Qirg‘iz prezidenti: "Millatni bo‘lishni istayotganlar hali ham bor"

Image caption O‘shda qonli voqealarni xotirlab marosimlar bo‘lib o‘tmoqda

Qirg‘iziston janubida 2010 yil 10 iyunida boshlangan qonli etnik zo‘ravonliklarning 4 yillik sanasiga bag‘ishlab chiqargan bayonotida Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev hali ham mamlakatni viloyatlarga, millatni esa qabila va etnik guruhlarga bo‘lishni istayotgan "ko‘p odamlar" borligini aytgan.

"2010 yilda biz ba‘zilar oddiy xalqning ko‘z yoshidan o‘z siyosiy manfaatlarida foydalanganiga guvoh bo‘ldik. O‘ch oluvchilar va millatchilar dastagiga tayanib ular qudratga kelishga urindilar", - dedi qirg‘iz davlat rahbari.

Uning aytishicha, bu siyosatchilarga Qirg‘iziston kerak emas va ular xalqning taqdiri haqida qayg‘urmaydilar.

"Fojeadan foydalanib qolib, ular boshqalarning mol-mulkini tortib ola boshladilar. O‘zlarini xalqning posbonlari qilib taqdim qila turib, ular endi haqiqatni buzib ko‘rsatishmoqchi. Bu haqiqat emas! Ular yuz bergan fojeadan manfaatdor edilar. Qudratni qayta egallash va boylik yig‘ish kabi xususiy manfaatlari yo‘lida ular o‘z millati va mamlakatini sotib qo‘yishdi. Bugunga kelib buning bari ayon bo‘ldi", - dedi u.

Prezident Atambayev o‘z bayonotida etnik zo‘ravonliklardan aynan kim manfaatdor bo‘lganini aytmagan. Biroq, "qudratni qayta egallash" deya u zo‘ravonliklardan ikki oy avval Bishkekda yuz bergan inqilobda ag‘darilgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevni nazarda tutayotgan bo‘lsa ajabmas.

Image caption Atambayev qonli mojaroni to‘xtata olmagani uchun xalqaro tanqidga uchragan Roza O‘tinboyevadan prezidentlikni me‘ros qilib olgan

Janob Bakiyev 7 aprelda hukumatdan ag‘darilishi ortidan o‘z ona shahri bo‘lmish O‘shga qochgandi.

Iyun oyida O‘sh va Jalol-obod viloyatlarida yuz bergan etnik to‘qnashuvlar davrida Bakiyev lavozimga tayinlagan O‘sh hokimi Melis Mirzaqmatov o‘zini mintaqadagi millatchi va millatparvar rahbar sifatida taqdim etdi.

Human Rights Watch inson haqlarini himoya qilish tashkilotiga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli to‘qnashuvlarda 400dan oshiq odamlar halok bo‘lgan, minglab odam jarohat olgan va 2600ta xonadon vayron bo‘lgan. Qariyb 100 ming etnik o‘zbeklar qo‘shni O‘zbekistondan vaqtinchalik boshpana topganlar.

Tashkilotning hisobotiga ko‘ra, bir necha kun davomida Qirg‘iziston rahbariyati qotilliklarni to‘xtatmagan va mahalliy xalqni himoya qilish yo‘lida chora ko‘rmagan.

Totuvlik

Ammo Prezident Atambayevga ko‘ra, Qirg‘izistondagi xalqlarning sabr-toqati va sa‘y harakatlari tufayli ziddiyat bartaraf qilingan.

"Yuzlab insonlarning hayoti asrab qolindi. Qirg‘izlar o‘z uylarida o‘zbeklarni yashirishdi, o‘zbek oilalari esa qirg‘izlarga yordam berishdi. Biz mojaroning mana shu ikki etnik guruhning vakillari birga yashagan mahallalarga tarqalishini bartaraf qilishga muvaffaq bo‘ldik. Bu bizning kelajagimiz yakdillik va totuvlikda ekanining yana bir isbotidir", - dedi davlat rahbari.

Image caption O‘sh va Jalol-Obodda minglab uylar vayron bo‘lgan

Uning aytishicha, faqat Qirg‘iziston xalqining o‘zi mamlakat shimoli va janubida - O‘sh, Jalol-Obod, Issiqko‘l va Talasda tinchlik va barqarorlikni o‘rnata oladi.

"Xalq har bir uydan, har bir ko‘chadan, har bir qishloq va shahardan boshlanadi. Shuni unutmaylik", - dedi u.

Prezident Atambayev, shuningdek, qirg‘izistonliklar 2010 yil iyun fojeasini unutmasliklari va undan o‘zlari uchun saboq chiqarishlari lozimligini aytdi. "Tinchligimiz va totuvligimiz ko‘z qorachig‘idek asralishi kerak", - dedi u.

Etnik ziddiyat xavfi

Ayni damda hukumat qoshidagi etnik guruhlararo munosabatlarga mas‘ul idora rahbari Naken Kasiyev Qirg‘iziston bo‘ylab etnik mojarolar chiqishi xavfiga ega 100dan oshiq joy aniqlanganini aytgan.

Jurnalistlar bilan dushanba kuni o‘tgan uchrashuvda janob Kasiyev qishloq xo‘jaligi ishlari avjiga chiqqan mavsumda etnik mojarolar tez-tez yuz berishi va ayni damda doimiy ziddiyat nuqtalari ham mavjudligini bildirdi.

U o‘z idorasi har bir viloyatda etnik masalalar bo‘yicha bo‘limlar tashkil qilib, mahalliy xavflarni bartaraf etish yo‘lida ishlashini aytdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

Your contact details
Disclaimer