Afg‘onistonda yana NATO askarlari qurbon bo‘ldi

Image copyright bbc

Afg‘oniston janubida besh nafar NATO askari qurbon bo‘lgan.

Bu haqda NATO boshchiligidagi kuchlar mulozimlari ma‘lum qilishgan.

Xalqaro Xavfsizlik kuchlari (ISAF) hodisa Dushanba kuni ro‘y berganini aytgan, ammo biror bir tafsilotlarni oshkor etgani yo‘q.

Afg‘onistondagi NATO boshchiligidagi qo‘shinlarda 50 mamlakatning askarlari bor.

2014 yil yakunida NATO boshchiligidagi qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etish tadorigida ekan, Tolibon jangarilari o‘z hujumlarini jadallashtirishgan.

Mamlakat janubidagi qo‘shinlarning aksariyati amerikaliklar, ammo NATO so‘nggi hodisada qurbon bo‘lganlarning millatini oshkor etgani yo‘q.

Janubiy Afg‘oniston Toliblar harakatining yuragi sanaladi, aynan shu bo‘lgada isyonkorlar NATO kuchlariga tez-tez hujum qiladilar.

Yil boshidan beri NATO boshchiligidagi kuchlarning o‘ttizdan ortiq harbiylari qurbon bo‘lishgan.

So‘nggi hodisa esa bu yil NATO talofatlarining orasida eng halokatlisidir.

Afg‘onistonda prezidentlik saylovlarining ikkinchi davrasiga ham sanoqli kunlar qolmoqda.

Toliblar bu saylovlarga qarshi bo‘lib, jarayon va ishtirokchilarni muqaddam bir necha marta nishonga olgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.