shu mamlakatdagi elektron pochta qutilariga ega bo‘lgani ma‘qul, degan fikr ham bildirilmoqda.

Shu kecha-kunduzda O‘zbekiston o‘zining Umail.uz elektron pochta qutisini ochganiga roppa-rosa 1 yil to‘ldi.

Hozir bu elektron makonda qariyb 60 ming kishi emeyl ochgan.

Qator Internet nashrlarining O‘zbek rasmiylariga tayanib xabar tarqatishicha, hukumatning shu kunlarda bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekistondagi barcha rasmiy idora-tashkilotlarning elektron pochta qutisini Umail.uzga o‘tkazishni tezlashtirish buyrug‘i berilgan.

O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligi barcha universitet va kollejlarning elektron pochtasi manzillarini Uzbekmail.uzga o‘tkazishni iyun oyining o‘rtasigacha tugatishga va‘da bergani haqida xabar qilinmoqda.

O‘zbek mulozimlari fikricha, barcha rasmiy yozishmalar Gmail, Yahoo, Yandex, Rambler yoki Mail.ruda emas, Umail.uzda olib borilgani afzal.

Ushbu qadam O‘zbekistondagi "Muloqot" va "Bambu" loyihalari singari O‘zbek rasmiylarining Internet ustidan nazorat o‘rnatishga intilish harakati sifatida ko‘rilmoqda.

"Muloqot.uz" Facebookning, "Bambu" esa Twitterning o‘zbekchasi deb ko‘rilgan.

Umail.uz O‘zbekistondagi davlat nazoratidagi UZINFOCOM markazi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.

Markazning yetakchi mutaxassisi Yevgeniy Sklyarevskiy, "barcha davlat idora-tashkilotlari Umail.uzda elektron pochta qutisi ochsin", degan buyruqdan xabarim yo‘q, lekin shunday qilinsa, tashqi traffik o‘rniga O‘zbekistonning ichki Internet traffigidan foydalanilardi", deydi.

"Bu O‘zbekistonning Internetni yanada ko‘proq nazorat qilish, tashqi dunyodan ixotalanish qadami sifatida ko‘rilayapti. Siz bunga nima deysiz", deb so‘radik Yevgeniy Sklyarevskiydan.

"Bu tabiiy narsa. Mana Rossiyada ham o‘zlarining serverlari Facebook, Twitterga bog‘lanmagan bo‘lsin, deb talab qilishayapti. Bu ixotalanish emas. Misol uchun O‘zbekistondagi kishi menga Gmail yoki Mail.rudan xat yuborsa, bu xat bir marta tashqariga chiqadi, bir marta O‘zbekiston ichkarisiga kiradi. Shu yo‘l bilan tashqi Internet traffigini to‘ldiradi. Agar TAS-IX ichida bo‘lganida bir zumda yetib kelardi. Mana hozir ayrim rasmiy lavozimni egallab turgan kishilar menga o‘zining vizit kartochkasini beradi, emeyli Mail.ru yoki boshqa bir mamlakatning elektron pochta qutisida. Masalan, men o‘zbekistonlik rasmiy kishining elektron pochtasi chet elda bo‘lishini uyatli, deb hisoblayman", deydi UZINFOCOM vakili Yevgeniy Sklyarevskiy.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.